TINCHLIK — OLIY NE'MAT
Yurtimizga tinchlik va badanimizga sihhat ne'matlarini bergan Alloh Haq subhanahu va taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsin.
Musaffo osmon ostida, dorul-omon va jannatmonand vatanda tinch va osuda, farovon hayot kechirmoqdamiz, buning uchun chin dildan Alloh taologa behisob hamdu-sanolar va cheksiz shukronalar aytamiz. Payg‘ambarimiz (s.a.v): “Ikkita nemat borki insonlar ularning qadriga yetmaydilar. Bu tinchlik va salomatlikdir” deb marhamat qilganlar.
Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, oqibatda, musulmonlarning Alloh taolo buyurgan ishlarni mukammal va xotirjam ado etishlari uchun, xalq bemalol o‘zi sevgan kasb bilan mashg‘ul bo‘lib, oilasining ro‘zg‘orini tebratish uchun, qolaversa, davlatning rivojlanishi va farzandlarning o‘qimishli, ziyoli bo‘lishilari uchun tinchlik osoyishtalik lozim. Shuning uchun Rasululloh s.a.v. dedilar:
“Besh narsani besh narsadan avval g‘animat biling: “Keksalikdan avval yoshlikni, betoblikdan avval salomatlikni, faqirlikdan avval boylikni, bir ishga mashg‘ul bo‘lib qolishdan avval bo‘sh vaqtni va o‘lim kelmasdan avval hayotlik vaqtni”
Ajdodlarimizdan meros bo‘lib qolgan shunday bir an'ana borki, ota-bobolarimiz, onaxon va buvijonlarimiz doimo Yaratgandan, avvalo, olam tinchligini keyin yurt tinchligini iltijo qilib, so‘ngra boshqa xayrli niyatlarni ro‘yobga chiqarishini so‘rab duo qilishadilar. Yurtimizdagi shu kungacha erishilgan yutuqlarning barchasi, iqtisodiy rivojlanishlar, talim sohasidagi yutuqlar, obodonchiliklar, shaharlarimiz kun sayin chiroy ochib ko‘rkamlashayotgani, barcha-barchasi mana shu oliy nemat- tinchlik boisidandir.
Tinchlikning qadriga yetish deganda- oilamizga, xalqimizga, yurtimizga manfaatli ishlarni qilishimiz, zararli ishlardan o‘zimizni tiyishimiz tushuniladi. Shuningdek, tinchlik soyasi ostida bilim va hunarlarimizni oshiraylik, odobimizni yaxshilaylik, muomalamizni rivojlantiraylik, farzandlarimiz tarbiyasi bilan shug‘ullanaylik, qarindoshlik va do‘stlik rishtalarini mustahkamlaylik, urushib qolgan oilalarni yarashtirib qo‘yaylik, boquvchisini yo‘qotganlarga yordam beraylik, ozodalik va obodonchilik ishlariga qarashaylik, ortimizdan bog‘lar qoldiraylik, sof dinimizni milliy urf-odatlarimizni asraylik, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho ilmiy meroslarini kengroq o‘rganaylik va hayotimizga tadbiq qilaylik va hakozo ezgu ishlarni qilaylikki, yashayotgan umrimizdan mano hosil bo‘lsin, ortimizdan yaxshi nom qolsin.
HIKOYAT: Oldingi zamonlarning birida Alloh taolo bir payg‘ambarga vahiy yuborib debdi: “Falonchi ikki ummatingga borib ayt (ular ikkalasa eru xotin ekan) bundan keyin ular 60 yil yashaydilar. Shu qolgan yarmi umrini farog‘atda, yarmini mashaqqatda o‘tkazishadi. Ular tanlashsin avval mashaqqatni tanlashadimi yoki farog‘atnimi?” Shunda payg‘ambar borib o‘sha eru xotinga ilohiy hukmni aytib beribdi va tanlashlik ixtiyorlarini ham tushuntiribdi. Eri xotiniga maslahat solibdi: “Xotin, avval mashaqqatni tanlaylik, chunki hozir bizlar yosh har qanday mashaqqatni ko‘tara olamiz, erta qariganimizda mazza qilib keyin farog‘atda yashaymiz” debdi. Xotini: “Yo‘q, avval yengillikda yashaylik, chunki xayrli ishlar qilib qolamiz, keyin qolgan umrimizda qarindoshlar, qo‘ni qo‘shnilar yordam berib qolar” debdi. Xullas er xotinining gapiga rozi bo‘libdi. Ular avval oson hayotni tanlashibdi. Shunday qilib ularga Alloh taolo avval yengil hayotni nasib qilibdi. Har kuni xotini eriga: “Dadasi turing endi qolgan umrimizning 30 yili farog‘at ekanligini bilamiz shuning shukronasini ado etaylik keyin mashaqqatda ado etolmaymiz”, deb ular ikkalasi har kuni Alloh taolo bergan ne'matlarning shukronasi ado qilib keldilar. 30nchi yilning oxirgi kuni yaqinlashganida er xotiniga: “Xotin, endi bundan buyog‘i faqat mashaqqat bo‘ladi, bunga tayyor bo‘laylik va qolgan umrimiz bir birimizga suyanchiq bo‘laylik”, deb nasihat qildi. Ertasi kuni, ya'ni mashaqqatli umrning avvalgi kuni ham avvalgiday o‘tdi. Shunday qilib, oylar o‘tdi yillar o‘tdi-ki xuddi oldingi umrdek farog‘atda, eru xotin borib payg‘ambardan so‘rashibdi: “Axir bizlar qolgan yarmi umrimizni Alloh taolo mashaqqatli qilgan bo‘lishi kerak edi-ku, nima uchun qolgan umrimiz ham avvalgidek o‘tayapti yoki bizlar sanada adashdikmi?” Payg‘ambar ikki rakaat namoz o‘qib Parvardigordan iltijo qilib so‘rabdi, shunda Alloh taolo payg‘ambariga vahiy yuborib: “Ular farog‘atdagi umrida menga har kuni shukr qilishdi, shuning uchun Men ularning qolgan umrini ham farog‘atli qilib qo‘ydim. Kimiki Menga shukr qilsa ne'matimni ziyoda qilaman”, deb marhamat qilibdi.
“Robbingizning (bu so‘zlar)ni eslang: “Qasamki, agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”[1]
Yurtimizni tinch, hayotimizni osuda, xalqimiz hayoti farovon bo‘lishini Alloh taolodan so‘rab duo qilib qolamiz.
A.Murodov
Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani “OLAMON” jome masjidi imom xatibi
Kiritilgan vaqti: 22/09/2023 11:25; Ko‘rilganligi: 1216
Chop etilgan vaqti: 11/10/2025 04:24