O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

ULAMOLARNI NIFOQDA KUFRDA AYBLASH FITNADIR!!!

 
 

Azaldan ilmu-amalda dong taratgan, islomga qilayotgan xizmat va da'vatlari bilan tanilgan musulmonlarning ulug‘ ulamolarini yahudiylikka va yahudiylarga xizmat qilishga, josuslikka mansub qilish, bu bilan ularni ayblash, obro‘sizlantirish bir necha asrlardan beri davom etib kelayotgan katta fitnadir!
Jumladan, Imomi A'zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhini yahudiyga uylangan, bolalarini ham yahudiyga uylantirgan, degan gap o‘z vaqtida tarqatilgan. Xatib Bag‘dodiy esa kimsan, muhaddis Ibn Abu Shaybaning: “Men Abu Hanifani yahudiy deb o‘ylayman!”, degan gapini o‘z kitobida keltirgan.

Haqiqatdan ham agar shu gapni mazkur muhaddis aytgan bo‘lsa, uning fitna domiga ilinib qolganligiga shak-shubha yo‘q!
Ayblovlarni kuzatilsa, zamonamizdagi dunyoda biror musulmon olimi yo‘qki, uni yahudiy deyilmagan bo‘lsa. Musulmonlarning davlat rahbarlari yo‘qki, uni yahudiy deb, unga nisbatan, uning davlat tizimiga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otishga harakat qilinmagan bo‘lsa. Bu ishlarning o‘zi yahudiylarning ig‘vosi, fitnasi bo‘lib, afsuski, musulmonlarning yakdilligi, birdamligiga putur yetkazish uchun qilinayotgan fitna bo‘lishi mumkinligini o‘ylab ham ko‘rmaymiz.

Yahudiylarning o‘zi islom olimni yomonotliq qilish maqsadida, uni atayin bizdan degan bo‘lishi mumkinligini xayolga ham keltirmaymiz. Asosi yo‘q gapni bemalol tarqataveramiz, ishonib ketaveramiz. Aqli yetadiganlarimiz tekshirib ham ko‘rmaymiz. Masalan, islom olamida taniqli qaysidir ulamoning yahudiylarga mansubligi ularga xizmat qilishi ochiq oydin ularga tuhmatku. U islom dinining haqligini Qur'oni karim va hadisi shariflar bilan birga ilmiy dalillar orqali isbotlab berayotgan har qanday olim bo‘lishi mumkin. Uning ilmiy-ommabop asarlari va maqolalari ko‘pchilikning to‘g‘ri yo‘lga kirishi, imonlarining mustahkam bo‘lishiga sabab bo‘lgani ham haqiqat ediku. Aynan mana shu holatdan qo‘rqib, yahudiylar uni o‘zimizdan deb turib, uni obro‘sizlantirishga uringan bo‘lishi, musulmonlar ko‘nglida unga nisbatan nafrat va ishonchsizlik uyg‘otishni ko‘zlagan bo‘lishi mumkin-ku!

Ulamolarni va davlat rahbarlarini kufrda ayblash, yahudiy deyish va yahudiylar malayi deb ta'na qilish ana shu yahudiylarning bir fitnasi bo‘lishi mumkin. Ayniqsa hozirgi davrda ulamolarni nifoqda, kufrda ayblab, davlat rahbarlarini esa tog‘ut deb fitna tarqatayotganlardi gaplariga ko‘p narsani bilmagan yoshlar ehtiyot bo‘lib yondashishlari kerakki fitna qurboniga aylanib qolmasinlar. Tekshirilmagan gapni to‘g‘ri deb qabul qilavermaslik va uni tarqatavermaslik kerakligi Qur'oni karimning hukmi hisoblanadi. Xabarni yaxshilab tekshirib ko‘rishimiz kerak:

يايّها الذين ءامنوا ان جاءكم فاسق بنبأٍ فتبيّنوا ان تصيبوا قوما بجهلةٍ فتصبحوا على ما فعلتم نادمين


“Ey mo‘minlar, agar sizlarga bir fosiq kimsa biror xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biron qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilgan ishlaringizga afsus-nadomat chekib qolmasliklaringiz uchun (u fosiq kimsa olib kelgan xabarni) aniqlab – tekshirib ko‘ringlar!” (Hujurot, 6)

Demak, falonchi olimni yoki davlat rahbarini yoxud biror taniqli shaxsni yahudiy deb gap tarqatish aslida fosiqlik bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bu xildagi gap-so‘zlardan ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Xabarni aniqlashni esa olimlar va mutaxassislar tekshirib beradilar hamda ular o‘z hukmini chiqaradilar. O‘sha vaqtgacha barcha holatlar va shubhalar tekshirilishi, holat va vaziyat obdon o‘rganib chiqilishi kerak bo‘ladi. Birorta shubha bo‘lsa ham insonni kofir deb hukm qilish aslo mumkin bo‘lmaganidek, bir mo‘minga to‘qson to‘qqiz dalil kofirligiga, bitta kichik dalil mo‘minligiga dalolat qilib tursa, uni kofir deyish mumkin bo‘lmaganidek, mo‘minman deb turgan har kimni yahudiy deyish, yahudiylikka nisbat qilish aslo mumkin emas.

Jahongirxon Abrorov manbalar asosida tayyorladi


Kiritilgan vaqti: 11/01/2022 07:27;   Ko‘rilganligi: 793
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/ulamolarni-nifoqda-kufrda-ayblash-fitnadir
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 04:40
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing