O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

SABR HAQIDA

 
 

Alloh taolo «Baqara» surasida: «Sabr va namoz ila yordam so‘rang. Va, albatta, u nafsi siniqlardan boshqalarga juda katta ishdir», degan (45-oyat).

Biz, yordam so‘rang, deb tarjima qilgan ibora arab tilida «ista'iynu» deb kelgan. Bu so‘zning ma'nosi bir ishga urinib turib, yana qo‘shimcha yordam so‘rashni anglatadi. Demak, musulmon kishi har bir ishga astoydil urinadi va shu urinish bilan birga, Allohdan yordam so‘raydi. Sabr ham, ko‘pchilik xayol qilganiday salbiy ma'noda, ya'ni, nima bo‘lsa ham sabr qilyapman, deb jim-harakatsiz turish emas, balki Allohning aytganini bajarish jarayonida duch keladigan mashaqqatlarni yengishdagi sabrdir.  Eng bosh sabr havoyu nafsni, rohat-farog‘atni, mansabni tark qilib, Allohning aytganiga yurishga chidamdir.

Aslida mo‘min banda sinov va imtihonni orzu qilmaydi, balki Allohdan doimo ofiyat va rahmatni so‘raydi. Shundan so‘ng ham sinov-imtihonga uchrasa, sabr qiladi. Buning hikmati borligini idrok qiladi, hamma narsa Allohning xohishi bilan bo‘lishiga iymon keltiradi. O‘ziga Allohning rahmati va ofiyati yetishini kutadi.

Alloh taolo «Luqmon» surasida: «Ey o‘g‘ilcham, namozni to‘kis ado qil, yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytar va o‘zingga yetgan musibatga sabr qil. Albatta, bular azm etilajak ishlardandir», degan (17 - oyat).

Mo‘min-musulmon odam gohida qarshilikka uchraydi. Odamlardan unga turli ozorlar yetadi. Shunday hol ro‘y bersa: «...o‘zingga yetgan musibatga sabr qil». Sabr qilmasang, ish bitmaydi. Mo‘min bandga amr qilingan ishlar azmu qaror bilan ado etilishi lozim bo‘lgan ahamiyatli ishlardir. Shuning uchun ham ularni ado etishda sabr kerak bo‘ladi.

Alloh taolo «Zumar» surasida: «Sen (Mening tarafimdan): «Ey iymon keltirgan bandalarim, Robbingizga taqvo qiling. Bu dunyoda go‘zal amal qilganlarga go‘zallik bordir. Allohning yeri kengdir. Albatta, sabr qilguvchilarga ajrlari hisobsiz, to‘liq berilur», deb ayt», degan (10 - oyat).
Ba'zi ulamolarimiz, sabr qiluvchilarga ajrlari berilayotganda, hisoblab o‘tirmasdan, ulgurji berib yuboriladi, deb ta'vil qilganlar.

Sabr nabiy va solihlarning siymosidir. Alloh taolo «Anbiyo» surasida: «Va Ismoil, Idris va Zul-kiflni esla. Ularning har biri sabr qilguvchilardandir. Va ularni O‘z rahmatimizga kiritdik. Albatta, ular solihlardandir», degan (85 – 86 - oyatlar).

Bu yerda Ismoil alayhissalomning sabr-toqatlariga alohida urg‘u berilmoqda. Ismoil alayhissalom haqiqatda yuqori darajada sabr namunalarini ko‘rsatganlar. U kishi o‘simlik o‘smaydigan sahrolarda sabr qilib o‘sganlar. Baytullohni qurishda otalari Ibrohim alayhissalomga sabr va matonat bilan yordam berganlar. O‘zlarini qurbonlik uchun so‘yish amri kelganida ham sabr qilganlar. Idris alayhissalom ham qavmlarining kirdikorlariga sabr qilganlar. Ushbu oyatda ham u kishining sabr sifatlari yod etilmoqda. Zul-kifl alayhissalom ham sabr qilguvchilar qatoriga qo‘shilmoqdalar. Sabrlari tufayli Alloh taolo ularni o‘z rahmatiga kiritdi. Yaxshiliklar ato etdi. Ular ahli solihlardan bo‘ldilar. Shuning uchun ham Qur'onda zikr qilinmoqdalar. Alloh taolo «Ahqof» surasida: «Bas, azmu matonat sohibi bo‘lgan Payg‘ambarlar sabr qilgandek, sabr qil, ularga (azob yetishiga) shoshilma! Ular va'da qilingan narsani ko‘rganlarida xuddi (bu dunyoda) kunduzdan bir lahzagina turganga o‘xsharlar. Bu yetkazishdir! Bas, faqat fosiq qavmlargina halok qilinur, xolos!», degan (35 - oyat).

«Ulul azm», ya'ni azmu matonat sohibi bo‘lgan Payg‘ambarlar - Nuh, Ibrohim, Muso, Iyso alayhissalomlardir. Bu buyuk Payg‘ambarlarning har birlarining boshlariga iymon yo‘lida, dinu diyonat yo‘lida qanchadan-qancha kulfatlar yog‘ilgan. Lekin ular sabr matonatda zarbulmasal bo‘lganlar. Bu haqiqatni ko‘pchilik, jumladan, Muhammad alayhissalom va u zotning ummatlari ham yaxshi biladilar. Shuning uchun o‘z davrlarida Makka mushriklarining qarshiliklariga uchrab qiyin holga tushganlrida «Ulul azm» nomini olgan buyuk Payg‘ambarlardan o‘rnak olishga chaqirilayaptilar. «Bas, azmu matonat sohibi bo‘lgan Payg‘ambarlar sabr qilgandek, sabr qil, ularga (azob yetishiga) shoshilma!» U zoti bobarakot bu ilohiy amrga amal qildilar va o‘zlari ham «Ulul azm» Payg‘ambarlar safidan o‘rin olishga muyassar bo‘ldilar.

Sabrning foydalaridan

  1. Sabr og‘ir vaziyatlarda nafsni tutishga yordam beradi.
    2. Sabr moddiy va ma'naviy talablarni amalga oshirishda shoshilish va qo‘pollikni oldini olishga yoram beradi.
    3. Sabr g‘azabni qo‘zg‘aydigan narsalar sodir bo‘lgandan o‘zni tutib olishga yoram beradi.
    4. Sabr xavf tug‘ilganda o‘zini o‘nglab olishga yordam beradi.
    5. Sabr tamagirlik qo‘ziydigan vaziyatlarda o‘zini o‘nglab olishga yordam beradi.
    6. Sabr moddiy va ma'naviy yaxshiliklarga erishish yo‘lida yo‘liqadigan jismoniy va ruhiy mashaqqat va alamlarga chidashda yordam beradi.
    7. Sabr iymon barkamolligi va Islom go‘zalligi dalilidir.
  2. Sabr qalbda hidoyat hosil qilishga yoram beradi.
  3. Sabrning samarasi Alloh taoloning va odamlarning muhabbatidir.
    10. Sabr yer yuzida tamkin topish sababchisidir.
    11. Sabr jannatga erishish va do‘zaxdan qutilishdir.
    12. Sabr Alloh taolo bilan birga bo‘lishdir.
    13. Sabr qiyomat kunidagi katta qo‘rqinchdan omonlikdir.
    14. Sabr mardlik va yaxshi oqibatning alomatidir.
    15. Sabr Alloh taoloning rahmati va barakotidir.

 Alloh taolo bizlarni va qiyomatgacha keladigan zurriyotlarimizni sabrli bandalaridan qilsin.

Alloh taologa hamdu sanolar, payg‘ambarimiz Muhammad mustofo sollallohu alayhi va sallamga salovat va salomlar bo‘lsin.

 

Saidusmonxon Zikiryayev


Kiritilgan vaqti: 10/08/2022 07:52;   Ko‘rilganligi: 12288
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/sabr-haqida
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 00:33
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing