O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Sahihul Buxoriyning asl nomi

 
 

Imom Buxoriyning bosh asari hisoblangan “al-Jomi' as-Sahih” kitobi turli nomlar bilan ataladi. Ammo u kishining o‘zlari qo‘ygan rasmiy nomni juda oz sonli kishilar biladi. Abu Nasr Kalaboziy o‘zining “al-Hidayatu val irshadu fi ma'rifati ahlu siqot va sidod” asarida, Qozi Iyoz “Mashariqul anvar fi sihahil asar” asarida, Ibn Solah “Muqaddimatu fi ulumil hadis” asarida, Navaviy “Tahzibul asmai valg‘ot” asarida kelgan ma'lumotlarga asosan Sahihul Buxoriy asarining to‘liq nomi quyidagicha: “Al-Jomi' al-musnad as-sahih al-muxtasar min umuri Rasululloh sollallohu alayhi vasallama va sunanihi va ayyamihi”.

Kitobning nomini so‘zma-so‘z tarjima qiladigan bo‘lsak, “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ishlari, sunnatlari va ayyomlari haqida qisqa, sahih, musnad to‘plam”degan ma'no kelib chiqadi. Bu asarning bunday nomlanishini alloma Ayniy ham o‘zining “Umdatul Qoriy” asarida tasdiqlagan.

Ammo, Hofiz ibn Hajar rahimahumulloh bu asarni “al-Jomi' as-sahih al-musnad min hadisi Rasulillah sollallohu alayhi vasallam”, ya'ni, “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari haqida jamlovchi, sahih, musnad to‘plam”deb nomladi.

Bu asarning to‘liq nomlanishi borasida aytilgan so‘zning eng muvofiqi yuqorida aytilgan birinchi fikrdir. Chunki to‘liq sarlavhadagi“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ishlari” degan so‘z “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadisi” degan so‘zdan ko‘ra kengroq ma'noni o‘z ichiga oladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ishlarining ichiga aytgan hadislaridan tashqari ko‘pgina sunnatlari ham kiradi.

“Sahih” degan so‘zdan oldin “musnad” degan so‘zning kelishi esa, bu kitobda kelgan har bir hadis roviylar sanadiga ega ekanligidan dalolatdir.

Yana yuqoridagi jamoat bu asarni nomlashda “al-muxtasar” degan so‘zni ziyoda qildi. Bunga sabab qilib,Imom Buxoriyni shu asarni yozishga undagan quyidagi ustozi Is'hoq ibn Rohavayh aytgan so‘zini keltirish mumkin. Xatib Bag‘dodiy mashhur “Tarixi Bag‘dod” kitobida bu haqda Ibrohim ibn Ma'qil Nasafiydan quyidagi rivoyatni keltiradi: “Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoilning: “Ustozim Is'hoq ibn Rohavayhning huzurida edik. U kishi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sunnatlari bo‘yicha  ishonarli, muxtasar bir kitob jamlasalaringiz-chi”, deb qoldi. Mana shu gap qalbimga o‘rnashib qoldi va “al-Jomi' as-Sahih” asaridagi hadislarni to‘plashni boshladim”. Bu voqeaning e'tiborli tarafi shundaki, ustozlari “muxtasar” (qisqa) degan so‘zga urg‘u bergan.Imom Buxoriyning:“Men sahih hadislardan iborat, cho‘zilib ketmagan kitob yozdim” va “Men bu kitobni olti yuz mingta hadis ichidan tuzdim” deb aytgan so‘zlari ham bu asarning muxtasar bo‘lganiga dalildir.

Albatta Imom Buxoriy o‘zining bu asari Islom qonunlari ehtiyoji tushadigan barcha sohani o‘z ichiga olishini xohlagan. Haqiqatdan ham bu asar tafsir, aqoid, hadis, fiqh, siyar, safar, fitnalar, qiyomatning belgilari, odob-axloq, fazilatlarga oid hadislarni o‘zida mujassam etgandir. Ulamolar asarning “al-Jomi'” deb nomlanishiga mana shularni dalil qiladilar.

Sahihul Buxoriyda kelgan har bir musnad hadis u kishining nazdida sahih hadis bo‘lgan. Buni u kishining o‘zi: “Jomi'” kitobimga   faqatgina sahih hadislarni kiritdim. Cho‘zilib ketmasin deb, ba'zi sahih hadislarni ham tark qildim”, deb ham e'tirof etgan. Shunday bo‘lsada bu asardagi hadislarni Doriqutniy va u kishidan boshqa ba'zi kishilar tanqid ostiga olgan. Ammo, bunga o‘z o‘rnida Ibn Hajar Asqaloniy o‘zining “Fathul Boriy” kitobida yetarlicha javob qaytargan. Nima bo‘lgandayam, Imom Buxoriyning sahih hadislarni to‘plashdagi ijtihodi bu tanqidlardan ustundir.

Imom Buxoriyning sarlavhada “Sunanihi va ayyamihi” deb aytgan so‘zi, xuddi umumiy narsadan keyin xos narsani aytishga o‘xshaydi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ishlarining ichiga sunnatlari va o‘tgan kunlari ham kiradi.

Bu asarning to‘liq sarlavhasi ustida qilingan mulohazalardan shu narsa ma'lum bo‘ladiki, Imom Buxoriyning asl maqsadi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan kelgan sahih va roviylar sanadi ishonchli bo‘lgan  hadislarni to‘plash bo‘lgan. Bu yo‘lda Imom Buxoriy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadis so‘z yo fe'l yoki iqror bo‘lish jihatidan bo‘lishini farqlamagan. Ammo, unda mavquf va muallaq hadislar yoki sahoba va tobe'inlar fatvolarini keltirishi asl maqsad uchun emas, balki sahih hadislarga ergashgan holda keltirgan.

O.Baxriyev Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqotlar markazi ilmiy xodimi


Kiritilgan vaqti: 11/07/2020 10:40;   Ko‘rilganligi: 1325
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/sahihul-buxoriyning-asl-nomi
Chop etilgan vaqti: 23/04/2024 11:41
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing