O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Qush uyasida qo‘rganini qiladi

 
 

Ilmiy kuzatish va tadqiqotlarda inson o‘z hayoti davomida oladigan barcha ma'lumotning yetmish foizini besh yoshgacha bo‘lgan davrda olib ulgurishi keltirilgan. Bundan «Qush uyasida qo‘rganini qiladi» degan dono maqol bejiz to‘qilmaganiga ishonch hosil qilasiz.

Luqmon hakimdan: «Nega ko‘proq yoshlarga nasihat qilasiz, ammo yoshi kattalarga kamroq, buning sababi nima?» – deb so‘rashganida, shunday javob berdi: «Bog‘bon yerni yumshatib bir niholni o‘tqazib, uning atrofini xas-xashak va har xil zararli o‘tlardan tozalab, kerak vaqtda suv berib tursa, yaxshilab parvarishlasa, tezda voyaga yetadi, unumli va serhosil bo‘ladi.

Bolani ham yoshligidan boshlab yaxshilab tarbiya qilinsa, go‘zal axloqli, odobli etib o‘stirilsa, u bola o‘ziga, ota-onasiga baxt-saodat keltiradi, jamiyatning eng foydali a'zosiga aylanadi». «Ravzai xuld»  asarining muallifi Mavlono Majiddining yozishicha, bir kuni Yazd shahrida ota-ona haqida va'z aytayotganida bir qariya o‘rnidan turib, yig‘laganicha: «Ey mavlono, otasining soqolidan tutib, boshiga kaltak bilan urgan farzand haqida nima deysan?», – deb so‘radi. «Otasi uni nima ishga o‘rgatgan edi?», deb – so‘radim. «Eshakni ijaraga berishga», – deb javob berdi u. «Ayb otasida, bolani yoshligidan ilm o‘rganishga jalb qilsa va yaxshi kishilar suhbatiga yuborsa, bunday ish sodir bo‘lmas edi. Buni qilish o‘rniga eshakni ijaraga berishga o‘rgatibti. Natijada bola eshak jilovidan tortib, boshiga cho‘p bilan urishga o‘rganib qolgan. U o‘z otasining soqolini eshakning jilovi, deb o‘ylab tortgan, boshiga esa eshakning boshi deb, yog‘och bilan tushirgan», dedim».

Shundan ham bilamizki, inson haqiqiy inson bo‘lib voyaga yetishida dastlab ota-onaning xizmati katta.

Demak, bu dunyoda va oxiratda baxt-saodat qozonish uchun dastlab ota-ona va farzandlar munosabatini to‘g‘ri yo‘lga solish va uni imon-e'tiqod taqozosiga ko‘ra barpo etish ko‘zlangan natijani beradi. Eng avvalo inson o‘zining qayerdan kelgani va bu dunyoda nima uchun yashashini teran anglab olmog‘i kerak. Ana shunda u o‘ziga nima foydayu nima ziyonligini to‘g‘ri ajratib oladi, yaxshi-yomonni farqlaydi, o‘zi mustaqil holda hayot yo‘lidan yurishni uddalaydi. Shundan keyin u yaxshi amallarni qilib, yomon amallarni qilishdan tiyiladi. Shuning uchun oqu qorani ajratadigan yoshga yetgan yigit-qizlarga ko‘proq nasihat qilinib, ularni hayotning hoyu havaslari o‘tkinchi ekanidan ogohlantiriladi. Ayrim farzandlar ulg‘aya borgani sari o‘z holiga tashlab qo‘yilganidan badaxloq va tarbiyasiz bo‘lib voyaga yetishadi. Ayniqsa, internet asrida bolalar xulqi va tabiatini aynitadigan ko‘ngilochar o‘yinlar ko‘pligini inobatga oladigan bo‘lsak, ota-ona yanada hushyorroq bo‘lmasa, vaqt boy berilganidan keyin afsus-nadomatdan foyda bo‘lmaydi. O‘zbek xalqi dunyoga ne-ne allomalarni yetkazib bermagan deysiz.

Ma'lumki, yurtimiz tarixda dunyo ilm-fani, madaniyati va ma'rifati beshiklaridan biri sifatida nom qozongan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Alisher Navoiy, Ibn Sino, Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy va boshqa ko‘plab alloma va mutafakkir zotlarning hayoti bilan tanishsak, bu so‘zimiz yanada o‘z isbotini topishi aniq. Chunki u zotlar yoshlik paytidan muayyan ilm sohasiga qiziqib, shu soha bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lib yetishganlar. Bu zotlar Qur'oni karimni to‘liq yod olib, o‘sha davr taqozo etadigan ilmlar bilan shug‘ullanganlari manbalarda zikr etilgan.

Sharqda ilmga bunday e'tibor uning qadri va martabasi yuqoriligini bildiradi. Inson uchun ilm va odobdan ortiq najot yo‘lini ko‘rsatuvchi omil bo‘lmasa kerak. Bu dunyo va oxiratning baxt-saodati va bandaning najot topish yo‘li har ikkisini mukammal va yetarli darajada egallash bilan bog‘liqligini to‘g‘ri anglab olmoq lozim. Imom Buxoriy rahmatullohi alayh: «Dunyoda ilmdan ortiq najot borligini bilmayman», deganlar. Insoniyatga nozil etilgan Qur'oni karimning ilk oyatlarida ham butun basharni o‘qish, ilm olish va yozishga buyurilgan. Hadisi shariflarda ham ilm, uning qadri va martabasi ulug‘ligi e'tirof etilgan. Abu Dardo roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Kim ilm talab qilish yo‘liga yursa, Alloh unga jannat yo‘lini oson qilib qo‘yadi. Albatta, farishtalar tolibi ilmni rozi qilish uchun qanotlarini yoyadi. Olimga osmondagi zotlar, yerdagi zotlar, hatto suvdagi baliqlar ham istig‘for aytadi. Olimning obiddan fazli xuddi oyning boshqa yulduzlardan fazliga o‘xshaydi. Albatta, olimlar Payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir.  Payg‘ambarlar dinorni ham, dirhamni ham meros qoldirmadilar. Ular ilmni meros qoldirdilar. Kim o‘shani olsa, ulug‘ nasibani olibdi», deganlarini eshitdim» (Abu Dovud va Termiziy rivoyati). Ushbu hadisda Rasululloh alayhissalom Alloh taoloning farishtalari ilm yo‘liga kirgan talabaga qanotlarini yozib, iltifot ko‘rsatib, ulug‘lashlari xabarini berayaptilar. Shuning uchun, farzand dunyoga kelgan onidan boshlab uning kelgusi taqdiri haqida qayg‘urish, ilmga va boshqa foydali mehnatga muhabbat uyg‘otmoqlik foydadan xoli emas.

Jahongirxon Abrorov manbalar asosida


Kiritilgan vaqti: 13/01/2022 07:43;   Ko‘rilganligi: 5350
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/qush-uyasida-qorganini-qiladi
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 22:38
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing