O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Sabr nabiy va solihlarning siymosidir

 
 

Haqiqiy muslim va muslimalarga xos fazilatlardan biri har qanday holatda ham chiroyli sabr qilishdir. Zero, islom ulamolari sabr imondan yekanini ta'kidlaydilar.

Alloh taolo Qur'oni karimning “Muzzammil” surasi, 10-oyatida “Ular (mushriklar) aytayotgan so‘zlarga sabr qiling hamda ularni chiroyli tarzda tark yeting!”, deya marhamat qiladi.

Bundan tashqari, “Baqara” surasining 45-oyatida “Sabr va namoz ila yordam so‘rang. Va, albatta, u nafsi siniqlardan boshqalarga juda katta ishdir”, deyilgan.

Bu o‘rinda “yordam so‘rang”, deb tarjima qilingan ibora arab tilida 'ista'iynu” shaklida kelgan. Bu so‘zning ma'nosi bir ishga urina turib, yana qo‘shimcha yordam so‘rashni anglatadi. Demak, musulmon kishi har bir ishga astoydil urinadi va shu urinish bilan birga Allohdan madad so‘raydi. Shu bilan birgalikda sabr nima bo‘lsa ham jim, harakatsiz turish yemas, balki Allohning aytganini bajarish jarayonida duch kelgan mashaqqatlarni yengish uchun O‘zidan yordam so‘rashdir. Havoyi nafsni, rohat-farog‘atni, mansabni tark qilib, Allohning buyruqlariga yurish uchun chidamdir.

Sabr nabiy va solihlarning siymosidir. Qur'oni karimning bir qancha o‘rinlarida payg‘ambar alayhissalomlar sabrli bo‘lishgani haqida dalillar bor. Masalan, “Anbiyo” surasi 85-86-oyatlarida “Va Ismoil, Idris va Zul-kiflni yesla. Ularning har biri sabr qilguvchilardandir. Va ularni O‘z rahmatimizga kiritdik. Albatta, ular solihlardandir”, deyiladi.

Qolaversa, Nuh, Ibrohim, Muso, Iso alayhissalomlar, ayniqsa, Muhammad sollalohu alayhi vasallam ham azm-u, matonat sohibi bo‘lganlar.

Farzandlarimiz tarbiyasida shu jihatga ham ahamiyatli bo‘lsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Zotan, sabr ortidan baxt-saodat kelishi haqiqatdir.

Islom XIDIROV,
“Ushuntepa” jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 14/09/2023 09:01;   Ko‘rilganligi: 722
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/sabr-nabiy-va-solihlarning-siymosidir
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 00:33
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing