O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Sabr mo‘minning bezagi

 
 

Sabr har bir mo‘min-musulmonning eng yaxshi sifatlaridan biri hisoblanib, imonni qay darajada ekanini ko‘rsatadigan amaldir. Shuning uchun ham Alloh taolo bandalariga musibat, balo-ofat yoki mashaqqat kelganida faqat sabr qilishga buyuradi. Alloh taoloning kitobi Kuroni karimning ko‘p o‘rinlarida “sabr” va “namoz” kalimalari birga yonma-yon kelgan. Bu so‘zlarning birgalikda bayon qilinishining sababi, Alloh taolo sabrni ibodat darajasiga ko‘yganining alomatidir. Qur'oni karimda sabr-toqat yetmish joyda zikr qilingan bo‘lib, bundan boshqa biror fazilat bu darajada ko‘p takrorlanmagan. Shuning uchun Alloh taolo O‘zining sinovlariga sabr qilgan kishilarning ajr-mukofotini dunyoda ham, oxiratda ham orttirib berishni va'da qiladi: “...Albatta, sabr qiluvchilarga mukofotlari behisob berilur” (Zumar surasi, 10-oyat mazmuni).

Mo‘min kishi hayotida uchraydigan barcha salbiy holatlarga sabr-toqat qiladi va Parvardigoridan buning evaziga ajr-savob ato qilishini so‘raydi. Bu haqda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam mo‘min kishi sifati haqida bunday deganlar: “Agar mo‘minga xursandchilik yetsa, shukr qiladi. Bu unga xayrlidir. Agar unga biron zarar yetsa, sabr qiladi. Bu ham unga xayrlidir”(Imom Ahmad va Muslim rivoyati).

Biz shu kunlarda ko‘proq katta sinovlarga duch kelmoqdamiz. Bu sinovlardan biri bugungi kunda dunyoning deyarli barcha mamlakatlari tarqagan koronavirus kasalligi, shuningdek, Buxorodagi kuchli shamol va Sirdaryodagi suv toshqinidir. Talofatlar yurtimiz iqtisodiyotiga katta ta'sir ko‘rsatishi aniq. Bularning barchasiga bizdan sabr va matonatni talab qilinadi. Yuqorida aytganimizdek, dinimiz balo kelganda sabr qilishga chorlaydi. Sabr bilan har qanday qiyinchilik va mashaqqatlar yengib o‘tiladi.

Alloh taolo Qur'oni karimda: “Albatta, Biz sizlarni bir oz qo‘rqinch va ochlik bilan, mol-mulkga, jonga, mevalarga nuqson yetkazish bilan sinaymiz. Va sabrlilarga bashorat ber(Baqara surasi, 155-oyat mazmuni), deb marhamat qilgan. Ya'ni Alloh taolo insoniyatni har xil balolar bilan sinashligiga hech qanday shubha yo‘q. Alloh taolo bizni yomonlik bilan ham, yaxshilik bilan ham sinaydi, bu xususda Alloh taolo bunday dedi: “Biz sizlarni yomonlik va yaxshilik ila imtihon uchun sinaymiz(Anbiyo surasi, 35-oyat mazmuni). Kimgadir mol-dunyo berib, kimnidir kambag‘al qilib, kimnidir baxtli, kimnidir baxtsiz qilib va boshqa turli xil sinovlar bilan sinaydi. Har bir kunimiz sinovdan iborat.

Yurtimizga kelgan kasallik, shamol, yog‘ingarchilik va suv toshqini natijasida bo‘lgan talofatga sabrli bo‘lish, Allohga istig‘for aytib, bundan ham yomon bo‘lmagani uchun shukr qilishimiz lozim. Shunday musibatlarga sabr qilish – chidash, imon taqozo qilgan ishlarni amalga oshirish, Allohning hukmiga rozi bo‘lishdir. Hadisi shariflarga murojaat qilsak, toat va ibodat, gunohlardan saqlanish barobarida musibat va qiyinchiliklar yetganda sabrli bo‘lish musulmon kishining asosiy fazilatlaridan ekani aytiladi. Bu sinovlarga sabrli bo‘lsak, Alloh taolo aytgan fazilatga erishishimiz. Alloh taolo sabrlilarga bashoratni va'da qilgan ekan, hech qachon noumid bo‘lmaslik kerak. Zero, Alloh taolo: “Bas, albatta, bir qiyinchilik bilan osonchilik bordir. Albatta, bir qiyinchilik bilan osonchilik bordir(Sharh surasi, 5-6 oyatlar mazmuni) deb marhamat qilgan.

Albatta ofatlardan talofat ko‘rganlarga xayru ehson ko‘rsatish barchamizning burchimizdir. Manashu muborak oyda yaxshilik va ko‘makimizni ko‘proq jabr ko‘rganlarga ko‘rsatsak, savobi ko‘p bo‘ladi.
Manu shu sinov vaqtlarida mehr-oqibatli bo‘lish, barcha insoniy fazilatlarni yanada mustahkamlashga omil bo‘ladi. Talofat ko‘rganlarga yordam ko‘rsatishda xalqimizning birdamligi, hamjihatligi va albatta, nechog‘li saxovatpeshaligi mana shunday savobli ishlarda ko‘rinadi.
Xolis niyatda amalga oshiriladigan yordamlar moddiy va ma'naviy madadga muhtoj bo‘lgan kishilarning dillariga malham bo‘ladi. Payg‘ambarimiz bunday deganlar: “Kim bir mo‘minning bitta dunyoviy tashvishini aritsa, Alloh taolo uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi. Kim qiynalgan kishiga yengillik keltirsa, Alloh taolo unga dunyoyu Oxiratda yengillik beradi. Modomiki, banda birodarining yordamida ekan, Alloh taolo uning yordamida bo‘ladi” (Muslim rivoyati). Yana bir hadisda bunday deydi: “Mo‘minlar bir-birlariga mehr-muhabbat va g‘amxo‘rlik qilishda bamisoli bitta tana kabidirlar. Agar tanada bir a'zo og‘risa, qolgan a'zolar isitma va bedorlik bilan unga sherik bo‘ladi” (Buxoriy va Muslim rivoyatlari). El boshiga ish tushganda sabr bilan yordam qo‘lini cho‘zish chin mo‘minlik sifati, xalqimizga xos fazilatdir.

Talofatdan jabr chekayotganlarga chiroyli sabr tilaymiz. Sabr deb atalmish fazilat qalblarimizni munavvar qilsin. Ramazoni sharifda bu kulfatlar ko‘tarilib, dorul omon kunlar kelishini Yaratgandan so‘rab qolamiz!

 Samarqand shahar Temiryul hududi bosh otinoyisi Ibragimova Nodira.


Kiritilgan vaqti: 06/05/2020 09:51;   Ko‘rilganligi: 3739
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/sabr-mominning-bezagi
Chop etilgan vaqti: 11/09/2024 09:22
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing