Ustozlarni xotirlab
Alloh taolo barcha yaratgan mavjudotlari ichida inson zotini aziz va mukarram qilganini bayon qilib shunday dedi: “Darxaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik” (“Isro” surasi, 70-oyat).
Islom dini inson qadrini ana shunday mukarram deb biladi. Ushbu mukarramlik esa inson vafotidan so‘ng ham saqlanib qoladi. Janobimiz Rosululloh sollallohu alayhi va sallam bir kuni sahobalar bilan o‘tirganlarida oldilaridan janoza olib o‘tildi. Shunda Payg‘ambar alayhis salom o‘rinlaridan turdilar, u kishiga ergashib sahobalar ham o‘rinlaridan turib, yo Rasulalloh, u Yahudiyning janozasi-ku, deyishdi. Shunda payg‘ambar alayhissalom: “Agar janozani ko‘rsanglar o‘rinlaringizdan turing”, - dedilar. Qadimdan ota-bobolarimiz ham yosh avlodga o‘tganlarning xotirasini yod etish, duo va yaxshiliklar bilan yo‘qlab turishda o‘rnak bo‘lishgan.
Bir odam olamdan o‘tar ekan, ortida qolgan yaqinlarining qalbidagi ayriliq dardi ham yillar o‘tib, yengillashadi. Ba'zilar esa bir necha yillardan so‘ng butunlay unut bo‘lib ketadi. Ammo shunday insonlar borki, ularning vafotidan keyingi sog‘inch vaqt o‘tishi bilan nafaqat unutilmaydi, balki kun sayin kuchayib, borgan sari chuqurlashib boradi. Shu bois ularni sog‘inch ila xotirlab, haqlariga duoi xayrlar qilib turamiz. Yurt rahbari ham o‘tgan ajdodlarimiz, alloma va fazilatli kishilarning qabrlarini ziyorat etib, haqlariga Qur'on tilovati va duolar qilib turishiga barchamiz guvohmiz. Yaqinda O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovning maqbarasini ziyorat qildi. Poytaxtdan Samarqandga birinchi prezident qabrini ziyorat va duo qilish uchun alohida safarni amalga oshirdilar. Albatta, bu amallar tahsinga loyiqdir.
Shu o‘rinda diniy sohada uzoq yillar xizmat qilgan, barchamizga ustozlik qilgan, yonma yon turib mehnat qilgan va bugun hayotiy dunyodan o‘tgan ko‘plab azizlarimizni tez-tez yodga olamiz. Ular qoldirgan ilm-ma'rifat, din yo‘lida amalga oshirgan salmoqli ishlar bugunimiz uchun ast qotayotganini his qilar ekanmiz, o‘zlarining xotiralari ham qalbimizda yangilanib turadi.
Mustabid tuzumning zulmi eng haddidan oshgan qiyin davrlarda ham mustahkam iymon, sabr-matonat bilan masjidlarda imomlik qilgan, xalqqa dinu diyonatni yetkazgan, amru ma'ruf va nahyi munkarda qoim bo‘lgan Samarqand zaminidan yetishib chiqqan zamondosh din ulamolari marhum, muftiy Usmonxon Temurxon o‘g‘li Alimov hazratlari, Mustafoqul Melikzoda, Nuriddinxon Islomov, Sultonmurod qori Xolmurodov, ustoz Shodi domla Haqberdiyev, Abdurahim domla Po‘latov kabi zabardast ustozlarning xotiralari yodimizda saqlanib qoladi. Ular tarbiyalagan shogirtlar bugungi kunda yurtimiz masjid va madrasalarida din xizmatida qoim bo‘lib kelmoqdalar. Musulmonlar xizmatida bo‘lgan, ammo yosh bu dunyodan o‘tgan Abdurahmon domla, Alijon domla, Rahmatulloh, Maqsudjon kabi domlalarimizni ham duolarimizda bot-bot yo‘qlab turaylik. Inshaalloh, bu zotlarning dinga, musulmonlarga va jamiyatga qilgan xizmatlarining barokatidan ularning nomai a'mollariga to qiyomat kuniga qadar savob yetib turajak va ibratli umrlari barchamizga namuna bo‘ladi. Ustozlar yo‘lidan borib, ilm egallash va unga xolis amal qilishda bardavom bo‘lsak, yurtimizda ahli ilmlar, xodimi shariatlar yanada ko‘payadi. Ajdodlarimiz erishgan yuksak martabalarga xalqimiz yana erishadi, inshaalloh.
Alloh taolo barcha o‘tgan ulug‘ ustozlarimizni, mehribon ota-onalarimizni rahmatiga olib, oxiratlarini obod aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakilligi
Matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 12/09/2023 15:19; Ko‘rilganligi: 598
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 14:12