O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Shukur qiluvchilar, albatta, mukofotlanadi

 
 

Tayanch nuqta

Musulmon kishiga ato etilgan eng buyuk ne'matlardan biri, shubhasiz, iymondir. Iymon bandaning Alloh taolo huzuridagi mavqeini oshiradi. Bunday inson Vatanini sevadi, yaqinlariga yaxshiliklar qilib, siylai rahmda bo‘ladi. Ona yurti tinchligi va osoyishtaligini asrab-avaylashga intiladi.

Buyuk bobokalonimiz Qaffoli Shoshiy o‘zining mashhur “Javomi ul-karim” kitobida keltirishicha, “Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Ne'matlar haqida gapirishlik shukr qilishlikdir” deganlar.

Demak, bugungi osoyishta va farovon kunlarimiz qadriga yetishimiz, buning uchun shukronalar keltirishimiz lozim. Ayniqsa, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizga bu ne'matning mazmun-mohiyatini yetkazishimiz har birimizning burchimiz bo‘lmog‘i kerak.

Albatta, tinchlik hukm surgan yurtda farovonlik, yaxshi kunlar ko‘p bo‘ladi. Yaratganga behisob shukrlar bo‘lsin, ona-Vatanimiz tinch va osuda, yurtdoshlarimiz esa dorilamon kunlarda baxtu iqbolini, farzandu nabiralari kamolini ko‘rib yashamoqdalar.

Bugun yurtimizning qaysi burchiga bormaylik, ulkan bunyodkorlik va o‘zgarishlarga guvoh bo‘lamiz. Ayniqsa, biri biridan zamonaviy masjidu madrasalar, tarixiy obidalar hamda qadamjolar yangidan chiroy ochib, jahon ahlini o‘ziga maftun etmoqda. Bularning barchasi davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan diniy-ma'rifiy jabhada amalga oshirilayotgan islohotlarning mevasidir.

So‘nggi besh yilda uchta diniy ta'lim muassasasi — Buxoroda Mir Arab Oliy madrasasi, Samarqandda Hadis ilmi oliy maktabi va Surxondaryoda Imom Termiziy madrasasi ta'sis etildi. Eng katta xursandchiliklardan biri bu yil 15 ming nafardan ziyod yurtdoshlarimiz muqaddas haj amallarini bajarib qaytdilar. Axir, bir paytlar sanoqli insonlargina haj borishardi.

Prezidentimizning ko‘rsatmasiga muvofiq, umra ziyoratiga boruvchilarning cheklangan kvotasi olib tashlandi. Joriy yilning o‘zida yuz  mingdan ziyod yurtdoshlarimiz umra ziyoratini ado etishdi.

Yaqinda e'lon qilingan davlatimiz rahbarining “Marhum shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxonni “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi hamda  “Marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufni “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoni yurtimiz ma'rifiy hayotida ulkan voqelik bo‘ldi. Bugun inson qadri ulug‘lanayotgan Yangi O‘zbekistonimizda ularning benazir xizmatlari e'tirof etilmoqda.

Respublikamiz bo‘ylab Qur'on kurslari ochilmoqda. Qisqa fursat ichida minglab yurtdoshlarimiz Qur'oni karimni o‘qiydigan holatga keldilar. Ko‘plab zamonaviy masjidlar barpo etilyapti. Eng muhimi, ularning barchasi eng so‘nggi texnologiyalar va quyosh panellari bilan jihozlanmoqda.

Raqamlarga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, oxirgi besh yilda mamlakatimizda 385 ta masjid va 633 ta tahoratxona to‘la qayta qurildi, 487 ta masjid va 517 ta tahoratxona ta'mirdan chiqarildi.

Birgina joriy yilning o‘tgan olti oyi mobaynida yangi masjidlarning 4 tasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, namozxonlar  xizmatiga topshirildi. Shuningdek, 37 ta masjid qayta qurilib, 20 tasi to‘la ta'mirlandi.

Albatta, bu kabi obodliklarning hammasi xalqimizga atalgan ulug‘ ne'matlardir. Biz esa ularning qadriga yetishimiz, shukronalikni kanda qilmasligimiz lozim. Zotan, Vatanimiz osmoni musaffo, tinchlik-osoyishta bu hayotimizni shukrini qilish shu aziz yurtda yashayotgan har bir fuqaroning ham qarzi ham farzi bo‘lishi darkor.

 

Shayx Nuriddin domla XOLIQNAZAROV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy.


Kiritilgan vaqti: 15/08/2023 14:27;   Ko‘rilganligi: 660
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/shukur-qiluvchilar-albatta-mukofotlanadi
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 07:48
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing