SHIORIMIZ JAHOLATGA QARSHI – MA'RIFAT
Imoni butun, ruhi pok, irodasi baquvvat, vijdoni uyg‘oq odamni aslo yengib bo‘lmaydi. Ana shunday fazilatlarga ega butun bir xalqning qudratini tasavvur etish qiyinmas. Bugun bizni turli axborot vositalari, xususan, internet saytlarining xavfi, “ommaviy madaniyat”ning salbiy oqibatlari ko‘proq tashvishga solmoqda.
XXI globallashuv asrida yoshlarning qalbi va ongini egallash uchun mislsiz kurash bormoqda. Bu kurash, ayniqsa, axborot sohasida avj pallasiga chiqqan. Chunki ayni paytda ushbu soha kirib bormagan dunyoning biror-bir nuqtasi yoki manzilini topish mushkul. Lekin barcha axborotni foydali va xolis deb bo‘lmaydi.
Yoshlarimiz hayotini ijtimoiy tarmoqlarsiz tasavvur etolmay qolgani kishini mushohadaga chorlaydi, sergak torttiradi.
Isrof katta gunohdir. A'rof surasining 31-oyatida: “U (Alloh) isrof qiluvchilarni sevmaydi”, deyilgan.
G‘o‘r, endigina hayot pillapoyalaridan odimlayotgan yoshlarimizni axborot xurujlaridan asrash kerak. Ularga nima foyda-yu, nima zarar ekanini o‘rgatish lozim. Internetdagi xabarlarga ko‘r-ko‘rona ergashib ketaverish oqil odamning ishi emas.
Alloh taolo marhamat qiladi: «Ey mo‘minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat yetkazib qo‘yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo‘lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko‘ringiz!» (Hujurot surasi, 6-oyat).
Insoniyat XXI asrga o‘zining shu davrgacha erishgan barcha yutuq va kashfiyotlari bilan birga ba'zi bir illatlarni ham olib o‘tdiki, ular ichida umumbashariy ogohlikni taqozo etadigani terrorizm ham bor.
Terrorizm diniy va insoniy me'yorlar, umuminsoniy qadriyatlar va axloqiy fazilatlarga zid bo‘lgani uchun eng og‘ir jinoyat hisoblanadi.
Terrorizmning har qanday ko‘rinishi, u o‘z oldiga qanday maqsadni qo‘ygan bo‘lmasin va qanday ijtimoiy-siyosiy muammolar bilan bog‘liq bo‘lmasin buzg‘unchilik hisoblanadi. Terrorchilik oqibatida begunoh odamlar qurbon bo‘ladi, xalqning mehnati bilan yaratilgan moddiy va ma'naviy boyliklar vayron qilinadi.
Terrorizm tom ma'noda jaholatdir. U har qanday ko‘rinishi kishilik jamiyatining o‘tmishida ham, bugunida ham butun xalqlar boshiga og‘ir kulfatlar yog‘dirmoqda.
Bugun biz o‘z oldiga ezgu va ulug‘ maqsadlar ko‘yib, tinch osoyishta hayot kechirayotgan, avvalambor, o‘z kuch va imkoniyatlariga tayanib, demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish yo‘lida ulkan natijalarni qo‘lga kiritayotgan jannatmakon mamlakatda yashamoqdamiz.
Mustaqil O‘zbekistonimiz jahonga yuz tutib, gullab yashnamoqda. Milliy-diniy qadriyatlarimiz xalqimizni, ayniqsa, yosh avlodni Vatanga muhabbat, ajdodlarga sadoqat ruhida tarbiyalovchi muhim manbadir. Ular nafaqat mafkuraviy bo‘shliqning yuzaga kelishiga, balki ming yillardan beri halol mehnati va olamshumul kashfiyotlari ila jahon taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan xalqimizning mentalitetiga zid bo‘lgan terrorchilik g‘oyalarining kirib kelishiga qarshi qaratilgan mustahkam qalqondir.
Mamlakatimizdagi tinchlik, farovon hayotga o‘z-o‘zidan erishilayotgani yo‘q. Turli mafkuraviy xurujlar, yovuz niyatli kishilarning ta'sirlariga qarshi aql bilan chora ko‘rish, jaholatga qarshi faqat ma'rifat bilan kurishishni taqozo qilmoqda.
H.Temirov - O‘MI Samarqand viloyat vakilligi xodimi
Kiritilgan vaqti: 29/05/2020 16:10; Ko‘rilganligi: 1298
Chop etilgan vaqti: 05/10/2024 02:30