Tavrot, Zabur, Injil va Furqonda harom qilingan amal

Zino axloqsizliklar ichida eng jirkanchidir. U jamiyatni ma'naviy inqiroz sari yetaklaydi. Zino insoniylik kushandasidir. Shariatimiz ahkomlarida bu illatning gunoh ekani barchaga ma'lum.
Alloh subhonahu va taolo bandalarni nafaqat zinodan, balki unga yaqin borishdan ham qaytaradi: “Fahsh–buzuq ishlarning oshkorasiga ham, maxfiysiga ham yaqinlashmang” (An'om surasi, 151-oyat).
Zino har qanday sog‘lom fikrli inson tafakkurida – u musulmon bo‘lsin yoki boshqa dinda bo‘lsin, qabih axloqsizliklar jumlasidan sanaladi. Shuning uchun ham Alloh taolo tomonidan yuborilgan barcha samoviy ahkomlarda zino gunoh ekanligi ta'kidlangan.
Alloh taolo zinoni Tavrotda, Zaburda, Injil va Furqonning ko‘p oyatlarida harom qilgan. U katta gunohdir, u bilan insonlarning hurmati oyoq osti bo‘ladi, nasablar aralashib ketadi.
Rivoyat qilinishicha, Ja'far ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: “Hurmatimni toptashlari menga yoqmaydi, mening o‘zim ham hech kimning hurmatini oyoq osti qilmayman”, degan va o‘zi johiliyat paytlarida ham zino qilmaganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Zinokor zino qilayotgan vaqtida mo‘min bo‘lmagan holida zino qiladi. O‘g‘ri o‘g‘rilik qilayotgan vaqtida mo‘min bo‘lmagan holida o‘g‘rilik qiladi. (Ichuvchi) xamr ichayotgan vaqtida mo‘min bo‘lmagan holida ichadi” (Muttafaqun alayh).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Agar kishi zino qilsa, iymon undan chiqadi va unga soyabon kabi bo‘ladi. Agar (zinodan) bosh tortsa, iymon unga qaytadi” (Abu Dovud, Termiziy, Hokim rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kimki zino qilsa yoki xamr ichsa, xuddi inson boshidan ko‘ylagini yechib olgandek, Alloh undan iymonni yechib oladi” (Hokim rivoyati).
Zino insonga dunyoda ham, oxiratda ham ko‘pgina musibatlar olib keladi. Jumladan, kishining taqvosini so‘ndiradi, obro‘sini ketkazadi, hayoni barbod qiladi, yuzdan nurni so‘ndiradi, qalbni qoraytiradi. Zino faqirlikni keltiradi, Yaratganning huzurida ham, bandalarning orasidan ham hurmati ketadi.
Zinokordan “hayoli”, “odobli”, “odil” degan nomlar o‘chib, o‘rniga “zinokor”, “fojir”, “fosiq”, “xoin” degan nomlar tamg‘alanadi, halovati ketadi, odamlar unga ishonmay qo‘yadi, qalbi torayadi va yuragi siqiladi.
Imom Ahmad Abu Umoma raziyallohu anhudan rivoyat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga bir yosh yigit kelib:
- Yo Allohning Rasuli! Menga zino qilishga ruxsat bering, – dedi. Uning bu so‘ziga odamlar hayqirib yuborishdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam esa:
- Uni yaqinroqqa keltiringlar, – dedilar. Yigit yaqin keldi. – O‘sha narsani onangga ravo ko‘rasanmi?
- Yo‘q! Alloh meni Sizga fido qilsin! – deb javob berdi yigit.
- Boshqalar ham onalariga o‘sha ishni ravo ko‘rmaydilar. U ishni qizingga ravo ko‘rasanmi? – deb so‘radilar Nabiy sollallohu alayhi va sallam.
- Yo‘q! Alloh meni Sizga fido qilsin! – javob berdi yigit.
- Shunday. Odamlar ham u ishni qizlariga ravo ko‘rmaslar. Singlingga shu ishni ravo ko‘rasanmi?
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shu zaylda yigitning ammasi, xolasini so‘radilar. Yigit har safar “Yo‘q! Alloh meni Sizga fido qilsin!” der edi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ham “Shunday. Odamlar ham uni ravo ko‘rmaslar” der edilar.
So‘ng muborak qo‘llarini uning ko‘kragiga qo‘yib:
“Allohim! Uning qalbini poklagin, gunohini kechirgin, farjini asragin!” deb duo qildilar. Shundan so‘ng yigitning eng yomon ko‘rgani zino bo‘lib qoldi.
Alloh taolo bu illatdan qiyomatga qadar keladigan jamiki avlodu zurriyotlarimizni O‘zi asrasin.
Shahobiddin PARPIYEV,
Asaka tumanidagi “Muhammadsolih” jome masjidi imom-xatibi.
Kiritilgan vaqti: 17/04/2024 10:30; Ko‘rilganligi: 707
Chop etilgan vaqti: 02/11/2025 11:37





















