O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Solih farzandni qanday tarbiyalash mumkin?

 
 

Bugun yoshlarning gapga kirmasli­gi, o‘qishining pastligi, odobining haminqadarligi haqida ko‘p gapiril­moqda. Buni to‘g‘rilashimiz uchun nima qilmok kerak? Shu mavzuda poytaxtimizdagi “Hasanboy” jome masjidi imom noibi Hasanxon Yahyo Abdulmajid domlaning fikrlari bilan qiziqdik. 

– Tarbiya ham bir ilm. Uni egallash uchun tarbiyaga oid kitoblar o‘qish yoki solih insonlardan, ustozlardan o‘rganish lozim. Bu borada Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning hadislari va bobolarimizning asarlari, milliy qadriyatlarimiz eng katta asosdir. Boy ma'naviy merosimiz necha asrlar o‘tsa hamki, o‘z qiymatini yo‘qotgani yo‘q. Inson tarbiyasi barcha zamonlarda dolzarb bo‘lgan. Bu borada Imom Buxoriyning “Adabul mufrad”, Imom G‘azzoliyning “Ihyou ulumid din”, Abul Hasan Bovardiyning “Adabud dunyo va din”, Shayx Abdulloh Shibraviyning “Unvonul bayon va bo‘stonul azhan” hamda zamonamiz olimlari Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf va Shayx Ramazon Butiy hazratlari kabi ko‘plab ulamolarimizning asarlari inson kamolotida o‘ta muhimdir.

Imom G‘azolliy “Ihyou ulumid din” kitobida bunday yozadi: “Yaxshi xulq Rahmon huzuridagi jannat ne'matlariga ochib qo‘yilgan qalb eshigi bo‘lsa, yomon xulq – jahannamga ochib qo‘yilgan eshik... Yaxshi xulq dinning yarmidir... Yomon xulq xor qiluvchi buzuqlik, Allohdan uzoqlashtiruvchi razolat, shayton xizmatiga yollanishdir”, deydi.

Afsuski, keyingi paytlarda jamiyatimizda odob-axloq tushunchalari biroz chetga surib qo‘yildi. Ibodatlarimiz ko‘payyapti, lekin axloqimiz unga mos emas. Qayerda axloqiy me'yorlar pasaysa, u yerda jinoyatchilik, oilalarning parokanda bo‘lishi, poraxo‘rlik va shu kabi illatlar ildiz otadi. Boylik to‘plash, faqat o‘zi­ni o‘ylash kabi tushunchalar hukmron bo‘ladi. Yon-atrofga nazar solsak, hamma mol-dunyo to‘plash ilinjida tinim bilmayotir. Lekin axloqimizga havas qilib bo‘lmaydi.

Qur'oni karimda: “Ey iymon keltirganlar! O‘zlaringizni va oila a'zolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlar bo‘lmish do‘zaxdan saqlangiz...” (Tahrim surasi, 6-oyat) deya marhamat qilingan. Bu oyat oila boshlig‘ining ahli ayoli, farzandlari uchun Alloh oldida javobgar ekanini anglatadi.

Oilada ota bolalariga har tomonlama namuna bo‘lmas ekan, farzandlaridan biror yaxshilik kutishi qiyin. Bu haqda ulamolarimiz: “Farzanding solih bo‘lishini istasang, avvalo, o‘zing solih bo‘l. Uni axloqqa chaqirishdan avval o‘zing axloqli bo‘l”, deydilar.

MUNOSIB ONA

Ona – millat tarbiyachisi, kelajak bunyodkori. Agar u odob-axloqli, ona tilini, adabiyotni, dinimizni yaxshi bilsa, tafakkuri keng, yetuk shaxs bo‘ladi. Bunday ayollarning farzandi ham shunga monand – millatiga, diniga xizmat qiladigan buyuk insonlar bo‘lib yetishadi.

Zamonamizning taniqli olimi Mu­hammad Hasan Dedu aytadi: “Qur'onni, siyrat va boshqa fanlarga oid ko‘plab kitoblarni onam yodlatgan”. Yana bir mashhur ulamo Abdulqodir Husayn: “Men onamdan biror nima so‘rab qolsam, gapimni ona tili qoidalariga solar, so‘ngra ularni sharhlab, savollar berardi. Shu tarzda til qoidalarini o‘rganganman”, deydi.

Qizlarni har tomonlama ilmli qilib tarbiyalash ota-onalarning burchidir. “Qiz bola o‘qishi shart­mas” degan gaplarni hamon eshitib qolamiz. Buning oqibatida qancha qizlarning iqtidori yo‘q bo‘lib ketyapti. Qiz bola ilm olishi, oilasini obod qilishi kerak.

Jamiyatimizda ma'rifatli ayol­lar ko‘paysa, muammolarimiz shuncha tez yechim topadi.

Onamiz ziyoli oilada kamol topgani uchun diniy va dunyoviy ilmlarni yaxshi bilgan, maktabni oltin medalga bitirgandi. Ayniqsa, adabiyotni yaxshi bilardi. Navoiyning ko‘plab g‘azallarini yoddan aytar, biror yumush qilganda ham tilidan salavotu g‘azallar tushmasdi. Sakkiz yoshda otadan yetim qoldik. Onam sakkiz bolani katta qildi. O‘qimishli bo‘lishimizga jiddiy qarar, ro‘zg‘ordan bir so‘m orttirsa, doim kitob olib kelardi.

Ona daraxt ildizi bo‘lsa, bolalar uning mevasi va shoxlaridir. Ularning jamiyat uchun qanchalik manfaat berishi onaning tarbiyasiga bog‘liq.

TARBIYADA MUHIM JIHATLAR

Yaponiyalik bolalar maktabga borishdan oldin ikki yil odob-axloqni o‘rganar ekan. Buning natijasini bugun har bir kunchiqar yurt vakilida ko‘ramiz. Yaqin o‘tmishda bizda ham bolalarga odob berish ta'limning ajralmas qismi bo‘l­gan. O‘quvchilarga ko‘plab axloq qoidala­ri yodlatilib, aniq risolalar, kitoblar o‘qitilgan. Hozir esa bolalar tarbiyasi o‘lda-jo‘lda.

Ko‘pincha ota-onalar farzandi tarbiya­sida biror noxushlik sezsa, uni qattiq siquvga oladi. Bu to‘g‘ri emas. Alloh har kimni turli xarakterli qilib yaratadi. Unga o‘ylab muomala qilish lozim.

Hozir nafaqat bolani, balki katta­larni ham to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘ituvchi omil­lar ko‘paydi. Bu omillar umrning isrof bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Bularga og‘ish­maslikning eng to‘g‘ri yo‘li esa ilmu ma'rifat, farzandlar ongu shuuriga milliy va diniy qadriyatlarimizni singdirishdir. Farzandlarimiz tilimiz, urf-odatlarimiz, tariximiz, an'analarimiz, boringki, shu el uchun qadrli bo‘lgan barcha narsalarni bilishlari shart. 

Suhbatni Bobur MUHAMMAD yozib oldi.


Kiritilgan vaqti: 21/05/2024 14:57;   Ko‘rilganligi: 328
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/solih-farzandni-qanday-tarbiyalash-mumkin
Chop etilgan vaqti: 16/01/2025 20:55
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing