O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Umr – inson uchun Alloh subhanahu va taolo tomonidan berilgan ne'matlarning eng buyuklaridan biridir.

 
 

Har birimiz bilishimiz lozim bo‘lgan narsalardan biri shuki, Alloh subhanahu va taolo bizni yaratib, barkamol inson shakliga keltirib qo‘ygach, o‘z holimizga tashlab qo‘ymagan. Mehribon Robbimiz sizu bizni yaratish bilan birga, doimiy ravishda rioyamizni qilib, hamma tarafdan bizni ushlab turadi, to‘g‘ri yo‘lga yo‘llab turadi va O‘zining buyuk ne'matlari bilan qamrab turadi. Biz har birimiz Allohning ana shunday buyuk ne'matlariga sazovor bo‘lgan bandalarmiz.Oddiygina misol: bir marta nafas olmay yoki nafas chiqara olmay qolsak, hayotimiz tugaydi. Demak, Alloh har soniyada bizni tutib, a'zoi badanimizni harakatga keltirib turadi. Mana, men gapirib turibman. Shu lahzada yuragimning urishi to‘xtasa, hayotimga yakun yasaladi. Hech kim yordam bera olmaydi. Mo‘min inson mana shu muhim haqiqatni doimiy ravishda his qilib yashashi kerak.

Alloh bizni hadsiz-hisobsiz, cheksiz-chegarasiz ne'matlari bilan qamrab turibdi. Nafas olishimiz ham, ko‘zimizning ko‘rishi ham, tilimiz qimirlab, og‘zimizdan ovoz chiqishi ham Allohning ne'matidir. Shu ne'matni ishga solib gapiryapmiz, lekin bu ovoz qayerdan, qanday qilib chiqadi, o‘zimiz bilmaymiz. Bu – Alloh taoloning qudrati, biz bandalariga marhamati, inoyatidir. Shuning uchun biz bu ne'matlarni faqatgina Alloh taolo berishini tushunib yetishimiz, o‘sha ne'matni zoye qilmasligimiz, o‘sha ne'matning shukrini ado etmog‘imiz matlubdir.

Ne'matning shukrini ado etish ikki qism bo‘ladi: birinchisi – ma'naviy, ikkinchisi – amaliy shukr.

Ma'naviy shukr – ne'mat bergan Zotga bergan ne'mati uchun hamdu sano, maqtov aytishdir. «Alloh menga jon, tan, qo‘l, ko‘z va boshqa sanab, sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan ne'matlarni berdi, shularning shukrini ado qilishim lozim», degan tushunchada bo‘lish va bunga amal qilish ma'naviy shukrdir.

Amaliy shukr – berilgan ne'matni ushbu ne'matni bergan Zot qanday iroda qilgan bo‘lsa, shunday tasarruf qilishdir.O‘zimizning bandaligimizni, ojizu notavon, zaif, hojatmand, xor-zorligimizni anglab yetib, bugungi kunimizga insof bilan nazar solaylik-chi, Alloh taoloning son-sanoqsiz ne'matlarini halol yo‘lda sarflayapmizmi? Ularning qadriga yetib, shukrini o‘rniga qo‘yyapmizmi? Bu esa bizning bandalik maqomimizga to‘g‘ri kelmaydi.

O‘sha buyuk ne'matlardan biri – umr ne'matidir. Aksariyatimiz bu ne'matning asl mohiyatini tushunmaymiz. «Umr» arabcha so‘z bo‘lib, uning lug‘aviy ma'nosi «obod bo‘lish»dir. Xo‘sh, insonning umri qanday qilib obod bo‘ladi?Alloh subhanahu va taolo insonga jon ato etgan, unga hayot bergan. Onadan tug‘ilgan chaqaloq yig‘ladimi, demak, uning joni bor. Alloh taolo shu bergan jon ne'matiga vaqt ne'matini ham qo‘shsa, ikkovi qo‘shilib umr bo‘ladi. Jonni bersa-yu, vaqt bermasa, bola onadan tug‘ilishi bilan o‘lib qoladi. Inson tug‘ilib, bu dunyoda yashasa, hayoti obod bo‘ladi. Onasini emib, hayoti obod bo‘lyapti, onasining quchog‘ida turib, hayoti obod bo‘lyapti. Umri o‘tgan sayin obodlik ham davom etyapti. Umr – inson uchun Alloh subhanahu va taolo tomonidan berilgan ne'matlarning eng buyuklaridan biridir. Umr bo‘lmasa, inson tirik bo‘lmasa, unga boshqa ne'matlarning keragi bo‘lmay qoladi. Vafot etgan inson qanday ne'matga ega bo‘lishi mumkin? Demak, boshqa ne'matlarga ega bo‘lish uchun avvalo umr ne'mati kerak ekan. Shunday ekan, bu ulug‘ ne'matning shukronasi ham shunga yarasha bo‘lishi kerak. Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Qiyomat kuni Odam bolasining qadami Robbi azza va jallaning huzuridan to U Zot undan  besh narsa haqida so‘ramagunicha uzilmas: umridan, uni nimaga sarflagani haqida; yoshligidan, uni nimada o‘tkazgani haqida; molidan, uni qayerdan kasb qildi-yu, nimaga infoq qilgani haqida va ilmiga qanday amal qilgani haqida».Termiziy va Tabaroniy rivoyat qilishgan.

Demak, qiyomatda bandadan albatta umri haqida so‘raladi. Umri haqida so‘ralganda, uni nimaga sarflagani haqida so‘raladi. Binobarin, siz bilan biz qiyomat kuni bu aziz umrimizning har lahzasi haqida so‘ralishimiz haqdir. Bu savol-javobdan qochib qutulib bo‘lmaydi. Umrning har lahzasi haqida so‘ralar ekanmizmi, demak, yashab o‘tgan har  lahzamizning javobini berishimiz lozim. Javobimiz to‘g‘ri chiqishi uchun esa bu ne'matning qadrini bilishimiz va shukrini ado etishimiz kerak.

Alloh subhanahu va taolo barchalarimizga dinimiz ta'limotlarini teran, go‘zal tarzda o‘rganib borishimizni nasib qilgan bo‘lsin. Ma'rifatimizning chuqur va ziyoda bo‘lishini nasib etsin. Umr deb atalmish buyuk ne'matning shukrini ado etishda Alloh taoloning O‘zi madadkor bo‘lsin. Bu aziz umrimizni, bu buyuk ne'matni zoye qilishdan ham Alloh taoloning O‘zi asrasin. Qiyomat kuni «Umringni nimaga sarflading?» deb so‘ralganda, tilimiz burro bo‘lib, yaxshilikka, iymon-e'tiqodga, ibodatga, xayr-barakaga sarflaganimizni aytish imkonini Alloh taolo hammamizga ato etsin.

 Jahongirxon Abrorov O‘MI Samarqand viloyat vakilligi  matbuot xizmati xodimi


Kiritilgan vaqti: 30/01/2023 14:32;   Ko‘rilganligi: 2181
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/umr-inson-uchun-alloh-subhanahu-va-taolo-tomonidan-berilgan-nematlarning-eng-buyuklaridan-biridir
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 04:49
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing