O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Tavba ham – ibodatdir

 
 

Dinimiz haqiqiy ma'noda insoparvar va rahm-shavqat dinidir. Alloh taolo bandalariga mehribon, ulardan sodir bo‘lgan xato va kamchiliklarni kechirishga doim tayyor. Shuning uchun Alloh tolo bandalari bilib-bilmay xatoga yo‘l qo‘yganda ularni tavba qilishga chaqirdi: “Barchangiz Allohga tavba qilingiz, ey, mo‘minlar! Shoyad, (shunda) najot topsangiz” (Nur surasi, 31-oyat).

Mo‘min-musulmon kishi barcha gunohlardan tavba qilishi vojib bo‘ladi. Chunki, Alloh taolo mo‘min-musulmonlarni chin tavba qilishga targ‘ib qildi: “Ey, iymon keltirganlar! Allohga chin tavba qilingiz, shoyadki, Rabbingiz sizlarning gunohlaringizni o‘chirib, ostidan anhorlar oqib turadigan (jannatdagi) bog‘larga kiritsa!” (Tahrim surasi, 8-oyat).

         Chin tavba – darhol gunohdan to‘xtash, o‘tgan gunohlarga pushaymon bo‘lish, kelajakda o‘sha gunohni qilmaslikka azmu-qaror qilish, agar gunoh bandaning haqqiga bog‘liq bo‘lsa, haq egasini rozi qilishdir.

         Qur'oni karim oyatlarining 87 ta o‘rnida tavbaga targ‘ib etilgan. Agar astoydil tavba qilinsa, har qanday gunohning kechirilishiga umid bor.

         Qur'oni karimda gunohlardan tavba qilmagan kishilarni “zolimlar” deb atalgan: “Kimki tavba qilmasa, bas, aynan o‘shalar (gunoh ishlar bilan o‘zlariga nisbatan) zulm qiluvchilardir” (Hujurot surasi, 11-oyat).

         Alloh taolo O‘zining fazlu karami bilan jaholat tufayli gunoh qilib, keyin unga afsus-nadomat chekkan kishilarning gunohlarini kechirishini va'da qilgan: “Albatta, Allohning tavba qabul qilishi faqat yomonlik (gunoh)ni bilmasdan qilib qo‘yib, so‘ngra tezlik bilan tavba qilganlar uchun (muqarrar)dir. Alloh aynan o‘shalarning tavbasini qabul qilur. Alloh ilm va hikmat egasidir” (Niso surasi, 17-oyat).

         Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam shunday deydilar:

“Ey, insonlar! Allohga tavba qilinglar. Zero men bir kunda yuz marta tavba qilaman” (Imom Buxoriy rivoyati).

         Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallamning tavba qilishi va istig‘for aytishi gunoh sababidan emas. Chunki u zot  sollalohu alayhi vasallam kattayu kichik gunohlardan pokdir. Lekin payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam kamtarlik qilib, Alloh taoloning azamatiga loyiq bandachilik qilolmadim deb hisoblaganlari uchun tavba qilganlar. Yana bu hadisda ummatlarini tavba va istig‘forga qiziqtirish ham bor. Zero gunohlardan pok zot bir kunda yuz marta tavba qilgan bo‘lsalar, gunohkorlarning holi qanday bo‘lishi kerak?

         Boshqa bir hadisda Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam: “Odam bolasining bir vodiy to‘la oltini bo‘lsa ikkita (oltin to‘la) vodiy bo‘lishini xohlayi. Odamning og‘zini faqat tuproq to‘ldiradi. Alloh taolo tava qilganlarning tavbasini qabul qiladi”,-deydilar (Imom Buxoriy rivoyati).

         Keling azizlar, boshimizga tushib turgan bu sinov, musibat kunlarda ham, nafl ro‘zalarini tutib, ibodatlarimizni ziyoda etaylik. Savobli amallarni ko‘proq bajarib, tavba va istig‘forda bo‘lish orqali Robbimizning suyukli bandalari qatorida bo‘laylik!

Rahmonov Abduqayum - Urgut tuman “Abduqahhor” jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 08/04/2020 10:52;   Ko‘rilganligi: 1849
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/tavba-ham-ibodatdir
Chop etilgan vaqti: 27/04/2024 02:07
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing