Samarqandlik Hofizi Qur'oni ikki qiroat yo‘nalishidan ijoza oldi !!!
Ko‘hna tarixga ega, azim Samarqand diyori farzandi, Samarqandning Urgut tumanida tug‘ilib o‘sgan, hozirda Toshkent islom instituti Ilmiy tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo‘limi uslubchisi Sirojiddin Shodmonov Imom Hafsning Osim ibn Abun Najuddan qilgan rivoyati Shotibiya yo‘li hamda Imom Sho‘baning Osim ibn Abun Najuddan qilgan rivoyati Shotibiya yo‘li orqali Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bog‘langan sanadi bilan Qur'on qiroati bo‘yicha ijoza sohibi, Tahfizul Qur'on kafedrasi mudiri Jahongir qori Ne'matovdan ijoza oldi.
Sirojiddin qori Qur'oni karimni yuqoridagi ikki tariqaga ko‘ra qiroat qilib, Jahongir qori Ne'matov huzurida xatm qildi.
Ijoza – Qur'oni karimni rivoyat qilish uchun ustoz tomonidan berilgan og‘zaki yoki yozma izn, ruxsatdir. Qorilarning nazdida ijoza deb ijoza beruvchi muqriydan ijoza oluvchi qoriga Qur'on o‘qish va o‘qitish uchun beriladigan shahodatnomaga aytiladi.
Samarqandlik Hofizi Qur'onning bunday yutug‘i viloyatimiz va viloyatimizdagi diniy soha uchun ulkan mukofot va yutuq albatta.
Qur'oni karimdan ijoza olish shartlari va qoidalari
- Qur'oni karimni to‘liq, mustahkam yodlagan bo‘lishi:
Chunki Qur'oni karim bizgacha yetib kelayotgan sanaddagilarning har biri ustoziga yoddan o‘qib bergan. Shayximizdan boshlab Rasululloh s.a.v.gacha sanad zanjiri yoddan o‘qish bilan bog‘langan.
Kimdir ustoziga mukammal tajvid bilan mus'hafga qarab o‘qib bersa so‘ng ijoza so‘rasa, o‘qib berganligi haqida shahodat berishi joiz. Bunday holatlar bo‘lib turadi. Bayon qilib qo‘yiladiki “Falonchi Qur'onning hammasini yoki bir qismini mus'hafga qarab mukammal tajvid bilan o‘qib berdi. Bu qorilar urfidagi qur'oniy ijozadan ajralib turishi uchun “Qur'onni puxta o‘qib berganligi haqida guvohnoma” deyiladi.
- Tajvid borasidagi “al-Muqaddima al-Jazariyya”ni yodlab, sharhini tushungan bo‘lishi:
Chunki Qur'onni naql qilish harflarning chiqish o‘rinlari va sifatlari hamda boshqa muayyan qaydlar va qoidalar bilan mukammal bo‘ladi. Shuning uchun ijozani istovchi tolibga bu qoidalarni bilishi va yodlashi albatta lozim. Qorilar orasida bu borada tajvid qoidalarining asosiy va aksarini o‘z ichiga olganligi uchun imom Jazariyning “al-Muqaddima al-Jazariyya” manzumalarini yodlash joriy bo‘lgan. Yodlagandan so‘ng tilovatlarida lahndan saqlashi uchun uning ma'nolari bilishi va va sharhini tushunishi lozim bo‘ladi. Qiroatda amaliy bilimning rivoyati, nazariy bilimning qoidasi bor.
- Qur'oni karimni ijoza beruvchi ustozga harfma harf mukammal ravishda to‘liq o‘qib berish:
Fotihadan Nas surasigacha. Tajvidning barcha qoidalariga, xossatan maxraj va sifatlarga rioya qilgan holda. Talaba ustozga Qur'ondan bir qism o‘qib berishi ustoz unga to‘liq o‘qib berganlik gumonini keltiruvchi mubham ijoza berishi joiz emas. Bu holatda ta'kidlab o‘tsinki “Falonchi menga falon joydan falongacha o‘qib berdi, men shunga ijoza berdim” deb.
Ammo talaba ustozga ozgina o‘qib bersayu barchasiga ijoza berishi ayrim katta ustozlarda uchrab turadi. Bu bor narsa. Buning sharti ustoz aniq bilsinki, bu talaba boshqa bir ustozga Qur'onni to‘liq o‘qib bergan va ijoza olgan. Lekin bu shart topilmasa yoki ustozi ma'lum bo‘lmasa ijoza berishi joiz bo‘lmaydi. Zero, Qur'onda shunday lafzlar borki, faqat bir martagina keladi. Bu alohida e'tibor va diqqatni talab qiladi. Masalan, Yusuf surasidagi ishmom va ravm qoidasi, Hud surasidagi imola, Fussilat surasidagi tas'hil qoidalari kabi.
Bu ayrim misollar. Ustoz talabani eshitmay turib qanday qilib bu kalimalarning adosi to‘g‘ri ekanligiga guvohlik berishi mumkin?
سَتُكْتَبُ شَهَادَتُهُمْ وَيُسْأَلُونَ
“Ularning bu “guvoh”liklari, albatta, yozilur va ular (qiyomat kunida) so‘roq qilinurlar” (Zuxruf, 19- oyat).
- Ijoza beruvchi ijoza oluvchining o‘qitishga bo‘lgan malakasini oshirishi:
Chunki o‘qish boshqa o‘qitish boshqa. Qanchalar qorilar bor yaxshi o‘qiydi lekin yaxshi o‘qita olmaydi. Ijoza beruvchi talabaning o‘qitishga bo‘lgan malakasini oshirishi lozim bo‘ladi. Buning yo‘li – yangi talabani keltirib, ijoza oluvchi talabadan o‘zidan qanday olgan bo‘lsa, shunday holatda uning qiroatini o‘zining huzurida to‘g‘irlashini buyuradi. Qo‘lidan kelsa, demak u o‘qitishga loyiqdir. Qodir bo‘lmasa, ustoz unga faqat o‘zi o‘qishi uchun ijoza beradi, o‘qitish uchun emas. Ijoza beruvchiga ijoza oluvchi toki o‘qitishga loyiq bo‘lmaguncha ijoza berishi joiz emas. Aks holda Qur'on va tajvidning adosida buzilishlarni uchratib turamiz. Buning sababi o‘qitishga ahl emasligidadir.
Shuningdek, ijoza beruvchiga xatolardan xoli bo‘lishi shart qilingan ijoza uchun to‘liq xatmni boshlatishdan oldin ayrim juz'larni o‘qitib mashq qildirishi lozimdir.
Shuningdek, talabaga hamma ham qanday vaqf qilishdan bexabar bo‘lgan kalimalarda vaqf qilishni o‘rgatishi lozim. Misol, Baqara surasi 169-oyatdagi حَاضِرِي, Shuro surasi 24-oyatdagi وَيَمْحُ va hokazo.
Shuningdek, boshlash qiyin bo‘lgan kalimalarda qanday boshlashni, misol, اجْتُثَّتْ, امْشُوا, لْئَيْكَةِ, لْيَقْطَعْ….
Shuningdek, vasl qilish: نَارٌ مَا هِيَهْ , طُوًى اذْهَبْ , لَمْ يَتَسَنَّهْ وَانْظُرْ, أَحَدٌ اللَّهُ الصَّمَدُ
Talabaga tezlik darajasining uchalasida ham o‘qitish maqsadga muvofiq. Uchdan birini tahqiqda, uchdan birini tadvirda, uchdan birini hadrda o‘qisa ham ziyoni yo‘q. Shunda uchala darajani ham o‘tagan bo‘ladi. Chunki, goho guvohi bo‘lamizki, ayrimlar tahqiq va tadvirni qoyillatadi, hadrni eplolmaydi. Chunki ustozlari tajriba qildirmagan. Zero bu takror qilganda, tarovih va qiyomullayl namozlarida muhimdir.
TII Tahfizul Qur'on kafedrasi
o‘qituvchisi Zafar qori Mahmudov
Kiritilgan vaqti: 09/01/2023 12:25; Ko‘rilganligi: 1521
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 05:12