O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Sahobiya ayollar hayoti qomusi

 
 

Bismillahir rohmanir rohim.

Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallamga zamondosh bo‘lgan, u zotni ko‘rgan yoki suhbatdosh bo‘lgan va hamrohlik qilish baxtiga muyassar bo‘lgan sahobalar qatorida, qanchalab sahobiya ayollar bo‘lgani, ma'lum va mashhur.

Islom tarixchi olimlari, bu borada ko‘plab ma'lumotlar to‘plashgan. Hattoki ularning adadlarini hisoblab, manbaalarda zikr etishgan. Ammo sahobiya ayollarning hayotlari aks etgan qomusiy asarlar yozilmagan. Bu yo‘nalishdagi kitob zarur ekanini idrok etgan va 1526 nafar sahobiya ayolar haqda ma'lumot to‘plab, asar yozgan arab olimi Muhammad Sa'id Mubayyiz, ayni shu ishga qo‘l urganlari sababini quyidagicha izohlaganlar:

"Ulug‘ zotlardan biri hali hech kim qo‘l urmagan bu foydali mavzuda kitob ta'lif qilishimni maslahat berdi. Bu ish qanchalik kuch, sabr va mashaqqat talab qilmasin, Alloh unga qalbimni ochdi. Bu mavzuda yozilgan eng qadimgi manba, Ibn Sa'd rahimahullohning “Taboqot ul-Kubro” kitobi. Bunda biron voqea yoki sifat borasida bir yoki ikkita hadis bilan kifoyalandim.

Rivoyatlar ko‘paygach, unga o‘z so‘zim bilan undan falon va falon rivoyat qilgan yoki shunga o‘xshashini bizga falon va falon xabar bergan deb ishora qilib o‘tdim. Chunki bir mavzu bilan bog‘liq voqea hodisalarni takror-takror keltirishni oqlab bo‘lmaydi. Bu faqatgina muhtaram kitobxonning zerikishiga sabab bo‘ladi, xolos.

  1. Mazkur kitobni jamlashda quyidagi asoslarga muvofiq eng mashhur qadimgi manbalarga murojaat qildim: “Isoba”, “Istiyob”ning hoshiyasi, “Usudul g‘oba” va “Sifa tus sofva” va shunga o‘xshash mo‘tabar manbalarda kelgan ta'liqlar, tasviybotlar va izohlarni keltirish bilan bu ishimni boyitdim va “Taboqot”da kelgan ma'lumotlarni olmadim. Chunki ko‘plar undan iqtibos va ko‘chirmalar olishgan.
  2. O‘zimiz xohlagan sahobiya ayollarni topib olish oson bo‘lishi uchun ularning ismlarini alifbo tartibida ketma-ket keltirdim. Ishonchliligini oshirish uchun marje'ning ismini va manbadan olingan sahifaning raqamini hoshiyada ko‘rsatdim.
  3. Biz istagan ismni chiqarib olish oson bo‘lishi uchun sahobiya ayollarning ismlarini tartiblashda hijoiy ketma-ketlikka suyandim.
  4. Natijada bu mehnat sahobiya ayollar hayotini qiynalmasdan, tez va oson o‘rganish imkonini beradi. Bu esa muhtaram tadqiqotchini sahobiya ayollar hayotini o‘rganishdagi tarixiy manbalarga sarflaydigan vaqtini o‘z-o‘zidan tejab qoladi". Alloh bu zotdan rozi bo‘lsin!..

Endi, bu kitobni o‘z tilimizga tarjima qilib, bilim bisotingizni boyitishni istagan yurtimizning old ulamolaridan Zayniddin domla Eshonqulovdan Alloh rozi bo‘lib, savoblik ishlarida O‘zi ko‘mak va muvaffaqiyat bersin. Inshaalloh, yaqin kunlarda mazkur asarning birinchi qismidan bahramand bo‘lasizlar, degan umiddamiz. Ungacha, kitobdagi sahobiya ayollarning ba'zilari to‘g‘risida ma'lumot berib turamiz.

Tarjimon Zayniddin domla Eshonqulov


Kiritilgan vaqti: 12/09/2023 14:59;   Ko‘rilganligi: 1133
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/sahobiya-ayollar-hayoti-qomusi
Chop etilgan vaqti: 03/11/2025 01:47
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing