O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Rosululloh sallollohu alayhi vasallamga muhabbatning asosi u zotga ergashishdir!

 
 

Agar muhabbat bo‘lmasa ergashish ham bo‘lmaydi. Bir kishi boshqa bir kishini yaxshi ko‘rib qolsa ana undan keyin unga ergasha boshlaydi. U yaxshi ko‘rgan narsalarni yaxshi ko‘radi, u yomon ko‘rgan narsalarni yomon ko‘radi. Hazrati Anas roziyallohu anhu tabiatlarida qovoqni o‘zlari yaxshi ko‘rmas edilar. Lekin Rosululloh sallollohu alayhi vasallam yaxshi ko‘rganliklari uchun yeganlar, iste'mol qilganlar va yaxshi ko‘rganlar.

Biz Rosululloh sallollohu alayhi vasallamga muhabbat to‘g‘risida ko‘p gapiramiz. Lekin bu muhabbatni va u zotga ergashish maqomini qanday ekanligini qayerdan bilamiz? Agar biz u zotning sunnatlariga amal qilayotgan bo‘lsak, demak biz u zotga ergashayapmiz. Agar tark qilayotgan bo‘lsak, demak u zotga bo‘lgan muhabbatimiz yaxshi emas. Rosululloh sallollohu alayhi vasallamga muhabbat qo‘yish uchun u zotni yaxshi tanib olish kerak. Inson tanimagan insoniga muhabbat qo‘ymaydi. Janob Rosululloh sallollohu alayhi vasallamning hayotlarini o‘rganish natijasida, u zotning Alloh taoloning huzuridagi maqomlarini o‘rganish natijasida, ummatga bo‘lgan muhabbatlari, shafqatlari, jonkuyarliklarini anglanilganidan keyin u zotga muhabbat qo‘yiladi. Rosululloh sallollohu alayhi vasallamning maqomlari va ummatga bo‘lgan muhabbatlarini namunasi sifatida quyidagi shafoat haqidagi katta hadis dalil bo‘ladi.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qiyomat kuni bo‘lganida odamlar qayoqqa borishni, kimning oldiga borishni bilmay qoladilar. Odam alayhissalomning oldiga kelishadi. Undan »Allohdan biz uchun shafoat so‘rang« deyishadi. Odam alayhissalom: Men shafoat qilolmayman. Sizlar Ibrohimning oldiga boringlar deydilar. Ular Ibrohim alayhissalomning oldiga borishadi. Ibrohim alayhissalom ham: Men shafoat qilolmayman, sizlar Musoning oldiga boringlar deydilar. Ular Muso alayhissalomning oldiga kelishadi. Muso alayhissalom ham: Men shafoat qilolmayman, sizlar Iysoning oldiga boringlar deydilar. Ular Iyso alayhissalomning oldiga kelishadi. Iyso alayhissalom ham: Men shafoat qilolmayman, sizlar avvalguliyu keyingi gunohlari kechirilgan Muhammadning oldiga boringlar deydilar. Ular mening oldimga kelishadi. Men Robbimdan izn so‘rayman, menga izn beriladi. Men sajdaga yiqilaman. Sajdada Alloh xohlagancha qolaman. So‘ng Alloh: Boshingni ko‘tar ey Muhammad. Gapir eshitilasan. Shafoat qil shafoating qabul qilinadi. So‘ra senga so‘raganing briladi deydi. Men boshimni ko‘taraman va »Ummatim, ummatim« deyman. So‘ng menga »Bor, qalbida zarra miqdoricha iymoni bo‘lgan kishini do‘zoxdan chiqar« deyiladi. Men borib ularni do‘zoxdan chiqaraman. Buxoriy va Muslim rivoyati

Ota boladan qochadigan, aka-uka bir-biridan qochadigan, er-xotin bir-biridan qochadigan kunda Rosululloh sallollohu alayhi vasallam »Ummatim« deydilar. Boshqa payg‘abmarlar »Nafsim« degan kunda u zot »Ummatim« deydilar. Nahotki u zotga muhabbat qo‘ymasak? Bugungi kunda bizni qalbimizni boshqa muhabbatlar egallab olgan. Mol dunyo muhabbati va shunga o‘xshash muhabbatlar bizni qalbimizni egallab olganligi uchun biz Rosululloh sallollohu alayhi vasallamni kam eslaydigan bo‘lib qoldik. Aslida Rosululloh sallollohu alayhi vasallam bilan bizni oramizni bog‘lab turadigan narsa muhabbatdir. Muhabbat nima? Muhabbat bu ko‘zdan oqadigan qaynoq ko‘z yoshlari. Biz umrimizda necha marta Rosululloh sallollohu alayhi vasallam uchun yig‘laganmiz? Muhabbat bu qalbdagi Rosululloh sallollohu alayhi vasallam uchun bo‘lgan sog‘inch va o‘kinchdir. Biz bir kunda necha marta Rosululloh sallollohu alayhi vasallamni sog‘inamiz? Muhabbat bu qalbdagi iztirobdir. Biz Rosululloh sallollohu alayhi vasallamni tilimizda eslaganimizda qalbimiz iztirobga tushadimi yo‘qmi?

Biz Rosululloh sallollohu alayhi vasallamga ergashishimiz Allohning muhabbatiga noil bo‘lishimizdir. Alloh qur'oni karimda aytadi: »Ayting (ey Muhammad) : Agar Allohni yaxshi ko‘rsangiz, menga ergashing. Shunda Alloh ham sizni yaxshi ko‘radi va gunohlaringizni kechiradi. Alloh gunohlarni kechiruvchi va rahimlidir" (Oli Imron 31-oyat)

Biz Rosululloh sallollohu alayhi vasallamga mubbat qilish natijasida u zotga  ergashamiz. U zotga ergashishimiz natijasida esa eng ulug‘ maqsadga Robbimizning muhabbatiga sazovor bo‘lamiz.

Alloh taolo barchamizni Rosululloh sallollohu alayhi vasallamga muhabbatli bo‘lishimizni, u zotga ergashishimizni va Robbimizning muhabbatiga sazovor bo‘lishimizni nasib aylasin!

Ergashev Abdulvosi - Toshkent islom instituti talabasi


Kiritilgan vaqti: 09/11/2020 17:27;   Ko‘rilganligi: 1621
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/rosululloh-sallollohu-alayhi-vasallamga-muhabbatning-asosi-u-zotga-ergashishdir
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 16:17
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing