O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

SOXTA TARIQATCHILARGA RADDIYA!

 
 

Tasavvuf yo‘nalishida ham asl tasavvufni tushunmasdan, buzib talqin qiladigan toifalar uchrab turadi. Ularning faoliyatiga e'tiroz bo‘layotgan eng asosiy masalalarning  biri tariqatga kirgan kishiga ilmning shart emasligi va hatto ilmni tark qilish afzalligi. Ba'zi bir soxta tariqatchilar bunga ushbularni dalil qilib keltiradilar. Avvalo ilmning mohiyati ibodatga vosita bo‘lishidir. U orqali inson Robbisini taniydi va unga bandalik qilishga harakat qiladi. Modomiki inson Allohga ibodat qilish yo‘liga o‘tgan ekan, unga ilmning keragi yo‘q.

Ikkinchidan: Allohning dargohidan  quvilgan Azozil, ya'ni Shayton ham bir paytlar juda ilmli bo‘lgan va hatto farishtalarga dars bergan. Biroq Alloh taolo Odam a.s.ni yaratib, barcha mavjudotni unga sajda qilishga buyurganida Shayton bosh tortdi va “Meni olovdan yaratding, uni esa botqoqdan,” – deb e'tiroz bildirdi. Bu mam-manligi tufayli Allohning dargohidan quvildi,” – deb dalil keltirishadi. Soxta “tariqatchilik”ning islomga va jamiyatga keltirayotgan uta joxilona zararlaridan ayrim mutaassib muridlar tomonidan pirning tahoratidan qolgan suvni iste'mol qilinishi holatlari uchraydi. Hozirda o‘zlarini tariqatchimiz deb da'vo qilyotganlar avvalo an'anaviy tariqat asoslarini qo‘pol tarzda buzayotganlari, qolaversa shariat ko‘rsatmalariga ham amal qilmayotganlari namoyon bo‘lmoqda. Jumladan, pirning tahoratidan qolgan suvni tabarruk qilib ichish masalasida ular qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ymoqdalar. Birinchidan, bizlar XXI asrda yashamoqdamiz va “toza suv”, “ifloslangan suv”, “mikrob”, “yuqumli kasallik” degan tushunchalar barchaga ma'lum. Odam yuvinganda yoki tahorat qilganda suvga uning yuz-qo‘lidan turli zararli mikroblar tushishi mumkin va uni ichishning oqibati og‘ir kasallik bilan tugashi mumkin. Ikkinchidan, yuqorida zikr qilingan “Maktubot” asarida Imom Rabboniy: “Tahoratni niyat qilib ishlatilgan suvni ichish mumkin emas. Imom A'zam nazdida bu suv najosat bilan aralashgan bo‘ladi. Faqihlar uni ichishni man etganlar”, – deydi.

Ko‘rinib turibdiki, ayrim tariqatchilarning qilayotgan amallari shariat asoslariga ham, tariqat an'analariga ham to‘g‘ri kelmaydi. Bundan tashqari, oddiygina insoniy mantiq mezoniga ham mos emas.

Aslida tasavvuf namoyandalari hech qachon ilmga qarshi bo‘lmaganlar, balki ilmsizlik bilan tariqat uyg‘un bo‘la olmasligini uqtirib kelganlar. Shu o‘rinda biz tariqat mezonlari teranroq anglash, asl mohiyatni tushunish maqsadida  tarixga murojaat qilamiz: XVIII  asrda Markaziy Osiyoda Naqshbandiya-Mujaddidiya tariqatining rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shgan alloma Musoxon Dahbediyning shogirdlaridan biri Xalifa Siddiqning bu boradagi qarashlari va amalga oshirgan islohotlarini misol qilib keltiramiz. U sulukka rahbarlik qila boshlagach, Naqshbandiya-Mujaddidiya suluki O‘rta Osiyo, Sharqiy Turkiston va Dashti Qipchoqni o‘z ichiga olgan keng hududga yoyildi. Bu haqda XVIII asrda Markaziy Osiyoda kechgan ijtimoiy-siyosiy va madaniy-diniy vaziyatni qog‘ozga tushirgan tarixchilardan biri Jumaquli Xumuliy (tug‘.y.1776/77)ning “Tarixi Xumuliy” asaridan batafsil ma'lumot olish mumkin.

Xalifa Siddiq sulukni boshqarishda o‘zidan avvalgilardan farqliroq noan'anaviy yo‘lni tanladi. Uning o‘ziga xos jihatlaridan biri shu ediki, muridlarni zikr o‘rniga ko‘proq Qur'on o‘qishga chaqirardi, turli diniy bilimlarni, shariat ahkomlarini o‘rganishga buyurardi. Halqalarda ko‘pincha Atoulloxo‘ja Buxoriy, Farg‘ona shayxul islomi Eshon Zokirxo‘ja Marg‘inoniy, shayxul islom Mir Abdulhayxo‘ja Samarqandiy kabi o‘sha zamonning fozil, olim kishilari tashrif buyurib, soliklarga tafsir, hadis, fiqh kabi fanlardan darslar o‘tishardi. Har kuni zikr halqasidan va ishroq namozining o‘rtasida “Tafsir al-Baydoviy”, “Mishkoti sharif” va boshqa sahih kitoblarni ilm toliblari mazkur ulamolardan o‘rganar edilar. Farz namozlaridan so‘ng xush ovoz qorilarga Qur'on o‘qishni, chiroyli ta'birli shoirlarni masnaviy o‘qishga buyurar edilar.

Naqshbandiya tariqatiga oid mahalliy suluklar vakillari (Hindiston, Qashqar mintaqalaridan tortib to Bolqon va shimoliy Afrikagacha) o‘zlarining mamlakatlarida siyosiy va iqtisodiy barqarorlik va osoyishtalik o‘rnatish, qabilalar o‘rtasida esa tinchlik va totuvlikka faqat shariat ahkomlarining mustahkamligi orqali erishish mumkin, degan xulosaga kelganlar.

Egamberdiyev Shuhrat Kattaqo‘rg‘on tumani “Valijonjome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 19/10/2021 16:38;   Ko‘rilganligi: 765
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/soxta-tariqatchilarga-raddiya
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 07:28
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing