Tasavvufda adashmang!
Tasavvuf, so‘fiylik – islomda insonni ruhiy va axloqiy jihatdan komillik sari yo‘llovchi ta'limot. Tasavvuf so‘zining o‘zagi va mazmuni haqida olimlar turli fikr va taxminlar bildirishgan. Ular ichida Ibn Xaldunning fikri to‘g‘riroq deb e'tirof etilgan. U “Muqaddima” asarida: “Tasavvuf “suf” ya'ni “jun”, “po‘stin” so‘zidan olingan bo‘lishi kerak, zero qadimdan tarkidunyo qilgan zohidlar jundan to‘qilgan kiyim yoki po‘stin kiyib yurishni odat qilganlar va bu bilan ular bashang kiyinib yuruvchi ahli dunyolardan farqli hayot tarzini o‘zlarida namoyon etganlar,” deydi. Tasavvuf va so‘fiy so‘zlari IX asrning boshlarida yashagan Abu Hoshim So‘fiydan boshlab joriy etilgan. Undan oldingi davrlarda bu atama o‘rnida zuhd,zohidlik, tarkidunyochilik, taqvodorlik, parhezkorlik kabi so‘zlar ishlatilgan.
Keyinchalik tasavvuf rivojlanib, fan sifatida shakllandi va o‘ziga xos istelohlar ishlab chiqildi. Masalan, tasavvuf ilmidan saboq beruvchi shaxs - shayx, murshid, pir, eshon, xoja, mavlo, mavlono, maxdum kabi unvonlar bilan tanilgan. Tasavvufdan saboq oluvchi shaxs - murid, solik, ahli dil, ahli hol, mutasavvif kabi nomlar bilan atalgan. Tasavvuf bo‘yicha oliy maqomlarga erishgan sohibkaromat pirlar - valiy, avliyo, qutb, aqtob, avtod, chilton, abdol, abror, ahror, nujabo, nuqabo, siddiq, g‘avs deyilgan. Tasavvuf ahli ba'zan oshiq, faqir, haqir, darvesh, qalandar, zohid, orif, devona, ahli muhabbat, ahli suluk, rijolul g‘ayb, gado kabi atamalar bilan ham ifoda etilgan.
Tasavvuf tariqatlarining insoniyat ma'naviyatini yuksaltirishga qo‘shib kelayotgan benazir hissasi butun dunyo xalqi tomonidan e'tirof etilsada, ba'zan islom olamida tasavvufga salbiy nazar bilan qarash, uning tariqatlari, mashoyixlari va karomatlarini inkor etish ko‘zga tashlanadi. Burhoniddin Biqoiyning “Tasavvuf inqirozi”, Abdurahmon Dimashqiyning “Naqshbandiya tahlili” kitobi va boshqa kitoblarda tasavvufning barcha tariqatlari va ularga doir asarlar hamda mashoyixlar qattiq tanqid qilingan. Aziz avliyolarning maqbara va mozorlarini ziyorat qilish shirk deb sanalgan. Vaholanki, ularning bu da'volari shar'an asossizdir.
Tasavvufning maqsadi qalbni poklash bo‘lib, yuksak odob-axloqni targ‘ib qiladi. Tassavvufdagi inson tarki dunyochilik qilmaydi, zamon bilan hamnafas yashab, kerak bo‘lsa jamiyatga eng foydali bo‘lgan kasb va ilmlarni egallab, tili zikrda, aqli ilmda va qo‘li hunar bilan band bo‘ladi, dunyoqarashi keng inson hisoblanadi.
Ba'zi adashgan tasavvufdagi toifalar, dinda g‘uluvga ketganini ko‘ramiz. Ilm olishda sustkashlik, farzandlarni ta'lim muassasalarida o‘qitmaslik, kasb-korni tashlab, pir deb bilgan insonining suhbati va yonida bo‘lishi, jamoat ishlari va tadbirlarida ishtirok etmaslik, o‘z piriga “qo‘l bermagan”larni adashganlikda ayblash, turli urfga kirgan zamonaviy kiyimlarni kiymaslikka targ‘ib qilish kabi qarashlar tasavvufdaman degan insonlarning noto‘g‘ri ishlaridir.
Doimo ilm olib, zamondan xabardor bo‘lib, ba'zi ilmsiz kishilar fikriga qo‘shilib, tasavvufda adashib qolmang!
S.Mirzayev
Samarqand shahar "Shoxi Zinda" jome' masjidi imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 08/09/2023 15:15; Ko‘rilganligi: 1033
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 16:18