Ularni yaxshi ko‘rish imon belgisi

Kim ansorlarning darajasini, ularning islomni qo‘llab-quvvatlash, uni yoyish va musulmonlarga panoh berishda ko‘rsatgan yordamini, din uchun ko‘rsatgan fidokorliklarini bilib, so‘ngra ularni yaxshi ko‘rsa, bu uning iymonli ekaniga dalildir.
Ansor – “yordam beruvchi” degani bo‘lib, Makkadan ko‘chib kelgan Payg‘ambarimiz alayhissalom va u zot boshchiligidagi muhojirlarga uyi, mol-mulki va jonlari bilan yordam bergan kishilardir.
.«عَنْ أَنَسٍ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: «آيَةُ الإيمَانِ حُبُّ الأنْصَارِ، وآيَةُ النِّفَاقِ بُغْضُ الأنْصَارِ
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ansorlarni yaxshi ko‘rish imonning belgisi, ansorlarni yomon ko‘rish esa munofiqlikning belgisidir”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Muhammad alayhissalom ularni Alloh taoloning: “... va joy berib, yordam ko‘rsatganlar” (Anfol surasi, 72 oyat), degan so‘zidan olib, ularni “ansorlar” deb atadi.
Ansorlar buyuk fazilat va ulug‘ sharafga ega bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir nechta hadisi shariflarida ansorlarning fazilati haqida to‘xtalib o‘tganlar. Ushbu hadisda Allohga bergan va'dalariga vafo qilgani, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va musulmonlarga panoh bergani, yaxshi qo‘shnichilik qilgani, mustahkam do‘stlik va mehr-muhabbatining samimiyligidan ularni yaxshi ko‘rish imon barkamolligi, ularni yomon ko‘rish munofiqlik belgisi ekani ta'kidlanmoqda. Demak, ularni yaxshi ko‘rish Alloh va Rasuliga bo‘lgan komil muhabbatdandir.
Alloh taolo ansorlarni ta'riflab: “U (muhojir)lardan avval bu joy (Madiyna)da yashagan va iymonga (ixlos qilganlar). Ular yurtlariga hijrat qilib kelganlarni sevarlar va ularga berilgan narsalarga qalblarida hasad qilmaslar” (Hashr surasi, 9 oyat), deb marhamat qilgan.
Ular birodarlik, o‘zaro yordamning takrorlanmas namunasini ko‘rsatdi. Shuning uchun ham ularni sevishga chorlov va yomon ko‘rishdan ogohlantirish keldi, bu iymon va munofiqlik belgisiga aylandi.
Muhojirlar Madinaga kelganlarida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ular va ansorlar o‘rtasini birodar qilib qo‘yganlarida, ansorlar birodarlikning eng ajoyib namunalarini ko‘rsatib, ularga eng yaxshi shaklda yaxshilik qildi. Ansoriylar o‘z uylarini ular bilan bo‘lishar, pulini baham ko‘rar edi.
Boshqa hadisda: “Ularni faqat mo‘minlargina yaxshi ko‘radi, munofiqlar yomon ko‘radi”, deyilgan (Muttafaqun alayh).
Bahodir MIRZAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Kiritilgan vaqti: 03/07/2023 10:03; Ko‘rilganligi: 846
Chop etilgan vaqti: 04/11/2025 04:40





















