SOXTA TAQVODORLARGA RADDIYA!
Nafsi semirib, ko‘zini shira bosib o‘zidan boshqalarni xotirjamlik bilan g‘iybat qilishni o‘ziga kasb qilib olgan xudbinlar ko‘payib ketgani sir emas. Egniga sunnatga mos libos kiyib, o‘zini taqvodor ko‘rsatadigan ayrim qo‘shyuzli kimsalar borki, gapirayotgan va'ziga quloq solsangiz boshidan oxirigacha g‘ij-g‘ij g‘iybat, fisq-fasoddan iborat fitnalar xolos. Bir tomondan mazhab imomlariga tosh otsa, ikkinchi tomondan mazhab tobelarining ustidan kulishadi. Xalqni haqqa chorlab turgan mehrob sohiblari imom domlalarimiz haqida aytgan kurakda turmas ig‘volarini, marhum shayx hazratlaridek katta olimlarni ham ta'na toshlariga ko‘mib tashlashlariniku, gapirmasa ham bo‘ladi. Eng achinarlisi, ular bu qabihliklarini o‘zlaricha “qurbat” hisoblashadi. Bu ishlari bilan o‘zlarini dinga xizmat qiluvchi sodiq xodim, din himoyachilari deb tasavvur qilishadi. Ilm ahllarini ko‘zga ilmaslik, mensimaslik, ularning obro‘sini to‘kish harakatlari aslida din dushmanlarining ishidir. Haq yo‘ldagi din olimlari sha'niga daxl qilib obro‘sini to‘kish o‘ta xatarli ish bo‘lib, bu dinga qarshi “qo‘l ko‘tarish” bilan barobardir. Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatulohi alayh aytgan ekan: “Olimlarning go‘shti zaharlidir. Hidlagan kasal bo‘ladi, yeganlar esa o‘ladi!”. Oxirgi paytlarda masjidlarimizda imomlik vazifasida turgan ahli ilmlarning shaxsiy kamchiliklarini pesh qilib, ularga iqtido qilmay alohida namoz o‘qiydigan “taqvodor”lar uchrab qolmoqda. Masjidga kirishib jamoatga qo‘shilmasdan yolg‘iz namoz o‘qishadi. Sababini so‘rasangiz, bu imomning taqvosi yo‘q, e'tiqodi chatoq, undoq-bundoq va hokazo vajlar. Aslida esa ularning qalbini kibr balosi chiritgan. Imom domlalarimiz ortida turib sajdaga bosh qo‘yishga nafslari yo‘l bermaydi. Ular to‘g‘ri qilishadimi, jamoatdan ajrab namoz o‘qishlari uchun imomning kamchiliklari asos bo‘ladimi?
Mazhabboshimiz imom A'zam Abu Hanifa rahimahullohni ko‘pchilik biladi. Ul zotning taqvosi, ilmi va amali, Allohdan qo‘rqinchi, sunnatga mutobaati, sahobalar yo‘lini mahkam tutgani, bid'atdan xazar qilib sunnatga muvofaqati tillarda doston bo‘lgan. Shu zoti sharif o‘zining “al-Fiqh ul-akbar” nomli mashhur asarida shunday yozadi?
Mo‘minlardan iborat har bir yaxshi va yomon odam ortida namoz o‘qish joizdir!
Bu matn ahli sunna val-jamoa e'tiqodiy masalalaridan muhim bir masalani bayon etmoqda, ya'ni o‘zini sunnat va jamoat yo‘lidaman deb bilgan har bir musulmon yaxshimi yomonmi, xulqi qanday bo‘lishidan qat'iy nazar namoz ahkomlaridan xabardor har qanday imomning ortida namoz o‘qishni joiz deb e'tiqod qilishi kerak.
Imom A'zam Abu Hanifa rahimahulloh bu ibora bilan ahli sunnat yo‘lini bayon qilish bilan birga o‘sha davrdagi xavorijlarga raddiya berib ketmoqdalar. Xavorijlarning eng rasvo e'tiqodlaridan biri shuki, ular muxolif fikrlovchilarni musulmon hisoblashmaydi, ortida namoz o‘qishni harom deb fatvo berishadi.
Janobi Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar:
Har bir yaxshi va yomon ortida va har bir yaxshi va yomon odamga namoz o‘qinglar. Har bir yaxshi va yomon boshliq yonida turib dushmanga qarshi jihod qilinglar. (Bayhaqiy).
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, ahli sunna yo‘lida yurgan musulmon fojir imom ortidan ham ergashib namoz o‘qiyveradi. Imom o‘z gunohiga o‘zi javob beradi, iqtido qilganlar emas. O‘zini taqvodor tutib jamoatga qo‘shilmaganlar bilib qo‘ysin, ular bir sunnatni tark etib bid'at yo‘liga kirib qolishgan. Chunki, asl sunniylikda yaxshi va yomon odam orqasida ham namoz o‘qish joiz, uni tan olmaganlar esa ahli bid'at bo‘ladi! Olimu ulamolarimiz ortidan yomon gaplarni tarqatib, odamlarga noto‘g‘ri ma'lumot berib o‘lgan insonga o‘limidan keyin ham o‘sha yomonligi tinimsiz borib turadi. Chunki rasululloh sollallohu alayhi va sallam “kimki biror yomon odatni paydo qilib ketgan bo‘lsa, unga o‘sha ish gunohi va unga amal qilganlarning gunohidan ham bir ulush borib turadi”, deb marhamat qilganlar. Haqiqiy baxtli inson bu—o‘zi bilan birga gunohlarini ham dunyodan olib ketgan insondir. Inson o‘lsayu ortidan joriy gunohlarini qoldirib ketgan bo‘lsa, qiyomatda qattiq qiynalishi tayin.
Jahongirxon Abrorov manbalar asosida
Kiritilgan vaqti: 17/11/2021 08:04; Ko‘rilganligi: 923
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 19:43