TUSHKUNLIKNI TARK QIL!

Tobe'inlar sayyidi Ato ibn Abi Raboh rahimahulloh qop-qora, g‘ilay, cho‘loq, burni Misr loviyasi kabi puchuq kishi edi. Keyinchalik ko‘zi ko‘r bo‘lib qoldi. U haqida Ibrohim Harbiy shunday deydi:
 "Ato Makkalik bir ayolning quli edi. Uning burni Misr loviyasiga o‘xshar edi".
 Shuncha nuqsoni bo‘la turib uni nima ishlar qildi deb o‘ylaysiz?!
 U sinib qoldimi? Bu mashaqqatlardan qutilish uchun zor-zor yig‘ladimi?
U o‘zicha: "Men qulman. Menda shuncha nuqson bor. Shu holimda qolaman . Meni hech kim qabul qilmaydi"-dedimi?
 Ammo uning eshitadigan qulog‘i, yuradigan oyog‘i, gapiradigan tili , yozadigan qo‘li, fikrlaydigan va yodlaydigan aqli bor edi. Bular Atodagi bor narsalar edi. U kelajakka ishonch bilan boqar, o‘zi molik bo‘lgan ne'matlardan rozi edi. U o‘zgarish inson zamiridan bo‘lishini bilar edi. U uchun muhimi uni insonlar qanday ko‘rishi emas, balki o‘zini o‘zi qanday ko‘rishi edi. Agar o‘zingni kuchli va zakiy ko‘ra olsang shunday ko‘rinasan va insonlar ham shunga asosan muomala qilishadi senga. Baxtiyor inson borliqni baxtiyor ko‘rgan kishidir.
 Umaviylar davrida haj mavsumida nido qilguvchi "Atodan o‘zga kishi fatvo bermasin", degan edi.
 Abu Hanifa rahimahulloh: " Atodan afzal kishini ko‘rmaganman", degan edilar.
 Ibrohim al-Harbiy aytadi:
 "Mo‘minlar amiri Sulaymon ibn Abdulmalik ikki o‘g‘li bilan Atoning huzuriga keldi. Ular Atodan ko‘p narsa so‘rashdi. Hatto Ato ularga teskari qarab oldi. So‘ngra Sulaymon o‘g‘illariga: "Turinglar!", dedi. Ular turishdi...
 Sulaymon doim o‘g‘illariga :" Ey o‘g‘illarim! Ilm olishda sustlik qilmang. Men o‘sha qora qul huzurida xor bo‘lganimizni hech unutmayman" , der edi.
 Ato ibn Abi Raboh o‘z zamonida dunyo olimi bo‘ldi.
 Bu o‘ziga ishongan, hayotga ishonchla boqqan kishining hayotidan bir lavhadir. Shunday ekan harakatda bo‘ling, kelajakka ishonch ila boqing, nuqsoningizga parvo qilmang. Sizda Atoniki kabi nuqsonlar yo‘q. Tushkunlik nechun?! 
 
 "Umidsizlikni shunday yengishgan" kitobidan tarjima qilindi.
Urgut tumani "Urgut markaziy" masjidi xodimi A.Polvonov
Kiritilgan vaqti: 30/11/2021 06:18; Ko‘rilganligi: 1206
Chop etilgan vaqti: 04/11/2025 11:26
		
																				



















