O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Sunnat va hadislarga amal qilganlarning ishlari to‘g‘ri, o‘zlari najotda bo‘ladi

 
 

Hozirgi kunda aksar kishilar diniy ma'ruzalarni audio holatda tinglashni xush ko‘rishlariga guvoh bo‘lamiz. Ba'zilar video suhbatlardan ham bahramand bo‘lishadi. Bu holatlar ham albatta ummat uchun manfaatlidir. Ilmning asosiy manbai bo‘lgan kitoblarni mutolaa qilish esa ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishdan ko‘ra kam ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Mayli, asosiysi ilm va ma'rifatni qaysi manbadan bo‘lsada egallashdir.

Ammo so‘ngi vaqtlarda ilm hosil qilish yo‘lida biroz sayozini tanlayotgandekmiz. Misol tariqasida aytishimiz mumkinki, islomning asl manbalari bo‘lgan Qur'oni karim va hadis shariflarni o‘rganishga bo‘lgan e'tibor kamayib ketgandek. Eshituvchilar aksar hollarda joydori tilda, hayotiy misollar, ba'zida qattiq ohangda va hatto qo‘pollik, haqorat so‘zlar bilan aytilgan ma'ruzalarni tinglashni xush ko‘rishlariga guvoh bo‘lamiz. Oyati karima va hadis shariflarning izohi bilan yo‘g‘rilgan suhbatlar ular uchun “zerikarli”, tushunish qiyn mavzu emish. Bahs, tortishuvlardan iborat munozaralar ijtimoiy tarmoq orqali jonli uzatilganda kuzatuvchilar soni juda ko‘p bo‘lgani, qachonki diniy-ma'rifiy suhbat va darslar boshlanganda kuzatuvchilar soni keskin kamayib ketgan hollari kuzatilgani ta'kidlanmoqda. Kechagi suhbatni eshitdingmi, rosa qizidi. Ancha tortishuv bo‘ldi, falonchi bofladi, deb bir birlari bilan fikr almashayotganlarni ko‘rib qolamiz. Agar ularga dindan qanaqa masala o‘rganding, qaysi gaplar sening e'tiqod va taqvoyingni yaxshi tomonga o‘zgarishiga sabab bo‘ldi, deb savol bersangiz hech bir so‘z ayta olmasliklari aniq. Bu nimadan dalolat, oyat va hadislardan, go‘zal pandu nasihat va suhbatlardan, ilm majlislaridan va umuman ilmdan uzoqlashib borayotganimizga ishorami?!

Yana bir holat. Mashhur allomaning tashrifi haqida eshitgan ixlosmandlar  u kishning suhbatiga oshiqadilar. Qaytganlaridan so‘ng taassurotlarini tinglasangiz hammasidan ajablanlarli bo‘ladi. Falonchi hazrat keldilar, birga suratga tushishga muvaffaq bo‘ldim, yonlarida turdim, salom-alik qildim va hakozo taassurotlarni to‘lqinlanib aytib yurishadi. Olimga muhabbat qilish, duosini olish, uni ehtirom etish ham fazilatli amal hisoblanadi. Lekin, ziyoratiga borib, shunchaki selfiga tushish, keyinchalik boshqalarga bu haqda g‘ururlanib aytish orqali faxrlanish hech bir manfaat keltirmaydi.

Oyat va hadislarga yo‘g‘rilgan ilmiy suhbatlar majlislarning eng a'losidir. Qur'oni karim Islom binosining asosi, bosh dasturi va Islom shariati, hukmlari va odoblarining birinchi manbaidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari esa Islom shariatining Qur'ondan keyingi ikkinchi asl manbai hisoblanadi. Bu ikki manbaning ham asosi ilohiy vahiydir. Hadis shariflarning mavqei haqida Qur'oni karimdan birgina dalil keltirish bilan kifoyalanib qo‘ya qolaylik. Allohu taolo:

“U havodan gapirmas. Bu faqat qilinadigan vahiydir” (Najm, 3)-degan.

Ya'ni, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning har bir gaplari Allohning vahiysidir. U kishi o‘z havoyi nafslaridan gapirmaslar. Ana shundan ko‘rinib turibdiki, Sunnat, hadis shariatimizning ikkinchi masdari – manbasi hamdir.

Qur'oni Karimda ushbu ma'nolardagi oyatlar juda ham ko‘p. Ularning hammasi ham Sunnatning Islom shariati uchun ikkinchi masdar ekanligiga dalolat qiladi. Bu masalani Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam O‘zlari ham alohida va qayta-qayta ta'kidlaganlar. U zot bobarakot o‘z hadislaridan birida:

Sizning ichingizda ikki narsani qoldirdim. Agar ularni mahkam tutsangiz, hech adashmaysiz. Bular – Allohning kitobi va Mening sunnatimdir”-deganlar.

Demak, musulmon kishi sunnat va hadissiz hayotini tasavvur qilishi mumkin emas ekan.

Imom Abu Hanifa rahmatullohu alayh: “Madomiki insonlar orasida hadis talab qiladigan kishilar bor ekan, ular salohiyatda bardavom bo‘ladilar. Agar ilmni hadissiz talab qilsalar buziladilar”, deganlar. Imom Molik rahmatullohu alayh esa: “Sunnatlar Nuhning kemasi kabidir. Kim unga minsa najot topadi. Kim undan ortda qolsa, g‘arq bo‘ladi”, deb aytganlar. Sunnat va hadislarga amal qilganlarning ishlari to‘g‘ri, o‘zlari najotda bo‘lar ekanlar.

Imom Buxoriy kabi zotlar butun umrlarini hadis va sunnatlarni keyingi ummatga yetkazishga sarf qilgan. Bu yo‘lda qanchadan qancha mashaqqat chekkan. Qaysi shaharga borib, masjidda hadis darsi tashkil qilsalar minglab kishilar hadis eshitish uchun yig‘ilib kelishgan. Xuddi shuningdek, o‘zimizning yurtimizda ham shunday holatlar kuzatilgan. Endichi, hadis zerikarli va tushinish qiyn bo‘lib qolibdi.

Hishom ibn Hishom ibn al-G‘oziy imom Molikdan hadis aytishni so‘ragan, Imom Molik esa shu payt tik turgan edilar. Shunda imom Molik Hishomni yigirma qamchi urdilar. So‘ng unga shafqat qilib, yigirmata hadis aytdilar. Shunda Hishom: “Qani endi ko‘proq urganingizda, shu sababli men ham ko‘p hadis eshitib olar edim”, dedi.

Salafi solihlarning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga hamda u zotning hadislariga bo‘lgan muhabbatlari va odoblari mana shunday edi. Alloh taolo bizlarni ham ularning muhabbati va odoblari bilan ne'matlantirsin. Omin!

 Sarvarxo‘ja Boboyev – Samarqand shahar “Muhammad Amin ota” jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 21/05/2024 12:05;   Ko‘rilganligi: 311
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/sunnat-va-hadislarga-amal-qilganlarning-ishlari-togri-ozlari-najotda-boladi
Chop etilgan vaqti: 16/01/2025 21:06
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing