TURMUSH ODOBLARI
Bismillahir rohmanir rohiym.
Endi xotinning erga nisbatan vojibotlari haqida so‘z yuritiladi. Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat etiladi: «Men Rasulullohdan sollallohu alayhi vasallam eshitdim. U zot marhamat qilib: «Bir kishi ikkinchi bir kishiga sajda etishi joiz bo‘lganida, erning xotinga bo‘lgan haqqining ulug‘ligidan uni eriga sajda etishga albatta amr etgan bo‘lardim», dedilar». Abu Dovud o‘z «Sunnat»larida rivoyat etganlar. Bu qismdagi hadislar erning xotinga nisbatan ko‘p haq va huquqlarini ta'kidlaydi. Bularning ikkitasi muhimroqdir:
Birinchisi – o‘zini nomahramdan ehtiyotlab berkitish va erining manfaatlarini avaylab saqlash.
Ikkinchisi – qanoat. Salafi solihlar davrida xotinlar qanoatli bo‘lishgan. Er uyidan tashqariga rizq-ro‘z topish uchun chiqmoqchi bo‘lsa, ahli ayoli unga qarata: «Harom topishdan ehtiyot bo‘ling. Bas, biz ochlik va yo‘qchilikka sabr etishimiz mumkin, ammo otashi do‘zaxga toqat eta olmaymiz», deb aytishardi.
Xotinga vojib bo‘lganlardan yana biri erning molu-dunyosini isrof etmaslik. Agar uning rizosi bilan taom bersa, eriga bo‘lgan savobdek o‘ziga ham ajr bo‘ladi, ammo uning roziligisiz bo‘lsa, eriga savob, o‘ziga esa gunoh bo‘ladi.
Turmushga chiqishdan oldin qizning onasi unga muosharat odoblarini o‘rgatmog‘i lozim bo‘ladi. Xotin uyida o‘tirmog‘i va charxi bilan mashg‘ul bo‘lmog‘i (ya'ni, uy yumushlarini ado etmog‘i… – tarj.) lozim bo‘ladi. Qo‘ni-qo‘shnilari bilan oz so‘zlashmog‘i, eri yo‘qligi vaqtida ular bilan ko‘p kirdi-chiqdi etmasligi zarur. Eri bor va yo‘q hollarda uning haqqini rioya qilib saqlamog‘i vojib. Hamma vaqt erining xursand bo‘lishini istashi, o‘zi va uning mol-mulki borasida uni hech qachon xafa etmasligi lozim. Eri ma'qul ko‘rmaganlarni uyiga aslo kiritmaydi. Eri ruxsat etgandagina uyiga kiritadi. Xotin himmati-harakatini ishlarini chiroyli bajarish va uy tartibini saranjom-sarishta etishga qaratmog‘i zarur. Hovli-joydagi mumkin bo‘lgan har bir ishni ado etishda qoim bo‘ladi. Eri va uning barcha qarindoshlari haqlarini o‘zining haqqidan muqaddam biladi. Bu nikoh kitobining oxiridir
Amirov To‘lqin hoji Barot o‘g‘li - Samarqand shahar "Ruhobod" jome masjidi imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 25/08/2020 11:18; Ko‘rilganligi: 1321
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 00:29