Savdogar odamlar bilan qanday muomalada bo‘lishi kerak?
1. Allohning rizqiga qanoat qiling, chunki savdoning barakasi qo‘lga tekkan foydaga qanoat qilish va aybini aytib sotishdadir. Zubayr roziyallohu anhudan so‘rashdi: “Buncha mol-davlatga qanday erishdingiz?” U zot javob berdilar: “Foydani ko‘zlab savdo qilmadim va (mahsulotimning) aybini yashirmadim”.
Ko‘p qasam ichish ham savdodan barakani qochiradi.
- Savdogar yo yaxshi, solih inson bo‘ladi yo fosiq bo‘ladi! Rifo'a ibn Rofe' roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan (hayit va jum'a namozlari o‘qiladigan) namozgohga chiqibdilar. Qarasalar, odamlar savdo qilishayotgan ekan. Rifo'a roziyallohu anhu: “Hoy savdogarlar”, deb nido qilgan ekanlar, odamlar boshlarini ko‘tarib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qarashibdi. Shunda Nabiy alayhissalom: “Savdogarlar qiyomat kuni fojir (gunohkor) holda tiriladilar, illo Allohdan taqvo qilib, halol savdo qilgan va rostgo‘y bo‘lganlar bundan mustasno”, dedilar.
Boshqa bir hadisda quyidagicha keladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Savdogarlar fojirlardir”, dedilar. Odamlar: “Yo Rasululloh, axir Alloh savdoni halol qilmaganmi?!” deyishdi. U zot alayhissalom javob berdilar: “Ha shunday, lekin ular yolg‘on gapirishadi, yolg‘on-yashiq qasamlar ichib, shu sabab gunohga botishadi”.
Yana bir hadisda u zot sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Rostgo‘y, omonatdor, musulmon savdogar qiyomatda payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar bilan birga bo‘ladilar”.
Alloh kimniki biror tijoratiga baraka bermasa, undan boshqasiga o‘tsin. Bu haqda Ibn Umar roziyallohu anhumodan quyidagicha rivoyat qilinadi: “Kim bir ishda uch bor tijorat qilsa-yu, hech ishi o‘ngidan kelmasa, uni qo‘yib, boshqa ishga o‘tsin. Kimniki bir shaharda ishi o‘xshamasa (o‘sha shahardagi savdosi yurmasa), boshqa shaharga o‘tsin”.
Ana endi savdodagi odoblar haqida kelgan ba'zi hadislarni keltirib o‘tamiz:
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg‘ambarimiz alayhissalom bunday deganlar: “Bir kishi biron-bir xurmozor yoki mevazor boqqa boshqa bir kishi bilan sherik holda egalik qilayotgan bo‘lsa, uni sotishda sherigining roziligini so‘rasin, rozilik bersa, sotsin, rozilik bermasa, savdodan qaytsin” (Imom Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ozod qilingan qulga homiylik qilmoq huquqini sotmoqdan va undan voz kechmoqdan qaytardilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz alayhissalomdan Makka fath qilingan yili o‘sha yerda turib: “Alloh va Uning elchisi xamr (aroq), cho‘chqa go‘shti, o‘limtik va sanamlarni sotishni harom, deb e'lon qildi”, deganlarini eshitgan ekanlar. Shunda odamlar: “Yo Rasululloh, axir o‘limtik moyidan kemalarni moylashda, terilarni bo‘yashda, undan chiroq yasab uylarni yoritishda foydalaniladi-ku”, deyishdi. Bunga Nabiy alayhissalom: “Yo‘q, u harom!”, deb qat'iy javob berdilar (Imom Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu dedilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam birovning bozorini kasod qilmoq niyatida ataylab narx-navoni oshirmoqni man etdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir-biringizga hasadlashmang. O‘zaro narxlarni oshirib yubormang (ya'ni sotib olish niyati bo‘lmasa-da narxini oshirish uchun yolg‘ondan baholashmang). Bir-biringizga g‘azab qilmang hamda orqa o‘girib munosabatlarni buzmang. Ba'zilaringiz ba'zilaringiz savdosi ustiga savdo qilmasin”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Kiritilgan vaqti: 04/06/2024 11:10; Ko‘rilganligi: 296
Chop etilgan vaqti: 16/01/2025 19:54