O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

TAKFIR TUSHUNCHASI

 
 

Avvalam bor, bu iboraga to‘xtaladigan bo‘lsak arab tilidagi “kufr” so‘zidan olingan bo‘lib, lug‘atda “inkor qilish”, “tan olmaslik” – degan ma'nolarni anglatadi.

Istilohda esa ikki  ma'noni bildiradi. Birinchi ma'nosi Alloh va uning rasuliga itoatsizlik qilish. Ikkinchi ma'nosi berilgan ne'matlarni inkor qilish, ya'ni noshukurchilik qilishdir.

Qur'oni karimda kufr lafzi bir necha ma'noni anglatadi. Ba'zi oyatlarda kufrdan maqsad, kishini islom dinidan chiqaradigan kufr bo‘lsa, ba'zi oyatlarda esa kishini islom dinidan chiqaradigan kufr emas, balki cheklov yoki to‘xtamlarni o‘z ichiga oladi.

Bir kishi  kufrga majburlansa va u o‘z jonini saqlab qolish uchun kufr lafzini aytsa, lekin qalbi iymonda bo‘lsa majburlanganligi uchun ulamolar unga gunoh bo‘lmasligiga, u kishi haqida “kofir” deb hukm chiqarmaslikka ijmo qilganlar.

Hozirda ba'zi aqidasi buzuq oqimlar tomonidan iymonning asl shartlarini bilmasdano‘zlarini “takfir” tushunchalari bilan ko‘p musulmonlarni kofirga chiqarmoqdalar. Go‘yoki kishi  qilgan gunohi kabira sababli kofir bo‘ladi degan da'volarni va g‘oyalarni ko‘ndalang qilmoqdalar.

Agar kishi gunohi kabira sababli kofir bo‘lganda edi, gunohlarni bu o‘g‘rilik, bu zino, bu ribo, bu yo‘lto‘sarlik va hokazo deb  ajratib ko‘rsatmas edi, vaholanki bu gunohlar sababli dindan chiqib kofir bo‘ldi deb hukm qilingan bo‘lar edi.

Shu sababdan ham ulamolarimiz o‘zga shaxslarni “kufr”ga chiqarishdan ogohlantirib qattiq qaytarganlar.

Hazrati Umar r.a. rivoyat qilgan hadisda  payg‘ambarimiz s.a.v. aytadilar: - “Agar kishi birodariga “Ey kofir”- desa u so‘z ikkisidan biriga qaytadi.

Jumhur ulamolar  ittifoqiga ko‘ra “ahli qibla” bo‘lgan musulmonni kofirga chiqarmaslik lozimdir.

Mazxab boshimiz Abu Xanifa r.a. o‘zlarining “Fiqh-ul Akbar” nomli kitoblarida keltirganlar: “Biror bir musulmonni gunohi sababli, agarda o‘sha gunohi kabira bo‘lsa ham,  madomiki o‘sha gunohni halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz. Undan Iymon ismini ketkazmaymiz va uni haqiqiy mo‘min deymiz, fosiq mo‘min bo‘lmoqligi joizdir, lekin kofir emas”-deganlar.

Xavorijlar va ularning izdoshlari kishi gunohi kabira qilganligi uchun kofir bo‘ladi – deyishadi.

Islomda –Shahodat kalimasi bo‘lib, u bilan inson musulmon bo‘ladi.

Abu Zarr r.z.dan  Payg‘ambarimiz s.a.v. aytadilar:- “Ummatimdan biror kishi Allohga hech bir narsani sherik qilmagan holda vafot etsa, jannatga kiradi”-deganlar. (Imom Buxoriy)

Xulosa qilib imom Tahoviyning so‘zlarini keltiramiz: “Qibla ahlidan bo‘lgan biror bir musulmonni gunohi tufayli kofir sanamaymiz”.

Unga to‘laligicha musulmonlarga qilinadigan muomala qilinishi lozim. Alloh oxiratda xohlasa azob beradi, xohlasa najod beradi.

 Toyloq tuman “Gadoyqushchi” jome masjidi imom xatibi Ibodulloyev Ibrohimxon.


Kiritilgan vaqti: 04/12/2021 11:36;   Ko‘rilganligi: 2048
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/takfir-tushunchasi
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 07:40
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing