O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Raddiya: Marhumlar eshitadilar.

 
 

Agar so‘ralsa: Mayyit ziyorat qiluvchisining gaplarini va duo-yu salomlarini eshitadimi? ...

Javob;  Ha, mayyit albatta eshitadi. Bunga Rosululloh Sollallohu alayhi va sallamning hadisi shariflarida dalillar yetarli. Chunonchi, ikki sahih to‘plam (Buxoriy va Muslim)da Payg‘ambar alayhissalomdan sobit bo‘lishicha, ul zoti sharif aytganlar: “Qabrdan orqaga qaytayotganlarida ularning kavush taqillashini mayyit eshitadi”. Payg‘ambar alayhissalomdan yana kelgan: “Ul zoti sharif Badrda o‘lganlar oldidan uch marta ketib, yana qaytib keldilarda, shunday dedilar: “Ey, Abu Jahl ibn Hishom! Ey, Umayya ibn Xalaf! Ey, Utba ibn Rabi'a! Ey, Shayba ibn Rabi'a! Robbingiz sizga va'da qilgan narsani haqligini topdingizmi? Bas, albatta men robbim menga va'd qilgan narsani topdim”. Buni Umar raziyallohu anhu eshitib, bunday dedi: “Ey, Rasululloh! Qanday eshitadilar va qanday javob beradilar? Axir, ular o‘limtik bo‘lib qolganlarku!”. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Nafsim yadi qudratida bo‘lgan zotga qasamki, ulardan ko‘ra sen aytganlarimni eshitguvchiroq emassan. Lekin, ular javob berishga qodir bo‘lolmaydilar”. So‘ng, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahoblarga buyurib, Badr maydonidan ketdilar.

 Shuningdek, ikki sahihda Abdulloh ibn Umar (r.a.)dan kelganki, albatta Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Badr maydonida turib, “Robbingiz sizga va'da qilgan narsani haqligini topdingizmi?”, deganlar va “Albatta ular hozir aytganimni eshitayaptilar”, deganlar.

Ikki sahihda bir necha marta qayd qilinganki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qabr ahliga salom berishga buyurganlar va deganlar: “Mo‘min-musulmonlardan iborat diyor ahli! Sizlarga salom bo‘lsin. Albatta bizlar, Xudo xohlasa, sizlarga ergashuvchimiz. Bizdan oldingilarni, sizlarni va keyingilarni Alloh rahmat qilsin. Allohdan bizlar uchun, sizlar uchun salomatlik so‘raymiz. Ey, Alloh! Bizlarni ularning ajridan mahrum qilma, ulardan keyin bizlarni xoli qo‘yma, bizlarni va ularni mag‘firat qil! deb duo qilinglar". Bu esa ularga xitobdir. Axir xitob eshitadigan kimsagagina qilinadi.

Jahongirxon Abrorov manbalar asosida


Kiritilgan vaqti: 18/11/2021 07:53;   Ko‘rilganligi: 860
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/raddiya-marhumlareshitadilar
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 18:13
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing