“Ulul A'zm” payg‘ambarlardan o‘rnak olaylik

Hamma narsaga qodir Alloh subhonahu va taologa shukurlar bo‘lsinki, U o‘z fazli ila halqimizga dindorlik baxtini yana qaytarib berdi. Hozirda milliy va diniy qadritlarimiz tiklanib bormoqda. Ju jumladan, Alloh taolo e'zozlagan zotlar, payg‘ambar alayhimussalomlarning hayotlarini islom nuqtai nazaridan o‘rganish imkoni tug‘ildi.
Hozirgi zamondagi ilmiy tadqiqotlardan so‘ng payg‘ambarlar haqidagi eng ishonarli ma'lumotlar faqat muqaddas kitobimiz – Qur'oni karimda ekanligi ma'lum bo‘ldi. Xuddi shu haqiqatni farang olimi Moris Bukayning “Injil, Tavrot, Qur'on va yangi ilm” kitobidan ham bilsa bo‘ladi. Bundan tashqari, G‘arb olimlarining islom tarixi va payg‘ambarlar faoliyatga doir obyektiv yoritilgan tadqiqot va asarlarni ham keltirib o‘tish mumkin.
Nabiylar va rasullar (payg‘ambarlar) Alloh taolo insonlar orasidan saralab olingan zotlar bo‘lib, ular Alloh taoloning da'vatlarini bandalarga yetkazuvchilardir. Payg‘ambarlar Allohga imon keltirib, yaxshi amallar qilgan kishilarga bu dunyoda va oxiratda Yaratganning mukofotlari xushxabarini yetkazadilar. Allohni inkor etib, yomon amallar qilganlarni dunyo va oxiratda shiddatli azoblar kutishidan ogohlantiradilar.
Alloh taolo Qur'oni karimda bunday deydi: “Biz elchi (payg‘ambar)larni faqat (odamlarga) xushxabar eltuvchi va ogohlantiruvchilar sifatida yuborurmiz. Kimki imon keltirib, (xatolarini) tuzatsa, u (kabi)larga xavf ham yo‘q va ular tashvish ham chekmaydilar”.
Qur'oni Karimda “rasul” va “nabiy” so‘zlari ko‘p keladi. Jumladan, bu ikki so‘z payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nisbatan ham ishlatiladi. Ammo bu so‘zlarning ishlatilishida nozik ma'nolar borligi mulohaza qilinadi. Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nisbatan “nabiy” so‘zi o‘ttiz martacha ishlatilgan bo‘lsa, asosan, o‘zaro insoniy aloqalar, nikoh, meros va o‘lja bo‘lish kabi masalalarda ishlatilgan.
Binobarin, bu ikki so‘zni tarjima qilishda ham shunga e'tibor bermog‘imiz lozim bo‘ladi. Iloji bo‘lsa, “Rasul”ni payg‘ambar deb tarjima qilsak ham “nabiy”ni tarjima qilmay o‘z o‘rnida qoldirganimiz ma'qul bo‘ladi. Ikki ma'noni qo‘shib bayon qilishda esa “payg‘ambar” lafzi ishlatilsa bo‘laveradi.
Payg‘ambarlarni birday ko‘rish, ularga birdek iymon keltirish va ularni teng e'zozlab, hurmat qilish musulmon ummatining asosiy qoidasidir. Shunga ko‘ra, bu ummat barcha ilohiy shariatlarning merosxo‘ri bo‘ldi. Chunki mazkur payg‘ambarlarning barchasiga tushgan din – Islom bo‘lgan.
Alloh taolo yuborgan payg‘ambarlarning ba'zilari “Ulul-azm” payg‘ambarlar deyiladi.
Bu buyuk payg‘ambarlarning har birlarining boshlariga iymon yo‘lida, dinu diyonat yo‘lida qanchadan-qancha kulfatlar yog‘ilgan. Lekin ular sabr-matonatda zarbulmasal bo‘lganlar. Bu haqiqatni ko‘pchilik, jumladan, Muhammad alayhissalom va u zotning ummatlari ham yaxshi biladilar. Shuning uchun u zot o‘z davrlarida Makka mushriklarining qarshiliklariga uchrab qiyin holga tushganlarida, “Ulul azm” nomini olgan buyuk payg‘ambarlardan o‘rnak olishga chaqirilyaptilar.
Nihoyat, asri saodat keldi. Bu davr Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam bilan eng yetuk kamolot cho‘qqisiga ko‘tarildi. Muhammad sollallohu alayhi va sallamdan so‘ng keladigan payg‘ambar yo‘q. U zot oxirzamonning Payg‘ambaridirlar.
Allohrozibo‘lgan din Islomdinidir. Demak, bemalol aytaolamizki,taqlid va o‘rnak olish uchun namuna bo‘lgan zot Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamdirlar. Payg‘ambarimizga taqlid qilishdagi muvaffaqiyatimiz, hech shubhasiz, fazilatli shaxsiyatlaridan o‘rnak olishimiz va u zotni qalban sevishimizdir.
Demak, yuqoridagilardan ma'lum bo‘ladiki, jamiyatning rivojlanishi, tinch va osoyishta bo‘lishi, oilada totuvlik va hamjihatlik qaror topishi uchun insonlar o‘zaro mehrli, oqibatli bo‘lishi, doimo yaxshilik qilishlari, bir-birlarini ko‘rganda salom berish, kattalarni hurmat, kichiklarni izzat qilish, qarindoshchilik haqlariga rioya etish kabi insoniy fazilatlarda namoyon bo‘ladi.
Amirillayev Isroil Patachi tumani bosh imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 07/06/2022 19:31; Ko‘rilganligi: 1418
Chop etilgan vaqti: 03/11/2025 08:57





















