O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

“Ulumul Qur'on” va “Usulut tafsir” ilmlari

 
 

Qur'oni karimga doir ilmlarni o‘rganuvchilar “Ulumul Qur'on”va “Usulut tafsir” tushunchalariga duch keladilar. Bu ikki ilm Qur'onga doir ilmlar va uni tafsir qilishdagi qoidalarni jamlagan bo‘lib, mavzulariga e'tibor berilsa, o‘xshashlik, bir-biriga juda yaqinlikni ko‘rish mumkin. Shuning bilan birga ular alohida fan sifatida ham shakllangan.

“Ulumul Qur'on” (Qur'on ilmlari) fani Qur'onga taalluqli bo‘lgan ilmlar, jumladan, oyat va suralarning nozil bo‘lish sabablari, Qur'onning jamlanishi va suralar tartibi, oyatlarning makkiy va madaniyga bo‘linishi, nosix va mansux, muhkam va mutashobih oyatlar kabi ilmlar, bundan tashqari, bevosita Qur'onga aloqador tafsir, qiroat, Qur'on e'roblari ilmi, lug‘atlar ilmi kabi jihatlarni o‘rganadi.[1]

Imom Suyutiy Qur'on ilmlari qatoriga astronomiya, muhandislik, tibbiyot kabi ilmlarni ham kiritgan.

“Usulut tafsir” ilmiga ta'rif berishdan oldin “usul” va “tafsir” so‘zlariga izoh keltiramiz. “Usul” arabcha so‘z bo‘lib, “asl” – narsalarning asosi, poydevori degan ma'noni anglatadi. “Tafsir” so‘zining lug‘aviy ma'nosi bir narsani sharhlab, bayon qilish bo‘lib, istilohda Qur'oni karim ma'nolarini batafsil tushuntirib berishga aytiladi. Bu ikki ta'rifdan kelib chiqib “Usulut tafsir” faniga “Alloh kalomini tafsir qilish o‘rganiladigan, ixtilof yuzaga kelganda murojaat qilinadigan qoida va asosiy tushunchalar (majmui)”[2], deb ta'rif berilgan.

Ta'riflarga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, “Usulut tafsir” fani faqatgina Qur'oni karim oyatlari ma'nosini o‘rganishga doir qoidalar jamlanmasi ekani ravshan bo‘ladi. “Qur'on ilmlari” fani esa umumiy bo‘lib, Qur'onning tarixi, grammatik jihatlari, qiroat qoidalari, tafsiri kabi turli jihatlarni o‘rganuvchi fandir.

Imom Badriddin Zarkashiy o‘zining “Burhon fiy ulumil Qur'on” kitobida, Jaloliddin Suyutiy “Itqon fiy ulumil Qur'on” asarida “Usulut tafsir” fanini “Ulumul Qur'on” kitoblari ichiga kiritib yuborishgan. Bizga yaqin davrda yashab o‘tgan Mannoul Qatton, Rumiy singari olimlar bu ikki fanni bitta ilmga dalolat qiluvchi sinonim tushunchalarni qamrab olgani e'tiboridan tafsir usullari fanini Qur'on ilmlari fani ichiga kiritib yuborish joiz deganlar[3].

Aslini olganda, tafsir usullari fani Qur'on ilmlari fanining bir qismi sifatida rivojlangan va keyinchalik bu borada alohida kitoblar yozilgan. Ular orasidagi farq haqida gap ketganda boshqa boshqa ilmlar haqida emas, balki bir fanning ichidagi asosiy qismining o‘ziga xos jihatlari haqida mulohaza yuritiladi.[4]

Qur'on ilmlari, tafsir fani tarixi barcha islomiy ilmlar singari Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollalohu alayhi vasallamga va sahobai kiromlar davriga borib taqaladi. Payg‘ambarimiz alayhissalom sahobalarga ular uchun tushunish qiyin bo‘lgan oyatlarni sharhlab, tushuntirib berar edilar. Buni quyidagi voqea orqali tushunishimiz mumkin:

Imon keltirgan va imonlariga zulm (shirk)ni aralashtirmaganlar – aynan o‘shalarga xavfsizlik (bordir) va ular hidoyat (to‘g‘ri yo‘l) topgan zotlardir[5]” oyati nozil bo‘lganda, sahobalar kim ham o‘ziga zulm qilmaydi, ey Rasululloh, dedilar. Ya'ni oyatdagi “zulm” so‘zidan aynan nima nazarda tutilayotganini tushunolmadilar. Shunda U Zot sollallohu alayhi vasallam “zulm” so‘zini tafsir qilib, bundan shirk nazarda tutilayotganini aytadilar va: “Alloh  taoloning “Albatta, shirk – katta zulmdir[6]”, deganini o‘qimaganmisizlar”, dedilar[7].

“Qur'on ilmlari” fanining shakllanish davri va kitoblar shaklida yuzaga kelishi hadis ilmiga nisbatan ancha keyinroqdagi davrga to‘g‘ri kelgan. Hijriy ikkinchi asr hadis ilmining tadvin davri deb e'tibor qilinadi. Ushbu asrda muhaddislar tomonidan hadis to‘plamlari kitob shakliga keltirila boshlangan. Ularda tafsirga taalluqli  ilmlar ham joy olgan bo‘lsada, qur'onshunoslik yoki tafsirshunoslikdagi alohida qadam deb bo‘lmas edi. Ayrim ulamolar Qur'oni karim tafsiriga doir hadislarni to‘plash bilan mashhur bo‘lishgan. Bunga Yazid ibn Horun as-Sulamiy (v. 117 y.h.), Sho‘ba ibn Hajjoj (v. 160 y.h.) rahmatullohi alayhlarni misol tariqasida keltirish mumkin.      

"Qur'on ilmlari" fani alohida ilm sifatida hijriy uchinchi asrda shakllana boshlagan. Birinchilardan bo‘lib Ali ibn Madaniy (Imom Buxoriyning ustozi. v. 234 y.h.) Abu Ubayd al-Qosim ibn Sullam (v. 224 y.h.), Ibn Qutayba (v. 276 y.h.) Qur'on karim terminlariga xos kitob tadvin etishgan. Hijriy to‘rtinchi asrda Muhammad ibn Xalaf ibn Marzbon (v. 309 y.h.), Abu Bakr Muhammad ibn Qosim Anbariy (v. 328 y.h.), Abu Bakr Sijistoniy (v. 330 y.h.) fanga doir kitoblar yozishgan. Keyingi asrlarga kelib esa ushbu ilmga doir ta'lifotlar ko‘pchilikni tashkil eta boshlagan[8].

“Usulut tafsir” fani dastlab, aynan shu nom bilan nomlanmagan bo‘lsada, Qur'on ilmlari va tafsir fani bilan birgalikda yuzaga kelgan va rivojlangan. Uni ilm sifatida shakllantirgan avvalgi shaxs sifatida ulamolar Imom Shofi'iyni aytadilar. U kishi o‘zining usulul fiqhga bag‘ishlangan “Risola” nomli kitobida nosix va mansux, mutlaq va muqayyad singari tafsir usullari haqidagi tushunchalarni keltirgan.

Keyingi davrlarga kelib ushbu fan ham rivojlandi va kitoblarda u haqda yozila boshladi. Dastlab, tafsir kitoblarining muqaddimalarida bu ilm haqida so‘z yuritildi. Bunday muqaddimalarning eng mashhuri “Tafsiri Tabariy” kitobining muqaddimasidir. Shuningdek, ushbu fan odatda, Qur'on ilmlariga doir yozilgan kitoblar ichidan joy olardi.

Hozirgi davrga kelib esa tafsir usullari faniga doir ko‘plab kitoblar ta'lif etildi. Bunga misol tariqasida Ali Ahmad Farroj Ali va Mujohid Muhammad Hariydiy hammuallifligidagi “Taysir fiy usulit tafsir”,  Doktor Ali ibn Sulaymon Ubaydning “Tafsirul Qur'onil karim: usuluhu va zovabituhu”, Musoid ibn Sulaymon Toyyorning “Fusulun fiy usulit tafsir” kitobini keltirishimiz mumkin[9].

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, “Ulumul Qur'on” va  “Usulut tafsir” ilmi bir biriga chambarchast bog‘liq va biri ikkinchisini to‘ldiradigan, Qur'oni karim va tafsir ilmini puxta egallash yo‘lida asosiy yo‘l vazifasini bajarib beradigan muhim ilmlardandir.

 

Usmonxon Muhammadiyev.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot

 markazi Qur'onshunoslik sho‘basi rahbari

 

[1] Muhammad Abdulazim az-Zarqoniy. Manahilul irfon fi ulumil Qur'on. –Damashq: Iso Bobiy, –B.23

[2] Musoid ibn Sulaymon Toyyor. Fusulun fiy usulut tafsir. –Riyoz: Darun nashrud duvaliy, 1993. –B.13.

[3] Dr. Ali ibn Sulaymon Ubayd. Tafsirul Qur'onil karim: usuluhu va zovabituhu. –Riyoz: Tavba, 2010. –B.27

[4] https://vb.tafsir.net/tafsir1060/#.XRrXq_kS-Uk.

[5] Qur'oni karim. “An'om” surasi, 82 oyati.

[6] Qur'oni karim. “Luqmon” surasi, 13 oyati.

[7] Ali Ahmad Farroj Ali. Mujohid Muhammad Hariydiy. Taysir fiy usulit tafsir. –Iskandariya: Dorul iymon, 2006. –B16.

[8] Mannau-l-Qatton. Mabahis fi ulumil Qur'on. –Riyoz: Maktabatul maorif, 2011. –B.11.

[9] Ali Ahmad Farroj Ali. Mujohid Muhammad Hariydiy. Taysir fiy usulit tafsir. –Iskandariya: Dorul iymon, 2006. –B17.


Kiritilgan vaqti: 05/11/2020 10:42;   Ko‘rilganligi: 5529
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/ulumul-quron-va-usulut-tafsir-ilmlari
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 04:45
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing