O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Qur'on o‘qib yig‘lamaydigan ko‘zlarimiz uchun yig‘laylik.

 
 

Qur'on Karim mo‘min-musulmonlarning kundalik dasturi amali bo‘lganligi uchun uni doim o‘qib, eshitib unga amal qilib borishga buyurilganmiz. Qur'on Karim tilovatining o‘zi bir ibodat. Usmon ibn Affon r.a. Rasululloh s.a.v.ning bunday deganlarini rivoyat qiladi: “Sizlarning yaxshilaringiz Qur'onni o‘rganib, so‘ng uni (boshqalarga) o‘rgatuvchilaringizdir”. (Imom Buxoriy rivoyati).

Jaloliddin Rumiy hazratlari: “Qur'onga ko‘zing bilan boqsang yozuvni ko‘rasan. Aqling bilan qarasang ilmni ko‘rasan. Qalbing bilan boqsang ishqni ko‘rasan. Butun ruhing bilan boqsang Robbingni ko‘rasan.”- degan. Har bir mo‘min-musulmon ushbu to‘rt martabaning birida bo‘lishligi lozim deb hisoblaymiz. Afsuski, bugungi kunda oramizda beshinchi holat, ya'ni Qur'on Karimni o‘qishga intilmayotgan birodarlarimizga maslahat berishga majburmiz.

 Oysha onamiz r.a.dan rivoyat qilingan hadisda, Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam marhamat qiladilar:“Qur'onni mahorat bilan o‘quvchi qorilar ulug‘ farishtalar bilan birgadirlar. Uni tili qiynalib o‘qiydigan qorilarga ikki hissa ajr berilur”. (Buxoriy va Muslim rivoyati). Qarangki, ravon o‘qiydigan qorilarga nisbatan, qiynalib o‘qiganlarga Alloh taoloning marhamati yana ham kengroq ekan.

Payg‘ambarimiz a.s. yana bir hadislarida aytgan ekanlar: “Kim Qur'onni o‘qib, unga amal qilsa, Alloh taolo qiyomat kuni uning ota-onasi boshiga bu dunyo quyoshidan ham chiroyli nur beruvchi toj kiygizadi. Qur'onni o‘qib unga amal qilgan qorining o‘ziga nima gumoningiz bor?!”(Imom Abu Dovud rivoyati).Bugungi kunda yoshlari keksayib qolgan kishilarga ham Alloh taoloning marhamatini qarangki, farzandi yoki nevarasini Qur'on o‘qishga muyassar qilgan kishilarni qiyomatdagi maqomlariga hamma havas qiladi. Shunday ekan, har birimiz, bizni yo‘qdan bor qilgan buyuk Robbimiz bo‘lgan Zotning kalomini o‘qib, o‘rganib tushunish va unga amal qilish harakatida bo‘lmog‘imiz lozimdir.

Abu Said Xudriy r.a. Payg‘ambarimiz Muhammad a.s.dan rivoyat qilgan hadisda aytiladi: “Ulug‘ Rabbimiz bunday deydi: “Kim Qur'on tilovati bilan mashg‘ul bo‘lsa va Mendan biror narsa so‘ramasa, so‘rovchilar so‘raganidan afzalroq narsalarni unga ato etaman”. Alloh kalomining boshqa kalomlardan afzalligi Allohning boshqa maxluqotlardan afzalligidekdir” (Imom Termiziy rivoyati). Biz bandalar hamisha nimagadir muhtojlik sezamiz. Buni Alloh taolo bilib turadi. Duo qilib uni Allohdan so‘raymiz. Qur'on o‘quvchini Alloh taolo shunchalik o‘ziga yaqin olar ekanki, o‘sha hojatlarimizni so‘ramasak-da O‘zi undan afzalroq qilib berishni va'da qilyapti. Bizlarga bu ne'matdan boshqa yana nima kerak?

Ibn Mas'ud roziyallohu anhu aytadi: “Uylarning eng yomoni, unda Allohning kitobidan biron narsa bo‘lmaganidir”(Imom Hokim rivoyati)

Alloh taolo barchalarimizni O‘zining Kalomini o‘quvchilardan va unga amal qiladiganlardan qilsin!

Hoji Shodi HAQBERDIYEV  Urgut tumani bosh imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 14/10/2020 09:55;   Ko‘rilganligi: 1628
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/quron-oqib-yiglamaydigan-kozlarimiz-uchun-yiglaylik
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 19:45
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing