O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

TAVHIDNI UCHGA BO‘LIB TALQIN QILISH – BID'AT!

 
 

Ahli sunna ulamolari ayrim kimsalarning tavhidni uchga bo‘lib talqin qilishlarini botil va qoralangan bid'atdir, deydilar. Chunki Qur'oni karimda ham, hadisi sharifda ham, salafi solihlardan hech birining, shuningdek, e'tiborli ulamolarning tilida ham bu narsa zikr etilmagan. Shubhasiz, bu ish bid'at bo‘lib, zamonamizning mushabbihalari[1] tomonidan o‘ylab topilgan. Ular bid'atga qarshi kurashishni da'vo qilsalar-da, tavhidni uchga: uluhiya, rububiya va sifotiyaga bo‘lib talqin qiladilar. Ularning bu taqsimlari asossiz ekaniga dalil shuki, Payg‘ambar alayhissalom: “Insonlar “Allohdan o‘zga iloh yo‘q va Muhammad Allohning payg‘ambaridir”, deb shohidlik bermagunlaricha, ular bilan jang qilishga buyurildim”, deganlar. U zot bu o‘rinda Allohni tavhidning uch qismiga ko‘ra yagona deb e'tiqod qilmagunlarigacha, demadilar. Mazkur hadis mutavotir[2] bo‘lib, uni Payg‘ambar alayhissalomdan bir guruh sahobalar, jumladan jannat bashorati berilgan o‘n nafar sahoba ham rivoyat qilgan. Imom Buxoriy uni o‘zining “al-Jomi' as-sahih” asarida ham keltirgan.

[1] Xudoni odamga o‘xshatib tasvirlaydigan ta'limot vakillari.

[2] Odatda, yolg‘onga yo‘l qo‘yishi mumkin bo‘lmagan rostgo‘yligi e'tirof etilgan darajadagi ko‘pchilik kishilarning boshdan oxirigacha o‘zlari kabi kishilardan naql qilgan rivoyati.

Mushabbihalarning tavhidni uchga bo‘lib talqin qilishlaridan maqsad Alloh taoloni yagona deb e'tiqod qiladigan musulmonni Payg‘ambar alayhissalom yoki avliyolardan birini vasila qilganida kofirga chiqarishdir. Zero, ularning da'volaricha, bunday musulmon Allohni tavhidi uluhiy bilan, ya'ni ilohlikda yagona deb e'tiqod qilmagan bo‘ladi. Yana bir maqsadlari zohiriy ma'nosi Alloh taoloning zotiga nomunosib bo‘lgan oyatlarni Uning zotiga muvofiq keladigan qilib ta'vil qilgan olimlarni ham kofirga chiqarishdir. Yuqorida o‘tgan mutavotir hadisdan ayon bo‘ladiki, ularning tavhidni uchga bo‘lib talqin qilishlari asossizdir. Garchi bid'atga qarshi kurashishni da'vo qilib turgan bo‘lsalar-da, ularning o‘zlari bid'atchidirlar. Chunki ular Allohning diniga musulmonlar aytmagan yangi bir bid'atni kiritib, tavhidi uluhiyaning o‘zi mo‘min bo‘lish uchun yetarli emas, balki tavhidi rububiya bilan (parvardigorlikda yagona deb) e'tiqod qilish lozim, degan fikrni ilgari surdilar. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Insonlar “Allohdan o‘zga iloh yo‘q va Muhammad Uning Rasulidir” deb guvohlik berib, namozni ado etmagunlaricha va zakotni bermagunlaricha, ular bilan jang qilishga buyurildim. Agar odamlar yuqoridagilarga amal qilsalar, mendan qonlari va mollarini omon saqlagan bo‘ladilar. Faqat Islom haqqi bundan mustasno. Ularning hisob-kitobi esa Alloh taologa havoladir”,[1] degan so‘zlariga ziddir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Allohni yagona Iloh va o‘zlarini Allohning payg‘ambari deb e'tirof qilishi bandaning mo‘min bo‘lishi uchun yetarli deb hisoblaganlar. Kofir inson shu kalimani tiliga olsa, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uni mo‘min-musulmon deb hukm qilganlar. So‘ng dinning boshqa ishlaridan oldin unga namoz o‘qishni buyurganlar. Buning dalili Bayhaqiy o‘zining “Al-e'tiqod” nomli asarida rivoyat qilgan hadisdir. Manavi kimsalar esa yangi din o‘ylab topdilar va tepadagi hadisda aytib o‘tilgan ikkita ish mo‘min bo‘lish uchun kifoya qilmaydi, dedilar. Bu – ularning aqli pastliklaridan. Chunki tavhidi uluhiya – bu tavhidi rububiyaning o‘zginasidir. Bunga dalil qabrdagi savol-javob haqida kelgan ikkita hadis bo‘lib, birida shohidlik berish lafzi bilan, ikkinchisida “Alloh Rabbimdir”, degan lafz bilan kelgan. Bu narsa shunga ishora qiladiki, “Allohdan o‘zga iloh yo‘q”, deb shohidlik berish Allohning parvardigorligiga shohidlik berishdir. Bu firqa, ya'ni mushabbihalar musulmonlar boshiga tushgan qanchalar buyuk musibat-a?!

Alaviy ibn Ahmad Haddod qalamiga mansub “Misbaah al-anaam” asarining ikkinchi bo‘limida shunday gaplar kelgan: “Tavhidi uluhiya tavhidi rububiyaning umumiy ma'nosi ostiga doxildir. Buning dalili shuki, Alloh taolo Odam alayhissalomning zurriyodlaridan ahd olayotganda ularga xitob qilib “Men sizning Rabbingiz emasmanmi?” – degan. U: “Sizning ilohingiz emasmanmi?” – degan emas. Bundan kelib chiqadiki, Alloh taolo ularning tavhidi rububiyalari bilan kifoyalangan. Ma'lumki, Alloh taoloni Parvardigor deb e'tirof etgan kishi Uni Iloh deb ham e'tirof etgan bo‘ladi. Chunki Ilohdan o‘zga Parvardigor yo‘q, balki U aynan Ilohdir. Shuningdek, hadisda qabrda ikki farishta bandadan “Ilohing kim?” – deb emas, “Rabbing kim?” – deb so‘rashi aytilgan. Demak, tavhidi rububiya tavhidi ilohiyani ham o‘z ichiga olishi o‘z isbotini topdi. Eng qizig‘i shundaki, da'vogar kazzob kimsalar “Allohdan o‘zga iloh yo‘q va Muhammad Allohning payg‘ambaridir”, deb shohidlik bergan kishiga “Sen tavhidni bilmabsan. Tavhid ikki xildir: mushriklar va kofirlar e'tirof etgan tavhidi rububiya va musulmonlar e'tirof etgan tavhidi uluhiya. Seni musulmonga aylantiradigani aynan shunisidir. Ammo tavhidi rububiyaga kelsak, u seni musulmon qilmaydi”, deydilar. Vo ajab! Kofirning ham to‘g‘ri tavhidi bo‘lar ekanmi?! Bordiyu uning tavhidi to‘g‘ri bo‘lsa, bu narsa uni do‘zaxdan chiqaradi-ku?! Chunki muvahhid[2] u yerda abadiy qolmaydi. Bu haqda aniq va ishonchli hadislar kelgan. Ey, musulmonlar! Hadis va islom tarixiga oid asarlarda islomni qabul qilish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelgan qo‘rs arablarga u zot tavhidni uluhiya va rububiyaga bo‘lib tushuntirgan ekanliklarini eshitganmisiz? Agar eshitmagan bo‘lsangiz, u holda, Alloh va Uning payg‘ambariga qilinayotgan bu bo‘hton va yolg‘onlar nima uchun?! Chunki Parvardigorni yagona deb bilgan kishi Ilohni yagona deb bilgan bo‘ladi. Parvardigorga shirk keltirgan kishi Ilohga shirk keltirgan bo‘ladi. Musulmonlarning Allohdan o‘zga Parvardigorlari yo‘q. Shuning uchun ular “Allohdan o‘zga iloh yo‘qdir!” – deganlarida Uni o‘zlarining Parvardigorlari deb e'tiqod qiladilar. Shuning uchun Undan o‘zganing pavardigorligini inkor etganlari kabi uning ilohligini ham inkor etadilar. Ular Alloh o‘z zoti, sifatlari va fe'llarida yagona ekanini tasdiqlaydilar”.[3]

Manavi bid'atchi toifa esa “Payg‘ambarlar faqat tavhidi uluhiya uchun yuborilgan. Tavhidi uluhiya – bu yolg‘iz Allohga ibodat qilishdir. Ammo tavhidi rububiyaga kelsak, u Allohni olamlarning Parvardigori, ularning ishlarini tasarruf qiluvchisi, deb e'tiqod qilishdir. Hech bir mushrik va musulmon bu xususda ixtilof qilgan emas. Bunga dalil “Qasamki, agar ulardan: “Osmonlar va Yerni kim yaratgan?” – desangiz, albatta, “Alloh”, – derlar”,[4] oyatidir”, deydilar. 

Ularning mazkur gaplari nomaqbul va tavhidi rububiya masalasida mushriklar bilan musulmonlar barobardir, degan da'volari ham asossizdir. Mushriklarning Yer va osmonlarni Alloh yaratgan, deb e'tirof etishlari tillari bilan iqror bo‘lishdir. Bu – ular ham olamlar Parvardigorini yagona deb e'tiqod qiladilar, degani emas. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham Islomni qabul qilayotgan biror kishiga: “Ikki xil tavhid bor. Musulmon bo‘lmoqchi bo‘lsang, Allohni tavhidi uluhiya asosida yagona deb e'tiqod qilishing kerak. Faqatgina Parvardigorni yagona deb bilishing senga yetarli emas”, demaganlar.

Ularning aqidalari botil ekaniga yana bir dalil Alloh taoloning Yusuf alayhissalomdan hikoya qilib aytgan so‘zlaridir. Unda kelishicha, Yusuf alayhissalom o‘zining ikki hamzindonini tavhidga chaqirgan payt ularga: “Ey, ikki hamzindonlarim! Turli-tuman “ilohlar” yaxshimi yoki yagona g‘olib Allohmi?”[5] – deganlar. Demak, Yusuf alayhissalom ularni ibodat qilinishga haqli bo‘lmish Parvardigorni – Alloh taoloni yagona deb e'tiqod qilishga chaqirgan.

Azhari sharif ulamolari tomonidan nashr etiladigan “Nur al-islom” jurnalining 1933 yil Rabiy' as-soniy oyida chiqqan sonida alloma Yusuf Dajaviy Azhariyning (vaf.1946) bir maqolasi chiqarilgan. Unda jumladan, shunday deyiladi: “Ularning tavhidni tavhidi rububiya va tavhidi uluhiyaga taqsim qilishlari Ibn Taymiyadan ilgari hech kim bilmagan taqsimdir. Shuningdek, bu aqlga ham to‘g‘ri kelmaydi. Siz buni quyiroqda bilib olasiz. Payg‘ambar alayhissalom Islomga kirgan biror kishiga ikki xil tavhid borligini, tavhidi uluhiya asosida imonga kirmaguncha musulmon bo‘lmasligini aytmaganlar. Hatto bir og‘iz so‘z bilan bo‘lsa-da, unga ishora qilmaganlar. Tavhidni uchga taqsim qiladiganlar barcha ishda ularga ergashishlarini aytib maqtanadigan salaflarning birortasidan bu gap quloqqa yetib kelgan emas. Bunday taqsimning hech qanday ma'nosi yo‘qdir...

Ular dalil qilib keltirayotgan “Qasamki, agar ulardan: “Osmonlar va Yerni kim yaratgan?” – desangiz, albatta, “Alloh”, – derlar” oyatiga kelsak, Allohning yagona ekaniga dalolat qiladigan qat'iy dalillar va ochiq-oydin oyatlar oldida ojiz qolganliklari uchun kofirlar o‘sha vaqtning hukmiga itoat qilib, shu gaplarni aytishga majbur bo‘lganlar. Ular hali qalblarida barqaror o‘rnashmagan yoki dillariga yetib bormagan narsani tillari bilan aytgan bo‘lsalar ham ajab emas. Buning dalili shuki, ular bu gaplarni yuqoridagi so‘zlari yolg‘onligiga ishora qiladigan narsalar bilan qo‘shib gapirganlar. Zarar yoki foyda berishni Allohdan o‘zgasiga nisbat berganlar.  Yana bir dalil shuki, ular Alloh taoloni umuman bilmaganlar, hatto arzimas ishlarda bo‘lsa ham o‘zgalarni Undan oldin qo‘yganlar. Agar xohlasangiz, ularning Hud alayhissalomga aytgan ushbu gaplarini bir o‘qib ko‘ring: “Seni balkim ilohlarimizdan birortasi chalib ketgandir, deb bilamiz”.[6] Shunday ekan, Ibn Taymiya qanday qilib “mushriklar, albatta, sanamlar zarar ham, foyda ham bermaydi, deb e'tiqod qilar edilar va hokazo”, deydi?! So‘ngra siz ularning o‘z ekinlari va chorva hayvonlari haqidagi so‘zlarini ham bir o‘qib ko‘ring-a: “Bu Alloh uchun, bunisi sherik (but)larimiz uchun”, – deydilar. Bas, butlari uchun bo‘lgani Allohga yetib bormaydi. Alloh uchun bo‘lgani sherik (but)lariga “etib” boradi”.[7]  Demak, ular o‘zlarining sherik (but)larini eng mayda va haqir ishlarda ham Alloh taolodan ustun qo‘yganlar.

Alloh taolo mushriklarning but va sanamlar to‘g‘risidagi e'tiqodlarini bayon qilib, shunday degan: “Oralaringizda (Allohga) sherik deb gumon qilib yurgan shafoatchi (oqlovchi)laringizni sizlar bilan birga ko‘rmayapmiz”.[8] Alloh taolo bu oyatda mushriklar butlarni o‘zlarining sherik (but)lari deb e'tiqod qilishganini zikr qilgan. Ularning ana shunday so‘zlaridan biri Uhud jangi kuni Abu Sufyonning “Hubalga shon-sharaflar!” – deganidir. O‘shanda Payg‘ambar alayhissalom unga “Alloh eng oliy va buyuk zotdir!” – deb javob qaytarganlar. Shunday bo‘lgach, siz avval bu gaplarga bir nazar soling-da, undan keyin menga ayting-chi, Ibn Taymiya mushriklarga nisbat berib, “Ular bu tavhid (tavhidi rububiya) borasida xuddi musulmonlardek barobardir. Ular tavhidi uluhiyaga qolganda mo‘minlardan ajralib oldilar”, deb aytayotgan o‘sha tavhidda nimani ko‘rayapsiz?”.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ahli sunna val jamoa aqidasiga ko‘ra musulmonlar e'tiqod qilib kelayotgan tavhidni uchga – tavhidi uluhiya, tavhidi rububiya va tavhidi sifotiyaga bo‘lib talqin qilish Ibn Taymiyaga qadar mavjud bo‘lmagan. Uni uchga bo‘lib talqin qilayotgan hozirgi “shayx”lar ham ulamolar hamfikr bo‘lgan aqidani qo‘yib, ularga qarshi fikrda bo‘lgan Ibn Taymiyaning aqidasini tutgan zalolatdagi kimsalardir.

Tavhidni uchga bo‘lib talqin qilish zamirida Alloh taologa duo qilayotib, Unga payg‘ambarlar, avliyolar va boshqa ulug‘ zotlarni vasila qilgan mo‘minlarni kofirga chiqarish, bu orqali uning qonini to‘kish, mol-mulkini o‘zlashtirib olishni halol qilib olish, tinch va ahillikda hayot kechirayotgan musulmonlar orasiga nizo urug‘ini sochish bordir.

 Alouddin Hofiy

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

katta ilmiy xodimi

 

[1] Buxoriy, Muslim rivoyati.

[2] Allohni yagona Iloh deb e'tiqod qilgan banda.

[3] Abdulloh ibn Alaviy Haddod. Misbahul anaam va jalaauz-zolaam. – Turkiya.: maktabatul haqiqat. 2014.

[4] Luqmon surasi, 25-oyat; Zumar surasi, 38-oyat.

[5] Yusuf surasi, 39-oyat.

[6] Hud surasi, 54-oyat.

[7] An'om surasi, 136-oyat.

[8] O‘sha sura, 94-oyat.


Kiritilgan vaqti: 01/04/2021 09:40;   Ko‘rilganligi: 1368
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/tavhidni-uchga-bolib-talqin-qilish-bidat
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 19:02
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing