Qur'ondagi takrorlar va ularning sirlari “Takror” so‘zini lug‘at va isteloh jihatdan ta'rifi davomi
Gapni yaxshiroq qabul qilishlari uchun tanbehni ziyoda qilish.
Alloh taolo aytadi:
وَقَالَ الَّذِي آمَنَ يَا قَوْمِ اتَّبِعُونِ أَهْدِكُمْ سَبِيلَ الرَّشَادِ (38) يَا قَوْمِ إِنَّمَا هَذِهِ الْحَيَاةُ الدُّنْيَا مَتَاعٌ[1]
“Iymon keltirgan kishi: “Ey qavmim, menga ergashinglar, sizni to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilaman. Ey qavmim, bu dunyo hayoti vaqtinchalik bir, matoh, xolos”, dedi”.
Bu oyatda ham ayni shu sababdan nido ikki marta takrorlandi.
-Agar gap cho‘zilib ketsa va birinchi gap unutilib qo‘yishidan qo‘rqilsa, ikkinchisi takrorlanadi:
Bunga quyidagi oyatlar misol bo‘la oladi:
ثُمَّ إِنَّ رَبَّكَ لِلَّذِينَ عَمِلُواْ السُّوءَ بِجَهَالَةٍ ثُمَّ تَابُواْ مِن بَعْدِ ذَلِكَ وَأَصْلَحُواْ إِنَّ رَبَّكَ مِن بَعْدِهَا لَغَفُورٌ رَّحِيمٌ[2]
“So‘ngra, albatta Robbing bilmasdan yomon amal qilganlarga, undan keyin esa tavba qilib yaxshi amallarni qilganlarga, albatta, Robbing o‘shandan so‘ng mag‘firatli va rahmlidir”,
لاَ تَحْسَبَنَّ الَّذِينَ يَفْرَحُونَ بِمَا أَتَواْ وَّيُحِبُّونَ أَن يُحْمَدُواْ بِمَا لَمْ يَفْعَلُواْ فَلاَ تَحْسَبَنَّهُمْ بِمَفَازَةٍ مِّنَ الْعَذَابِ وَلَهُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌ[3]
“Qilganlariga xursand bo‘lib, qilmaganlariga maqtalishni suyadiganlarni azobdan najotda deb hisoblama. Ularga alamli azob bor!”,
إذْ قَالَ يُوسُفُ لِأَبِيهِ يَا أَبتِ إِنِّي رَأَيْتُ أَحَدَ عَشَرَ كَوْكَبًا وَالشَّمْسَ وَالْقَمَرَ رَأَيْتُهُمْ لِي سَاجِدِينَ[4]
“Yusuf otasiga: «Ey otajonim, men o‘n bitta yulduzni ham quyosh va oyni ko‘rdim, ularning menga sajda qilayotganlarini ko‘rdim», deganini esla”.
-Sha'nini ulug‘lash, cho‘chitish. Masalan:
الْحَاقَّةُ (1) مَا الْحَاقَّةُ[5]
“Al-Haaqqoh. Al-Haaqqoh nima o‘zi?!”,
الْقَارِعَةُ (1) مَا الْقَارِعَةُ[6]
“Al-Qori'a. Al-Qori'a nima?”,
فَأَصْحَابُ الْمَيْمَنَةِ مَا أَصْحَابُ الْمَيْمَنَةِ[7]
“O‘ng taraf yegalari. O‘ng taraf yegalari ne(saodatlilar)dir!”[8]
Ba'zi oyatlar va qissalardagi takrorning foydalari:
Abulfaraj ibn Javziy rohimahulloh aytadi: “Agar: “Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg‘on deya olursiz?!” oyatini takror keltirishning nima foydasi bor” deyilsa, Bunga javob quyidagicha: bu takrorlash sababi ne'matlarni qaror topdirish va ularni yana ham ta'kidlab eslatishdir.
Qurtubiy rohimahulloh aytadi: “Kafirun surasidagi takror ta'kidlash va ularning umidlarini kesib tashlash uchunligi aytilagan. Bu huddi “Allohga qasamki buni qilmayman. Allohga qasamki, buni qilmayman”, deganga o‘xshaydi. Ahli ilmlar shunday deb aytishgan:
“Qur'on arab tilida nozil bo‘lgan. Ularning uslublaridan ta'kidlash va yaxshiroq anglatish maqsadida takrorlash uslubi bor. Huddi shunday ularning uslublaridan yengillik uchun qisqartirish, qisqa keltirish ham bor. Chunki, notiqning bir uslubga cheklanib qolmasdan boshqa uslublarga o‘tishi yaxshi hisoblanadi. Alloh taolo aytadi:
فَبِأَيِّ آلَاء رَبِّكُمَا تُكَذِّبَانِ[9]” “Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg‘on deya olursiz?!”,
وَيْلٌ يَوْمَئِذٍ لِّلْمُكَذِّبِين[10]”
“O‘shal kunda yolg‘onga chiqaruvchilarga vayl bo‘lsin”,
كَلَّا سَيَعْلَمُونَ (4) ثُمَّ كَلَّا سَيَعْلَمُونَ[11]
“Yo‘q ular tezda biladilar! Yana yo‘q ularda tezda biladilar!”,
فَإِنَّ مَعَ الْعُسْرِ يُسْرًا إِنَّ مَعَ الْعُسْرِ يُسْرًا[12]”
“Bas, albatta, bir qiyinchilik bilan osonlik bordir. Albatta, bir qiyinchilik bilan osonlik bordir”.
Bu oyatlarning barchasi ta'kidlash uchundir”.[13]
Qur'oni Karimdagi takrorning yana bir boisi ushbu oyatning ko‘p takrorlanishini o‘rganish orqali anglanadi.
O‘shal kunda yolg‘onga chiqaruvchilarga vayl bo‘lsin. «Vayl» bu oyatda «holiga voy» bo‘lsin degan ma'noni anglatadi. Ushbu oyati karima «Mursalat» surasida o‘n marta takrorlangan. Bu usul arab tilining fasohati va balog‘ati nuqtai nazarida yuqori darajali usul hisoblanadi. Chunki u bejizga o‘n marta takrorlanmagan. Alloh subhanahu va taolo o‘zining mahbub Payg‘ambari Rasululloh sallollohu alayhi vasallamga ushbu «Mursalat» surasini nozil qilar ekan, zora kofirlar iymonga kelsalar, degan maqsadda ulardan oldin o‘tgan qavmlar holatini eslatadi. Insonni bir tomchi harom suvdan, ya'ni nutfadan yaratilganligiga ishora qiladi. hammani ona qornida zararsiz saqlanadigan qildik deydi. Yerning yaratilishiga, bu mag‘rur tog‘larning, ulardagi zilol buloq suvlarining rizq uchun berib qo‘yilganligiga ishora qiladi. Xullas, suraning oxirgi oyatigacha o‘z qudratini qayta-qayta misollar bilan eslataveradi. Zora kofir bandalarim iymonga kelsa, zora mahbubimning da'vatlari bekor ketmasa. Bu noshukr bandalar shunda ham Allohning yagonaligini, qiyomat kunining muqarrarligini inkor qiladi. Parvardigor ularning naqadar tubanlikka yuz to‘tganligidan g‘azablanib, endi ular holiga «vayl bo‘lsin», «vayl bo‘lsin» deya xitob qiladi. Bu xitob surai karima oxirigacha qattiq bir ohonglashtirish bo‘lib yangrayveradi, yangrayveradi.[14]
Isayev Isomiddin Narpay tumani bosh imom-xatibi
[1] “G‘ofir” surasi 38-39- oyat
[2] “Nahl” surasi 119-oyat
[3] “Oli Imron” surasi 188-oyat
[4] “Yusuf” surasi 4-oyat
[5] “al-Haaqqoh” surasi 1-2- oyat
[6] “al-Qori'a” surasi 1-2- oyat
[7] “Voqi'a” surasi 8- oyat
[8] “Itqon fi ulumil Qur'an” (282, 281/3) “Nido muassasasi” bosmasi.
[9] “Rohman” surasi 13- oyat
[10] “Mursalat” surasi 19 oyat
[11] “Nab'a” surasi 4-5-oyatlar
[12] “Sharh” surasi 5-6 oyatlar
[13] “Tafsirul Qurtubiy” (20/226)
[14] Zikr ahlidan so‘rang. Savollar. Islom.uz Internet sayti
Kiritilgan vaqti: 07/06/2022 15:03; Ko‘rilganligi: 1183
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 01:57