Ramazon — mehr-muruvvat, xayru saxovat oyi
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Xalqimiz hayotida ma'naviy poklik, mehr-oqibat, xayru saxovat fazilatlari sayqallanadigan muborak Ramazon oyining ahamiyati beqiyos. Yurtdoshlarimiz ushbu muborak oyni doim katta quvonch ila kutib oladi. Oila va mahallalarda o‘zaro mehr-oqibatni mustahkamlash, yosh avlodni bilim-ma'rifat sohiblari etib tarbiyalash, ehtiyojmand insonlarga yordam ko‘rsatish kabi savobli amallarni ixlos bilan ado etishga intiladi.
Davlatimiz rahbarining 2024 yil 7 martdagi “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori xalqimiz uchun ezgulik, birdamlik, oliyjanoblik va shukronalik timsoli bo‘lgan qutlug‘ Ramazon oyini yuqori saviyada o‘tkazish, diniy-ma'rifiy, madaniy qadriyatlarimizni asrab-avaylashga qaratilgan muhim chora-tadbirlarni belgilab bergani bilan xalqimiz ruhiyatini yanada ko‘tarib yubordi.
Ushbu oyda xalqimizning mehr-muruvvat, oqibat va saxovat, o‘zgalarga ko‘mak qo‘lini uzatish, yig‘ilganni suyash kabi fazilatlari har doimgidan-da kengroq namoyon bo‘ladi. Bu Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy himoya siyosatiga g‘oyat hamohangdir.
Darhaqiqat, keyingi yillarda mamlakatimizda kechayotgan yangilanish va o‘zgarishlar jarayonlarida aholining barcha qatlami manfaatlarini so‘zda emas, amalda himoyalashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Kam ta'minlangan oilalar, nogironligi bor shaxslar, yetim bolalarga yordam ko‘rsatish, ularni o‘qitish, kasb-hunarga o‘rgatish, ishga joylashtirish borasida ham aniq va manzilli choralar ko‘rilyapti.
Prezidentimiz raisligida shu yil 20 fevral kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar keng muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari bu tizimni tubdan isloh qilish, ijtimoiy yordamning manzilliligi va natijadorligini ta'minlash zarurligini ta'kidladi. Yig‘ilishda shu boradagi ustuvor vazifalar belgilandi. Avvalo, ijtimoiy xizmat va yordamni mahalla darajasida tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Oylarning sultoni sanalmish Ramazon oyida bunday ezgu amallar hajmi yanada kengayadi. Keksalar, bemorlar, boquvchisini yo‘qotgan insonlar, ota-ona mehridan bebahra qolganlar holidan xabar olish borasidagi ishlar qamrovi yanada ortadi.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli insonparvarlik siyosatidan ruhlanib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi bu yilgi Ramazon oyini “Mehr-muruvvat va xayru saxovat oyi”ga aylantirish tashabbusini e'lon qildi. Toki, qutlug‘ oyda har bir xonadon, har bir kishining qalbiga xursandchilik kirib borsin. Shunda maqsadlarimiz hosil bo‘ladi, Yaratgan bizdan rozi bo‘ladi, insha Alloh.
Aziz xalqimiz, ayniqsa, saxovatli do‘stu birodarlarimiz bu oyda imkon qadar xayriya ishlarini ko‘paytirsa, yurtimizda ehtiyojmand kishilar yanada kamayadi, har bir uyda shodlik, quvonch muhiti hukm suradi. Binobarin, insoniyatga ibrat bo‘lgan Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu oyda boshqa oylarga qaraganda yanada saxiyroq bo‘lar edilar. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng saxiysi edilar. Ayniqsa, Ramazon oyida yanada saxiy bo‘lib ketar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshilikda shiddat bilan esayotgan shamoldan-da uchqurroq edilar” (Muttafaqun alayh).
Shunday ekan, umid qilamizki, qo‘li ochiq, saxovatpesha insonlarimiz nogironligi bo‘lganlar, yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolar hamda kam ta'minlangan oilalarga mehr-muruvvat ulashadi, bemorlarning holidan xabar olib, ko‘ngillarini ko‘tarishda peshqadam bo‘ladi.
Jamiyatda mehr-shafqatga, rahmdillikka va xayru ehsonga muhtoj kishilar ko‘p ekanini hisobga olsak, bu ezgu tashabbusning ahamiyati yana ham ortadi. Ramazoni sharifda ushbu toifadagi fuqarolar holidan xabar olib, ularning ko‘ngillariga ozgina bo‘lsa ham, xursandlik ulashadigan bo‘lsak, Alloh taolo bu muborak kunlardagi ajrlarini ziyodasi bilan beradi. Zero, Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “U oyda kim biror-bir nafl amal qilsa, boshqa oyda farz amalni ado qilgan bilan teng bo‘ladi. Kimda-kim bu oyda birorta farz amalni ado etsa, boshqa oyda yetmishta farz amalni ado qilgan bilan teng bo‘ladi”, deya marhamat qilganlar.
Islom insonlar o‘rtasida mehr-oqibat, saxiylik, muhtoj kishiga yordam qo‘lini cho‘zish kabi go‘zal xislatlarni keng targ‘ib etadi. Inson nafaqat o‘zi haqida o‘ylashi, balki o‘zgalar dardi bilan ham hamnafas bo‘lib yashashi kerak. Alloh taolo chin mo‘min-musulmonlarni Qur'oni karimda shunday ta'riflagan: “Mo‘minlar va mo‘minalar bir-birlariga do‘stdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar...” (Tavba surasi, 71-oyat).
Bu borada Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘z ummatlarini sifatlab shunday deganlar: “Mo‘min mo‘minga nisbatan bir-birini mustahkam tarzda ushlab turgan bino singaridir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Jamiyatda yashar ekanmiz, yon-atrofimizdagi ayrim kishilarning taqdir taqozosi bilan boshiga musibat tushganiga, og‘ir dardga uchraganiga, imkoniyati cheklanib, yordamga muhtoj bo‘lganiga va boshqa qiyinchiliklarga duch kelganiga guvoh bo‘lamiz. Bunday holatdagi insonlar dardiga quloq tutish va imkon darajasida ularga ko‘mak berish mo‘minlik vazifamizdir.
Islomda kambag‘allikni tugatishga, avvalo, bunday toifadagi kishilarni mehnat qilishga undash, biror kasb-hunar bilan shug‘ullanishga targ‘ib etish bilan erishiladi. Chunki mehnat qilish bu asosiy vazifa hisoblanadi. Biroq jamiyatda mehnatga yaramaydigan yoki munosib ish topa olmayotgan yoxud ishi boru, undan oladigan daromadi ehtiyojini qoplashga yetmaydigan ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarga nisbatan ham dinimizda o‘ziga xos tarzda rahnamolik qilish aytilgan. Masalan, zakot, yaqin qarindoshlarga berilishi vojib bo‘lgan nafaqa, nafl sadaqa, xayriya, vaqf mulki, nazrlar, kafforatlar, qo‘shnilar haqqi, mehmondorchilik haqqi, yetimlarga g‘amxo‘rlik qilish, shuningdek, davlat tomonidan ijtimoiy ta'minot uchun ajratiladigan mablag‘lar shu ishga yo‘naltiriladi.
Muhtoj insonlarga yordam berish juda katta savobli amal bo‘lib, dinimiz unga targ‘ib qiladi. Bu borada Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qiladilar: “Bir birodarimning hojatini (ravo qilib) yurishim men uchun mana bu masjidda (Masjidi Nabaviyda) bir oy e'tikof o‘tirishdan yaxshiroqdir. Kim birodarining hojatini ravo qilib bergunigacha u bilan birga yursa, Alloh uni qadamlar toyiladigan kunda qadamini sobit qiladi” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Dinimiz boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bor, ijtimoiy ko‘makka muhtoj bo‘lgan insonlar bilan muomala qilishda quyidagi uch asosga chaqiradi: ularning hurmatini saqlash; haq-huquqlariga rioya qilish; jamiyatdagi odamlar orasida tenglik o‘rnatish. Mana shu uchta tamoyil ham bugungi kunda yurtimizda keng quloch yozmoqda.
Mehr-muruvvat, hamjihatlik, bag‘rikenglik, saxiylik xalqimiz ardoqlagan, asrlar osha amal qilib kelayotgan go‘zal fazilatlardir. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go‘yo bir donga o‘xshaydiki, u har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko‘paytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon zotdir” (Baqara, 261). Boshqa oyati karimada: “Sadaqalaringizni agar oshkora bersangiz, juda yaxshi. Bordiyu, kambag‘allarga pinhona bersangiz — o‘zingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohlaringizdan o‘tar. Alloh qilayotgan (barcha) ishlaringizdan xabardordir” (Baqara, 271).
Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kimki bir musulmonning dunyo qayg‘ularidan birini ketkazsa, Alloh uning qiyomat kunidagi qayg‘ularidan birini ketkazadi. Kimki dunyoda bir qiynalgan birodarining og‘irini yengil qilsa, Alloh taolo uning qiyomatdagi og‘irini yengil qiladi. Bir banda boshqa bandaga yordam qilsa, Alloh taolo unga ham yordam ko‘rsatadi”, deganlar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi masjid imom-xatiblari homiylarni jalb etgan holda kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga, Mehribonlik, Saxovat, Muruvvat uylariga, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat faxriylariga moddiy yordamlar ko‘r¬satish ishlarini boshlab yubordi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, hududlardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi hamkorligida aholining kam ta'minlangan qatlami, xususan, nogironligi bor shaxslar uylarida iftorlik dasturxoni yozib, ko‘ngillarini ko‘tarishga harakat qilinadi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim ro‘zador kishiga iftorlik qilib bersa, u kishiga ham ro‘za tutganning ajridek savob beriladi. Bu bilan ro‘zadorning ajridan hech bir narsa kam bo‘lmas”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati). O‘z navbatida, joylarda aholi tomonidan o‘tkaziladigan iftorliklarni isrofsiz ixcham o‘tkazib, zarur oziq-ovqat mahsulotlarini muhtoj oilalarga ulashish orqali ko‘plab xonadonlarga quvonchu shodlik olib kirish katta savobli ish ekani keng targ‘ib qilinadi.
Ijtimoiy ko‘makka muhtoj bo‘lgan kishilarga moddiy yordam ko‘rsatish bilan birga ma'naviy ko‘mak berish, ularni imkoniyati doirasida biror kasbga yo‘naltirish ham ulkan savob. Bu borada Muhammad sollallohu alayhi vasallamning imkoniyati cheklangan sahobalarga qilgan tadbirlari va o‘tgan azizlarning hayotlari bizga o‘rnak va namuna. U zot Abdulloh ibn Ummu Maktum roziyallohu anhuni ko‘zi ojiz bo‘lishiga qaramay muazzinlik vazifasiga qo‘yganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabalni oqsoq bo‘lishiga qaramay, Yamanga qozi va hokim qilib yubordilar. Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu jismoniy imkoniyatlari biroz cheklangan bo‘lsa-da, asri saodatdayoq Qur'on va fiqhda ustoz bo‘lgan.
Mashhur sahoba Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu ham oqsoq edi. Shunga qaramay tijorat bilan shug‘ullanib, juda katta boylikka ega bo‘lgan. U zot barcha boyligini yordamga muhtoj insonlarga infoq-ehson qilgan. U zot topgan mol-davlatini xayrli va ezgu ishlarga sarf etib, islom tarixida o‘chmas iz qoldirgan.
Katta tobeinlardan Muhammad ibn Sirin rahmatullohi alayh kar bo‘lgan. Buni ko‘pchilik bilmaydi. Bu zot ham ilm va taqvoda o‘z davrining yetuk ulamolaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, ibn Sirin hazratlari zamonasining eng katta tijoratchilaridan biri bo‘lgan.
Shuni ham aytib o‘tish joizki, islomdagi ijtimoiy himoya faqat moddiyat bilan cheklanib qolmaydi, balki ijtimoiy va ruhiy qo‘llab-quvvatlash bilan ham o‘ziga xosdir. Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Birodaringning yuziga tabassum bilan boqishing ham sadaqa, yaxshilikka buyurishing ham sadaqa, yomonlikdan qaytarishing ham sadaqa, yo‘ldan adashgan kishini to‘g‘ri yo‘lga solib yuborishing ham sadaqa, ko‘zi ojiz kishiga yordam berishing ham sadaqa, yo‘lning yuzida yotgan toshni, tikanni, suyakni chetga olib qo‘yishing ham sadaqa, chelagingdagi suvdan birodaringning chelagiga quyib berishing ham sadaqadir” (Imom Termiziy rivoyati).
Ramazon oyida qilingan sadaqa eng yaxshi sadaqadir. Shuning uchun ham kam ta'minlangan oilalarga Ramazon quvonchi va sururini olib kirish har birimiz uchun ham qarz, ham farzdir.
Alloh taolo ushbu oyni barchamizga muborak qilsin va ulug‘ savoblardan barchamizni bahramand aylasin!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy.
Kiritilgan vaqti: 13/03/2024 12:40; Ko‘rilganligi: 434
Chop etilgan vaqti: 09/02/2025 14:09