USTOZLARGA EHTIROM!
Ilm ruhning ozuqasidir. Insoniyat ilm bilangina Allohni taniydi, haqiqiy saodatni qo‘lga kiritadi, uning sharofati bilan yuksaladi. Ilm esa ustozning sa'y-harakati, tinimsiz mehnati, g‘ayrati va matonati bilan egallanadi. Qur'oni karimda o‘zi egallagan ilmni boshqalarga o‘rgatgan ustozlarning sha'ni-sharafi naqadar ulug‘ligi haqida bunday marhamat qilinadi:
“…Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir” (Mujodala surasi, 11 oyat).
Xalqimiz “Ustoz otadek ulug‘” degan purma'no naqlni kundalik hayotida ko‘p bora ishlatadi. Ustoz va ota iboralarini bir-biriga bog‘liqligini turlicha ta'riflash mumkin. Shulardan biri sifatida “ota farzandni ko‘kdan yerga olib tushgan bo‘lsa, ustoz ushbu farzandni o‘zining ta'lim-tarbiyasi bilan yerdan ko‘kka olib chiqadi” desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Haqiqatan ham, “Ustoz otangdek ulug‘” deb, ajdodlarimiz bejiz aytishmagan. Chunki, ota farzandni dunyoga keltirgan bo‘lsa, ustoz unga odamiylikdan saboq bergan. Bir mashhur zotdan, nima uchun ustozingizni otangizdan ham ortiq ko‘rasiz, deb so‘rashganda: “Otam meni jismimni tarbiyalab yerga tushishimga sabab bo‘lgan, ustozim esa ruhimni tarbiyalab ko‘kka yetishimga sabab bo‘ldi” - degan ekan.
Dinimiz ta'limotiga ko‘ra o‘zgalarga ta'lim bergan kishi nafaqat dunyoda izzat hurmatda bo‘ladi, balki vafotidan keyin ham qoldirgan manfaatli ilmi, ta'lim bergan shogirdlarining xizmati, yozgan asarlaridan o‘zgalarning foydalanishi tufayli nomai amaliga savob to‘xtovsiz borib turadi. Shunday ekan, ustoz va murabbiylar har qancha e'zozlansa arziydi.
Barcha sohalarda bo‘lgani kabi diniy sohada ham ustoz-murabbiylarning o‘rni beqiyosdir. Yosh avlodda xizmat ko‘nikmalarini shakllantirishda boy ish va hayot tajribasiga ega bo‘lgan xodimlar hamda faxriylarning pand-nasihatlari alohida tahsinga sazavordir.
Shuning uchun ham borliqdagi hamma narsa ustozning haqqiga duo qilib turadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu haqda shunday marhamat qilganlar:
“Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, osmonlaru yer ahli, hatto kovagidagi chumoli va xattoki baliqgacha odamlarga yaxshilikni ta'lim beruvchiga salavot aytadilar”.
Mamlakatimizda ustoz va murabbiylarga ehtirom ko‘rsatish, ularni e'zozlash, ijtimoiy imtiyozlar yaratish borasida har qanday mamlakatga namuna bo‘la oladigan yurtdir!
Ta'kidlash joizki, bugun Samarqand viloyati bosh imom xatibi boshchiligida viloyatimizda ko‘p yillardan buyon beminnat faoliyat yuritib kelayotgan faxriy ustoz domlalarimiz va yoshi ulug‘ imom-xatiblarimiz ziyorat qilinib, ular yurtimiz va butun dunyodan har xil balo ofatlarni ketishini so‘rab duoi xayr qildilar.
X.Temirov - O‘MI Samarqand viloyat vakilligi xodimi
Kiritilgan vaqti: 13/05/2020 15:54; Ko‘rilganligi: 5538
Chop etilgan vaqti: 15/09/2024 14:05