RAMAZON QUR'ON OYI
Ramazon oyi ro‘zasini tutishni bizlarga farz qilgan Alloh taologa O‘zining Jaloliga muvofiq hamdlar bo‘lsin. Ramazon oyi kechalarini qoyim qilishni bizlarga sunnat qilgan Muhammad Mustafo sollollohu alayhi vasallamga hisobsiz salovat va salomlar bo‘lsin.
Darhaqiqat, Ramazon oyi Qur'on oyi, unda Qur'oni karim nozil qilingan. Alloh taolo Baqara surasining 185 - oyatida shunday deb marhamat qildi: “Ramazon oyiki, unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq bayonotlar bo‘lib Qur'on tushirilgandir. Sizdan kim u oyda hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin”.
Ramazon oyi yil ichidagi eng afzal oy hisoblanadi. Uning fazli haqida ko‘plab hadisi shariflar, ulug‘ ulamolarning so‘zlari, maqtovlar aytilgan, kitoblar yozilgan. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollollohu alayhi vasallam: “Oylarning eng afzali Ramazon oyidir”, deganlar. Ammo bu haqdagi ta'riflarning gultoji Robbul Olaminning O‘z kalomida aytilgan madhidir.
“Unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq bayonotlar bo‘lib Qur'on tushirilgandir”.
Alloh taolo uning abadiy mo‘jizasi, qiyomatgacha insoniyatga hidoyat bo‘ladigan kitobi Qur'oni Karimni tushirish vaqti qilib Ramazon sharif oyini ixtiyor qilganining o‘zi bu oyning fazilatini yuksakka ko‘targan.
Yana Qadr surasining 1 - oyatida shunday deb marhamat qildi:
“Albatta, Biz U (Qur'on) ni Qadr kechasida tushirdik”.
Ya'ni, Qur'onning tushirilishi "Lavhul Mahfuzdan" bu dunyo osmoniga tushirilishidir. Qur'oni Karim bu dunyo osmonidan Payg‘ambarimiz s.a.v. ga yigirma uch yil davomida bo‘lib-bo‘lib tushirilgan va Rosulullohga nozil bo‘lishi ham aynan qadr kechasidan boshlangan. Keyinchalik har Ramazonda vahiy farishtasi Jabroil alayhis salom Rosululloh sollollohu alayhi vasallamning huzuriga kelib, u zotga shu Ramazongacha nozil bo‘lgan oyatlarni takrorlatadigan bo‘ldi. Nabiy sollollohu alayhi vasallam vafot etadigan yillari Qur'onni Jabroil alayhis salomga ikki bora o‘qib berganlar. Zayd ibn Sobit, Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhumolar bu muborak xatmga guvoh bo‘lganlar. Bu xatm manbalarda “Arzai oxir” – “So‘nggi o‘qib o‘tkazish” degan nom bilan mashhurdir.
Imom Buxoriy Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qiladi:
“Rosululloh sollollohu alayhi vasallam odamlarning eng saxiyi edilar. U zotning eng saxiyliklari Ramazonda Jabroil alayhis salom u zot bilan uchrashganda bo‘lar edi. Jabroil alayhis salom Ramazonning har tunida u zot bilan uchrashib, Qur'onni dars qilishardi. Darhaqiqat, Rosululloh sollollohu alayhi vasallam yaxshilikda erkin shamoldan ham saxiy bo‘lib ketar edi”.
Hadis kitoblarini o‘qisak, Ramazon bilan Qur'onni egiz shafoatchi tarzida tasvirlanganini ko‘ramiz. Imom Ahmad va Abu Fazllarning hadis to‘plamlarida Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sollollohu alayhi vasallam: “Ro‘za va Qur'on ikkisi Qiyomat kuni bandani shafoat qiladi. Ro‘za: “Ey Robbim, men buni kunduzlari taom va shahvatlardan to‘sgan edim, uning haqida shafoatimni qabul qil”, deydi. Qur'on: “Men uni kechalari uyqudan to‘sgan edim, uning haqida shafoaimni qabul qil”, deydi. Bas, ikkovi ham shafoat qiladi”, deganlar”.
Shunday qilib, bu oy ilohiy tasarruf orqali Islom ummati uchun Qur'on oyi qilib berildi. Rosululloh sollollohu alayhi vasallamning davrlaridan tortib bugungi kungacha bu holat butun musulmon olamida an'ana tarzida muvaffaqiyatli davom etib kelmoqda. Sahobai kiromlar va tobeinlar Ramazonda Qur'on tilovatiga alohida e'tibor berar edilar. Hazrati Umar roziyallohu anhu Ubay ibn Ka'b roziyallohu anhuga Ramazonda tarovihda Qur'onni odamlarga xatm qilib berishni topshirganlari ham bejiz emas edi. Buyuk tobein Sufyoni Savriy rahmatullohi alayhi Ramazon oyida barcha ibodat va vazifalarini to‘xtatib, Qur'on o‘qish bilan mashg‘ul bo‘lar edi. Bizda ham “Xatmi Qur'on” deganda Ramazon, “Ramazon” deganda esa Xatmi Qur'on yodga tushadigan bo‘lib ketgan.
Alloh taolo barchamizni O‘zining kalomiga muhabbatli qilib, ushbu Muborak Ramazon oyining barokatlaridan nasibador qilsin. Amin!
Boxodirov Faxriddin - “Yangiravot” jome' masjidi imom xatibi
Kiritilgan vaqti: 26/04/2020 15:29; Ko‘rilganligi: 1815
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 04:29