O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

SAFINA

 
 

Sahobalar hayoti

Nabiy alayhissalomning mavlolari

Payg‘ambarimiz alayhissalomning mavlolari, Abu Abdurahmon kunyasini olgan  sahoba, laqabi Safina. Ummu Salama roziyallohu anhoning quli. Onamiz uni ozod etib, evaziga Nabiy alayhissalom xizmatida bo‘lishini shart qilgan. Nabiy alayhissalom uni “Safina” deb ataganlar. Mana shu ismi bilan mashhur bo‘ldi. 

Safina roziyallohu anhu Ummu Salama onamizning unga ko‘rsatgan iltifotidan nihoyatda sevindi. Sababi, u Nabiy alayhissalomga yaqin bo‘lish imkonini qo‘lga kiritgandi. Shuning uchun mamnuniyat ila: “Ummu Salama onamiz roziyallohu anho meni sotib olib, so‘ng ozod qildi va to hayot ekanman, Nabiy alayhissalomga xizmatida bo‘lishini shart qildi. Shunda men: “To hayot ekanman, Payg‘ambarimiz alayhissalomdan ajralishni istamasman”, dedim», degan.

Siyrat olimlari sahobaning ismi borasida ixtilof qilishgan. Aksar o‘rinda Hurmuz ibn Mohon Forsiy, deyiladi. Imom Voqidiy rahimahulloh: Ismi Mihron ibn Farrux; Ibn Sa'd rahimahulloh: “Rumon (Raboh ham deb atalgan)” degan. Bir o‘rinda: “Qays, mana shu eng to‘g‘risidir”, deyiladi. Ibn Kasir rahimahulloh: “Ismi Safina ibn Mafuna”, degan. Shuningdek, Safinaning asli arab yoki fors yurtidan ekani borasida ham olimlarning ixtilofi bor.

Ahmad ibn Muhammad ibn Sa'd otasidan, u kishi bobosidan, u kishi esa forslik Hurmuz ibn Mohon (ya'ni, Safina)dan rivoyat qiladi: «Aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning da'vatlari ila imon keltirdim. Ular meni Xolid ibn Validning qo‘shiniga biriktirdilar. Keyin men Nabiy alayhissalomga: “Yo Rasululloh, menga sadaqa berishlarini buyursangiz”, dedim. U zot alayhissalom: “Sadaqa na menga va na ahli baytimdan biron kishiga halol emas”, dedilar. So‘ng menga (baytul moldan) bir dinor berishlarini buyurdilar».

Muoviya ibn Qurra rivoyat qiladi: “Badr kuni yigirma qul ishtirok etdi. Ular orasida Nabiy alayhissalomning Hurmuz  (ya'ni Safina) ismli mavlolari ham bor edi. Nabiy alayhissalom uni ozod etar ekanlar: “Alloh taolo seni ozod qildi. Qavmning mavlosi ulardan sanaladi. Biz ahli bayt sadaqa yemaymiz. Sen ham uni yemagin”, dedilar.

Ammo Forsiyning xabariga ko‘ra, Safina Islomni kechroq qabul qilgan. Sababi, Xolid ibn Valid hijratning yettinchi yili Islomga kirgan. Badr jangi ham ancha ilgari bo‘lib o‘tgan. Bu yerda ixtilofdan chiqish uchun Safinaning: “Nabiy alayhissalom meni Islomi kechikkan Xolid ibn Validning qo‘shiniga kiritdilar”,  degan so‘ziga binoan birlashtirsak, masala oydinlashadi.

 

Nega “Safina” deb nom oldi?

Rivoyatlarga ko‘ra, unga bu nomni Payg‘ambarimiz alayhissalom qo‘yganlar. Bunga Safinaning: “Ismim Qays edi. Nabiy alayhissalom meni Safina, deb atadilar”, degani dalildir. Bir o‘rinda uning bu nomni olishi borasida quyidagi voqea zikr qilinadi: «Qays Nabiy alayhissalom va sahobalar bilan birga safarga chiqdi. Nabiy alayhissalom Qaysga: “Kiyimingni yoz”, dedilar. Keyin u kiyimini aytganlaridek yerga to‘shadi. Keyin Payg‘ambarimiz alayhissalom narsalarni kiyimga tashladilar va unga: “Mana buni ko‘tarib ol, bugun sen Safinasan (kema)”, dedilar». Qays o‘zi bunday deydi: “Agar o‘sha kuni bitta, ikkita yoki beshta, yoxud oltita tuya ko‘targanimda ham menga og‘irlik qilmas edi”.

 

Karomati

Imom Hokim “Mustadrak” asarida Safinadan bunday rivoyat keltiradi: «Dengizda kemaga mindim. Yo‘lda talofatga uchradi. Keyin kemadan qolgan taxta bo‘lagiga chiqib, jon saqladim. To‘lqin meni dashtga olib borib tashladi. Nogohon ro‘paramdan sher chiqdi. Unga: “Ey Abu Horis (sherning kunyasi), men Rasululloh alayhissalomning mavlolariman”, dedim. Shundan keyin sher boshini egib, yelkasini qisdi. Shu holda ketgancha meni yo‘lga olib chiqdi. Yo‘l ustida turganimda menga qarab irilladi. Buni menga salom yo‘llamoqda, deb ta'vil qildim».

Ushbu hikoyadan ulamolar bir necha karomatlarni sanab o‘tishdi. Jumladan, “Nabiy alayhissalomning jonzotlar nazdidagi hurmatlari. Safinaning Nabiy alayhissalomning mavlolari ekanini eshitishi bilanoq yirtqich boshini egib olganidan bilsak bo‘ladi. Keyin Alloh taolo Safina yo‘lni topib olishi uchun sherga buyurdi.

Darhaqiqat: “Ogoh bo‘ling, kim Allohning so‘zlariga xavf yo‘qdir va ular xafa ham bo‘lmaslar. Ular imon keltirganlar va taqvo qilganlardir”(Yunus surasi, 53-oyat), deb aytgan  Alloh taolo naqadar Buyukdir.

 

Hadis rivoyat qilishi

Safina roziyallohu anhu o‘n to‘rtta hadis rivoyat qildi. Imom Buxoriy rahimahullohdan tashqari barcha muhaddislar ularni kitoblarida keltirishdi. Bu kishidan farzandlari Amr va Abdurahmon, Hasan Basriy, Sa'id ibn Jumhan, Muhammad ibn Munkadir, Abu Rayhona Abdulloh ibn Mator, Solim ibn Abdulloh, Solih Abu Xalil va boshqalar rivoyat qilishdi.

Safina roziyallohu anhu Ummu Salama onamizdan rivoyat qiladi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning bunday deganlarini eshitdim: “Qaysi bandaga musibat yetsa:“Inna lillahi va inna ilayhi roji'un. Allohumma ajirni fi musibatina vaxlif xoyron minha”, (“Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz. Yo Alloh, bu musibatimda menga ajr ber, buning izidan menga yaxshilik ato et), desin. Ana shunda Alloh taolo musibatiga ajr beradi hamda uning izidan yaxshilik keltiradi”. Onamiz so‘zida davom etib aytadi: “Abu Salama olamdan o‘tgach, men: “Nabiy alayhissalomning sahobalari Abu Salamadan ko‘ra kim ham yaxshiroq bo‘lishi mumkin?” dedim. So‘ngra  Alloh taolo menga kuch berdi. Keyin: “Yo Alloh, bu musibatimda menga ajr ber, buning izidan menga yaxshilik ato et”, dedim. Keyin Nabiy alayhissalomga turmushga chiqdim».

***

Safina roziyallohu anhu Hajjoj ibn Yusufning xalifaligi davrida olamdan o‘tdi. Alloh hammalaridan rozi bo‘lsin.

 

Manbalar asosida

Kattaqo‘rg‘on tumanidagi "Xalfa Xudoyberdi" jome masjidi imom-xatibi

Shohimardon UMAROV tayyorladi


Kiritilgan vaqti: 05/06/2021 11:08;   Ko‘rilganligi: 1267
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/safina
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 08:27
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing