O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Sinovli kunlarda sabr qilaylik!

 
 

Bismillahir-Rohmanir-Rohiym. Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz (s.a.v)ga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin. barchangizga ma'lum bir qancha vaqtdan beri butun dunyoni tashvishga solib turgan “KORONAVIRUS” deb nomlanmish bu balo O‘zbekistonda ham o‘zining tashvishlari, xatarlarini ko‘rsatmoqda. Xalqimiz bu sinovga ham sabr va matonat ko‘rsatib, bardosh berib kelmoqda. Zero, bunday sinovli kunlarda hammamiz ittifoq bo‘lib, bir-birimizga yelkadosh bo‘lishimiz ayni insoniylik tuyg‘ularidandir.

Ming afsuslar bo‘lsinki, mana shunday sinovli kunlarda Alloh taoloning insoniyatga yuborgan bu balosini yengil sanab, nafaqat o‘zining balki butun oila a'zolarining sog‘lig‘iga beetibor bo‘layotgan kimsalar ham yo‘q emas. Misol tariqasida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan har xil insoniylikka to‘g‘ri kelmaydigan materiallarni keltirishimiz mumkin. Bunday noinsoniy ishlarni qilaversak, bunday kunlarga shukr qilib, sabr qilmasak, Alloh taoloning qahrini keltirgan bo‘lamiz birodarlar. Bu borada Alloh taolo O‘z kalomida shunday marhamat qiladi: “(Ey insonlar!) Sizlarga ne musibat yetsa, bas, o‘z qo‘llaringiz qilgan narsa (gunoh) sabablidir. Yana U ko‘p (gunoh)larni afv etib turur. (Aks holda, musibat bundan ham ko‘p bo‘lur edi)” (Shu'ro surasi 30-oyat). Ya'ni, bandaning boshiga kelgan musibatga bandadan boshqasi sababchi emas. Bu sinovli kunlarda uyda o‘tirishimiz talab qilinmoqda ekan, oila a'zolarimiz davrasida Allohdan sabr hamda bu balo yurtimizdan hamda butun insoniyat boshidan tezroq arishini so‘rab duolar qilishimiz ayni muddaodir azizlar!

Biz diniy soha xodimlari ham mamlakatimizdagi karantin qoidalariga muvofiq O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan batafsil yetkazilgan topshiriq hamda shariatimiz ko‘rsatmalariga amal qilishimiz va bugungi imtihonli kunlardan go‘zal suratda o‘tishga harakat qilishimiz lozimdir. Zero, Xalqimizning ko‘p asrlik tarixidan yurtdagi ulug‘ zotlar, ulamolar, ishboshilarga hurmat, ularning o‘gitlariga itoat milliy qadriyat hisoblangan. Qolversa, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Agar o‘zlaringizning haq ekanliklaringizni bilsalaring ham boshliqlaringiz bilan tortishmang” – deb marhamat qilganlar. Biz soha vakillari ham yurtimizda o‘rnatilgan qonun-qoidalarga muvofiq o‘z faoliyatlarimizni olib bormoqdamiz. To‘g‘ri, hozirda mamlakatimizdagi barcha masjidlarda jamoat namozlari vaqtincha to‘xtatilgan. Albatta bularning barchasi avvalo bizning sog‘ligimiz uchundir. Zero, Rizqning eng a'losi salomatlik, ofiyat, xotirjamlikdir. Bu borada Payg‘ambar alayhissalom “Allohdan ofiyat so‘ranglar”, - deb buyurdilar. Shunday ekanlar azizlar, bu sinovli kunlarga sabr qilib, Alloh taolodan tinchlik, sog‘lik-salomatlik va albatta bu balolar butun insoniyat boshidan tezroq arishini so‘raylik. Alloh taolo barchalarimizni o‘z hifzu himoyasida saqlasin.

Rahmonov Abdullo - O‘MI Samarqand viloyat vakilligi xodimi


Kiritilgan vaqti: 23/05/2020 09:17;   Ko‘rilganligi: 15
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/sinovli-kunlarda-sabr-qilaylik
Chop etilgan vaqti: 30/05/2020 23:11
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing