Qur'ondagi takrorlar va ularning sirlari
“Takror” so‘zini lug‘at va isteloh jihatdan ta'rifi:
Ibn Manzur aytadi الكر“Alkarru” so‘zi lug‘atda qaytish degani. U gohida lozim fe'l va gohida mutaaddiy fe'l bo‘ladi. “karrun” so‘zi masdar bo‘lib undan “takrorun” kelib chiqgan. Istelohda esa biron-bir so‘zni yoki gapni ta'kidlash, qo‘rqitish va ulug‘lash kabi ko‘p manolarga dalolat qilishi uchun bir necha marta keltirishdir.[1]
Takror fasohatdandir.
Ba'zi arab lug‘atini tushunmaydiganlar e'tiroz bildirib Qur'oni karimda vorid bo‘lgan takrorlarga tanalar bildirishadi va o‘shalar o‘ylashadiki bu fasohat uslublaridan emas. Bu ularni johilliklaridandir. Qur'oni karimda vorid bo‘lgan takrorlar umuman qiymati yo‘q mazammat qilingan takrorlar sirasidan emas.
Suyutiy rohimahulloh aytadi: Takror u ta'kidni eng yo‘qorisidir va u fasohatni eng chiroylisidir[2]
Qur'oni karimning vasfi, takrorlangan kitobdir:
اللَّهُ نَزَّلَ أَحْسَنَ الْحَدِيثِ كِتَابًا مُّتَشَابِهًا مَّثَانِيَ تَقْشَعِرُّ مِنْهُ جُلُودُ الَّذِينَ يَخْشَوْنَ رَبَّهُمْ ثُمَّ تَلِينُ جُلُودُهُمْ وَقُلُوبُهُمْ إِلَى ذِكْرِ اللَّهِ ذَلِكَ هُدَى اللَّهِ يَهْدِي بِهِ مَنْ يَشَاء وَمَن يُضْلِلْ اللَّهُ فَمَا لَهُ مِنْ هَاد[3]
“Alloh eng go‘zal so‘zni o‘xshash va takrorlangan kitob etib tushirar. Undan Robbilaridan qo‘rqadiganlarning terilari titrar. So‘ngra ularning terilari va qalblari Allohning zikriga yumshar. Ana shu, Allohning hidoyatidir. U ila Alloh xohlagan kimsani hidoyat qilar. Kimni Allox zalolatga ketkazsa, bas, uning uchun hidoyat qilguvchi yo‘q”.
Bu oyati karimada Qur'oni karimning vasfi uning mo‘minlarga ta'siri va u orqali hidoyatga erishish haqida so‘z ketmoqda.
“Alloh eng go‘zal so‘zni o‘xshash va takrorlangan kitob etib tushirar”.
Qur'oni karim eng go‘zal so‘zdir. Uning oyatlari go‘zallikda, purma'nolikda, hikmatda, to‘g‘rilikda va hukmda bir-biriga o‘xshashdir. “Takrorlanadigan” bo‘lishi esa, hukmlari takror-takror keladi, hikmatlari takror-tarkor keladi, va'zlari, ogohlantirishlari, va'dayu tahdidlari ham takror-takror keladi. Shuningdek, suralari, oyatlari takror-takror o‘qiladi, yod olinadi, o‘rganiladi. Qur'oni karimdagi takrorning yana bir boisi ushbu oyatning ko‘p takrorlanishini o‘rganish orqali anglanadi.
“Undan Robbilaridan qo‘rqadiganlarning terilari titrar”.
Allohdan qo‘rqadigan bandalar Qur'onni o‘qiganlarida, uning tilovatlarin eshitganlarida badanlari titraydi. Undagi ma'nolardan ta'sirlanib, uni tushirgan Allohning haybatidan, uni ulug‘lashdan qalblari titraydi.
“So‘ngra ularning terilari va qalblari Allohning zikriga yumshar”.
Bu sifat Alloh taoloning abror bandalarining sifatidir. Ular Qur'on tilovatidan, undagi ma'nolardan juda qattiq ta'sirlanadilar. Ogohlantiruvchi, tahdid qiluvchi oyatlar kelganida xavfdan, qo‘rqinchdan badanlari titraydi, yaxshi va'da va rahmat oyatlari kelganida umidvorlikdan badanlari qalblari yumshaydi, Allohning zikriga yana ham ko‘proq beriladilar. Bunday bo‘lishi yaxshilik alomatidir.
“Ana shu, Allohning hidoyatidir”.
Qur'ondan go‘zal ta'sirlanish Allohning hidoyatidir.
“U ila Alloh xohlagan kimsani hidoyat qilar”.
Hidoyatga erishgan odam Qur'ondan ta'sirlanib, ko‘ngli yumshab, unga amal qilishga o‘tadi.
“Kimni Alloh zalolatga ketkazsa, bas, uning uchun hidoyat qilguvchi yo‘q”.
Unday odamning ishi chatoq bo‘ladi![4]
Imom Suyutiy rohimahulloh aytadi: “Takror keltirishning bir nechta foydalari bor:
-Qaror topdirish:
Aytiladiki: “الكلام إذا تكرّر تقرّر ” “Agar gap takrorlansa qaror topadi”, deb. Ayni shu ma'noda Alloh taolo ham Qur'onda ogohlantirishlar va qissalarni takror keltirish sababini aytib shunday deydi:
وَصَرَّفْنَا فِيهِ مِنَ الْوَعِيدِ لَعَلَّهُمْ يَتَّقُونَ أَوْ يُحْدِثُ لَهُمْ ذِكْرًا[5]
“Shoyadki taqvo qilsalar yoki ularda eslash paydo qilsa, deb unda qo‘rqinchli va'dalarni (takror-takror) bayon qildik”.
-Ta'kidlash:
فَبِأَيِّ آلَاء رَبِّكُمَا تُكَذِّبَانِ[6] “Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg‘on deya olursiz?!”,
-Gapni yaxshiroq qabul qilishlari uchun tanbehni ziyoda qilish.
Alloh taolo aytadi:
وَقَالَ الَّذِي آمَنَ يَا قَوْمِ اتَّبِعُونِ أَهْدِكُمْ سَبِيلَ الرَّشَادِ (38) يَا قَوْمِ إِنَّمَا هَذِهِ الْحَيَاةُ الدُّنْيَا مَتَاعٌ[7]
“Iymon keltirgan kishi: “Ey qavmim, menga ergashinglar, sizni to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilaman. Ey qavmim, bu dunyo hayoti vaqtinchalik bir, matoh, xolos”, dedi”.
Bu oyatda ham ayni shu sababdan nido ikki marta takrorlandi.
-Agar gap cho‘zilib ketsa va birinchi gap unutilib qo‘yishidan qo‘rqilsa, ikkinchisi takrorlanadi:
(Davomi bor)
Toshkent Islom Instituti Modul ta'lim tizimi 3-kurs 707 guruh talabasi Isayev Isomiddin
[1] Gogl islamqa.info
[2] “Itqon fi ulumil Qur'an” (282, 281/3) “Nido muassasasi” bosmasi
[3] “Zumar” surasi 23-oyat
[4] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Tafsiri Hilol “HILOL-NASHR” nashriyoti 2017 -B.207
[5] “Toha” surasi 113- oyat
[6] “Rohman” surasi 13- oyat
[7] “G‘ofir” surasi 38-39- oyat
Kiritilgan vaqti: 04/06/2022 16:23; Ko‘rilganligi: 1791
Chop etilgan vaqti: 11/10/2025 01:12