Tinchlik, osoyishtalik oliy ne'matdir
Ma'lumki, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning eng katta ne'matlaridan biridir. Qolaversa, barcha ezgu ishlar ro‘yobga chiqishining boisi ham tinchlik va osoyishtalikdir. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘ ne'mat ekanini ta'kidlab shunday deganlar: “Ikki ne'mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U – xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).
Islom dini tinchlik tushunchasini o‘zining bosh g‘oyasi va muhim shioriga aylantirgani ham bejiz emas, albatta. Bu din kishilarni tinchlikni asrab-avaylash va barqarorlikni ta'minlash yo‘lida imon, insof, adolat, hamjihatlik va birdamlik bilan harakat qilishga, fitna va o‘zaro adovatga barham berishga chaqiradi.
Alloh taolo Qur'oni karimda bayon qiladi: “Ey imon keltirganlar! Barchangiz yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz” (Baqara, 208).
Afsuski, Alloh taoloning ulug‘ ne'mati bo‘lmish tinchlikdan hamma ham birdek bahramand bo‘layotgani yo‘q. Dunyoning turli burchaklarida terrorchilar nohaq qonlar to‘kayapti. Bunday mudhish voqealarning qabih niyatli buzg‘unchi guruhlar tomonidan amalga oshirilishi butun dunyo tinchliksevar xalqlari qatori O‘zbekiston xalqining qalbini ham qattiq larzaga soladi.
Biz terrorizmga qarshimiz. Uning mudhish jinoyatlarini qattiq qoralaymiz.
Islom dinini niqob qilib, o‘zining g‘arazli maqsadlariga erishishga urinayotgan harakat va kuchlarga qarshi doimo sergak va hushyor turish zarurligini doimo ta'kidlaymiz. Shuni unutmaylikki, muqaddas islom dinimiz tinchlik va mehr-oqibatni o‘zida mujassam etgan. Uni pok saqlash, turli xil g‘arazli xuruj va hamlalardan, tuhmat va bo‘htonlardan himoya qilish, asl mohiyatini unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodga to‘g‘ri tushuntirish, islom madaniyatining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish dolzarb vazifalarimizdan biriga aylanib bormoqda.
O‘zbekiston azaldan turli millatga mansub, turli dinlarga e'tiqod qiluvchi xalqlar tinch-totuv yashagan o‘lka bo‘lib kelgani tarixiy haqiqatdir. Ajdodlarimiz turli millat va din vakillariga doimo hurmat bilan munosabatda bo‘lgani, Vatan taraqqiyoti yo‘lida yelkadosh bo‘lib mehnat qilgani tarixiy manbalarda ko‘p qayd etilgan. Bugungi kunda 16 xil konfessiyaga amal qiluvchi 130 dan ziyod millat vakillari yagona ahil oila bo‘lib, tinchlik-xotirjamlikda yashab, yurtimiz mustaqilligi va xalqimiz farovonligi yo‘lida birgalikda faoliyat olib bormoqdalar.
Taassufki, bugun jahon hamjamiyati, xususan, musulmon olamida murakkab ijtimoiy-siyosiy jarayonlar kechmoqda. Insoniyat muayyan siyosiy doiralar tomonidan o‘z ta'sir doiralarini kengaytirish maqsadida, amalga oshirayotgan g‘oyaviy kurashlar va mafkuraviy tahdidlar avj olgan bir vaziyatda yashamoqda. Qator davlatlar, xususan, ko‘plab musulmonlar istiqomat qiluvchi yurtlar siyosiy tanglik, ijtimoiy va iqtisodiy beqarorlik va qurolli nizolarni boshidan kechirmoqdalar. Mazkur mamlakatlarda odamlar og‘ir iqtisodiy muammolar girdobida, nochorlik, oziq-ovqat tanqisligi, ochiqdan-ochiq zo‘ravonliklar va xavfsizlikning yo‘qligi sharoitida kun kechirmoqda.
Alohida qayd etish lozimki, tinchlikning shukronasi amaliy bo‘lishi lozim. Ya'ni, insonlar nafaqat mavjud tinchlikning qadriga yetib, shukrini ado etishi, balki unga noshukrlik qilib putur yetkazishdan ham saqlanishi, kelib chiqishi mumkin bo‘lgan notinchlikning oldini olishda ham faol ishtirok etishlari lozim.
Ayniqsa, axborot manbalari, xususan, ijtimoiy tarmoqlar orqali tariximizni, milliy qadriyatlarimiz va Islom dini mohiyatini soxtalashtirishga, ma'naviyat va ma'rifatdan yiroqlashtirishga qaratilgan g‘arazli urinishlarga qat'iy qarshi turishimiz kerak. Mazkur yo‘nalishda jamiyatning ziyoli qatlamlari, olim va ulamolar oldingi safda bo‘lishlari shart.
Xulosa o‘rnida shuni ta'kidlash lozimki, dinimizning tinchlikka bo‘lgan e'tibori nechog‘liq katta hamda bag‘rikenglik uning negizidir. Inson o‘zidagi ne'matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne'matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanligini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa yanada ko‘proq Allohga shukr qilishga undaydi. Ne'matning bardavom bo‘lishi – uning shukri ado etilishiga bog‘liqdir. Ne'matning salmog‘iga qarab shukr ham har xil bo‘ladi. Ba'zi ne'matlarning shukri tilda “alhamdulillah” deyish bilan ado bo‘lsa, boshqa xil ne'matlar ham borki, ularning shukrini amaliy tarzdagina ado etish mumkin. Tinchlik ana shunday amaliy shukr talab qiladigan ne'matdir. Bu ne'matning shukrini ado etish barchaning zimmasidagi farzdir. Keksalar tinchlikning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari, o‘rta yoshlilar o‘zlarining halol mehnatlari, yoshlar esa uni asrash va qadriga yetish borasida astoydil ilm olishga harakat qilmoqliklari bilan bu ne'matning shukrini ado etgan bo‘ladilar.
Shunday ekan, Yaratgandan bir-birimizga tinchlik, amniyat, xotirjamlik tilaylik!
Alloh taolo tinchlik-osoyishtaligimizni hamisha barqaror, yurtimizni tinch, mehnatsevar xalqimiz hayotini farovon aylasin!
Jahongir Xatamov
Samarqand shahar “Xo‘ja Abdu Mo‘min” jome masjidi imom xatibi
Kiritilgan vaqti: 05/10/2023 14:37; Ko‘rilganligi: 1264
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 04:57