O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Taraqqiyot kushandasi

 
 

Bugungi kunda  yurtimizda turli sohalarda erishilayotgan barcha ulkan yutuqlar va islohatlar  zamirida jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik hisoblanadi.

Dunyo miqyosida xalqaro terrorizm avj olishining  bir sababi, uni qo‘zg‘atuvchi omillardan biri narkobiznesdir. Narkobiznes ham xalqaro terrorizm bilan egizakdir. Undan manfaatdordir va uni yuzaga keltiruvchi omillardan biridir. Terrorizmning amal qilgan tamoyili aholi o‘rtasida vaqti-vaqti bilan “qo‘rqinch solish”,  shu asosda o‘zining g‘arazli maqsadlariga erishishdir.

   Shu kabi illatlarni bartaraf etuvchi qudratli vositalardan biri bu insonparvarlik, tinchliksevarlik, ma'rifatparvarlik, bunyodkorlik va shuningdek, milliy va diniy qadriyatlardir.
Islom diniga e'tiqod qiluvchi Markaziy Osiyo xalqlari asrlar osha boshqa din vakillari bilan ahil yashab, olamshumul qashfiyotlar qilish va umumjaxon tamadduniga benazir hissa qo‘shish baxtiga muyassar bo‘ldilar. Boshqacha aytganda, dinlararo bag‘rikenglik, uyg‘unlik bunyodkorlikning qudratli manbai ekanligini amalda isbotlab keldilar.

       So‘nggi yillarda aqidaparast oqimlar yoshlar ichidagi faoliyatini mehnat migrantlarini ta'sir doirasiga olish, “hujralar” tashkil etish, diniy ekstremistik mazmundagi materiallarni elektron ko‘rinishda tarqatish, internet orqali targ‘ibot o‘tkazish kabi usullarda amalga oshirmoqda.Buning oqibatida dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan musulmon yoshlar “hijrat” qilish va “jihod”da ishtirok etish da'vosida noma'lum guruhlar safiga borib qo‘shilayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz.
Afsuski, yoshlar muayyan qismi yot oqimlarni haqiqatda ham islom dinini butun dunyoga tarqatish, islomiy davlat barpo etgan holda dunyoda adolat o‘rnatishni maqsad qilgan tashkilot deb hisoblaydi. Bunday fikrlovchilar Markaziy Osiyoda, xususan, O‘zbekistonda ham bor ekani hech kimga sir emas. Bunday yoshlar  insonlarga qarshi sodir etilayotgan jinoyatlarni go‘yoki xalifalik qurish uchun joiz amal hisoblab, qattiq adashmoqdalar. Aslida, mutaassib oqim a'zolarining maqsadlari — “jihod”, “hijrat”, “shahidlik”, “kofirga chiqarish” kabi diniy tushunchalarni soxta talqin qilish orqali yoshlarimizni oilasi va yaqinlarining ta'siridan chiqarish, o‘qish yoki ishidan ajratib olish hamda ularni qurolli to‘qnashuvlar ketayotgan  mamlakatlarga jo‘natib, manqurt-jangari yoki “tirik bomba”ga aylantirishdan  iborat.

         Yana e'tibor berish lozim bo‘lgan bir holat, niqob ostidagi kishilar o‘zlariga ergashmagan barcha musulmonlarni “kofir”ga chiqarib, erkaklarni qatl qilib, ayollar va bolalarni esa qul sifatida sotish kabi qabih  ishlarga qo‘l urayotgani guvohi bo‘lmoqdamiz. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda aytiladi: “Nabiy (s.a.v.) dedilar: “Alloh dedi: “Uch (kishi) borki, Qiyomat kuni men ularga xusumatchiman: Mening nomim bilan (ahd) berib, keyin hiyonat qilgan kishi; hur odamni sotib, pulini yegan kishi; ishchi yollab, undan (ishni) to‘la talab qilib olib, haqini bermagan kishi”.

 Ba'zi adashgan  yoshlarimiz odamfurushlardan o‘rnak olmoqchimi?

     Bugun ummat undaylarga emas, tinchlikni targ‘ib qilayotganlarga, o‘z yurti ulamolariga quloq solishni aytayotganlarga, vatanni ko‘z qorachig‘idek asrash lozimligini uqtirayotganlarga ergashishi lozim. Butun dunyoni vatanparvarlik qutqaradi! Ummatning najoti bugun hamjihatlikdadir!

          Afsuslar bo‘lsinki, hozirgi vaqtda o‘z ota-onasi, farzandlaridan, qolaversa o‘z Vatanidan  voz kechib, o‘sha terroristik guruhlarga qo‘shilgan yurtdoshlarimiz yo‘q emas. Ularni “yurtdosh”, “vatandosh” deyishga ham uyalasan kishi.

Azizlar! Vatanimiz yildan-yilga, kundan-kunga rivojlanib, obod bo‘lib bormoqda. Mana shunday yurtda yashab, uning uchun xizmat qilish, har bir aqli raso Vatandosh uchun sharaf. Buning uchun Yaratganga behisob shukrlar aytishimiz kerak bo‘ladi. Ha, azizlar, Allohning bergan ne'matlariga shukr qilsak, albatta Alloh bizlarga o‘z ne'matlarini ziyoda qiladi.

O.Nazarov, Pastdarg‘om tuman imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 04/07/2020 11:52;   Ko‘rilganligi: 834
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/taraqqiyot-kushandasi
Chop etilgan vaqti: 27/04/2024 09:32
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing