O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Qurbonlikning fazilati va savobi – Qurbonlikning ilk tomchisi tushganida Alloh taolo gunohlarni kechiradi

 
 

Alloh taolo uchun jonliq so‘yish Islom dinining shiorlaridan, go‘zal an'analaridan va shariatimiz buyurgan buyuk ishlardan hisoblanadi. Uning hikmat va fazilatlari beqiyosdir. Avvalo bu ish bandani Allohga yaqinlashtiradi. Shu bois ham qurbonlikni sof niyat bilan, Allohga qurbat hosil qilay, Uning roziligini topay, degan pokiza maqsadlarda amalga oshirish lozim.

Oisha roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: “Odam bolasi Nahr kunida qon chiqarishdan ham ko‘ra Allohga mahbubroq bo‘lgan biron amalni qilmaydi. (Alloh taolo uchun so‘yilgan) jonliq qiyomat kunida shoxlari, yunglari va tuyoqlari bilan keladi. Qasamki, uning qoni hali yerga to‘kilmasdan burun Alloh huzuridagi yuksak maqomga tushadi (ya'ni hali uning qoni yerga tushmasdan bu amalning savobi Alloh huzurida yuksak o‘ringa yozib qo‘yiladi). Bas, qilayotgan qurbonligingiz bilan shodlaning” (Imom Termiziy va Ibn Moja rivoyati).

Abu Sa'iyd Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fotima roziyallohu anhoga: “Qurbonligingiz oldida turib, guvoh bo‘ling. Chunki, qurbonlik qonining birinchi qatra tomchisi bilan o‘tgan gunohlaringiz mag‘firat qilinadi” dedilar. Shunda u (Fotima onamiz): “Ey, Allohning Rasuli bu faqat biz oli bayt uchunmi yoki biz va barcha musulmonlar uchunmi?” dedilar. Shunda u zot: “Biz va barcha musulmonlar uchun” dedilar” (Imom Hokim rivoyati).

“Qurbonlik” arabchada “uzhiyya” so‘zi bilan ifodalanadi. “Uzhiyya”ning lug‘aviy ma'nosi haqida “u – qurbonlik qilinadigan hayvonning nomi”, deya ta'rif berilgan. Qurbonlikning shar'iy mohiyati haqida esa ulamolar bir-biriga yaqin ma'noda ko‘plab ta'riflar berganlar. Jumladan, fiqhiy kitoblarda “Hidoya” asarining sharhi “Inoya”da: “(Qurbonlik) maxsus jonivorni maxsus vaqtda so‘ymoq, u vaqt esa azho kunidir”, deb kelsa,  “Ad-durr al-muxtor” asarida esa “(qurbonlik) shar'an: maxsus hayvonni maxsus vaqtda qurbat niyati bilan so‘ymoqdir” degan ta'rif keladi.

Qurbonlik ikkinchi hijriy sanada joriy bo‘lgan. Hanafiy mazhabi bo‘yicha qurbonlik qilish vojibdir. U – hur, balog‘at yoshiga yetgan, oqil, muqim, ya'ni safarda bo‘lmagan va zakot nisobiga ega bo‘lgan musulmon shaxsga vojib bo‘ladi. Qurbonlik qilishning vaqti hayit kuni tong otishi bilan kiradi va uchinchi hayit kuni quyosh botishi bilan chiqadi.

Qur'oni karimda Alloh taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamni va U kishi orqali butun musulmon ummatini shu ishga buyurgan: “Bas, Rabbing uchun namoz o‘qi va jonliq so‘y!” (Kavsar surasi, 2-oyat). Mashhur tobeinlardan Qatoda, Ato va Ikrima rahmatullohi alayhimlar oyatdagi “namoz o‘qi” iborasini “hayit namozini o‘qi” deya izohlaganlar. Shunga ko‘ra, hojilar va boshqa qurbonlik qiluvchilar hayit namozi o‘talgandan so‘ng jonliqlarini so‘yadilar. Hadisi shariflardan esa Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi hadis dalildir. “Kimki, imkoni bo‘laturib qurbonlik qilmasa, bas, bizning namozgohimizga yaqinlashmasin” (Imom Ahmad, Ibn Moja va Hokim rivoyatlari).

Qurbonlik uchun chorva hayvonlari so‘yiladi. Ular: tuya, sigir va qo‘ydir. Bunda ularning erkak va urg‘ochi jinslari tushuniladi. Qo‘y deganda echkilar ham nazarda tutiladi. Demak, tuya, sigir, qo‘y va echkilar qurbonlikka yaroqli hayvonlar hisoblanadi.

Qurbonlik qilinadigan jonliq ma'lum shartlarga javob berishi kerak. Aks holda qurbonlik durust bo‘lmaydi. Quyida ana shular haqida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

  1. Jonliqning yoshi

Qurbonlik uchun so‘yiladigan jonivor qurbonlik yoshiga yetgan bo‘lishi shart. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Faqat musinnani so‘yinglar. Illo, agar bu ish sizlarga qiyin kelsa, qo‘ydan jaza' bo‘lganini so‘ysangiz ham bo‘laveradi” (Muslim rivoyatlari). “Musinna” deb tuya, mol, qo‘y va echkilardan “saniy” yoshiga to‘lganlariga aytiladi. “Saniy” umrining ikkinchi bosqichiga o‘tgan – o‘rta yoshli degani bo‘lib, u “jaza'” yoshidan keyingi bosqichdir.

Tuyaning “saniy”si deb tug‘ilganiga besh yil to‘lgani aytiladi. Sigir va buqaning “saniy”si esa tug‘ilganiga ikki yil to‘lgani bo‘ladi. Qo‘y va echki esa bir yilda “saniy” bo‘ladi. Qo‘ydan “jaza'” bo‘lgani tug‘ilganiga olti oy to‘lib, yettinchi oy ketganidir.

  1. Jonliq qurbonlikning durust bo‘lishiga mone'lik qiluvchi ayblardan salomat bo‘lishi kerak.

Modomiki, qurbonlik Alloh taologa yaqinlik hosil qilish maqsadida amalga oshiriladigan ish deb e'tibor qilinar ekan, bu ish uchun eng yaxshi, eng sara, semiz, sog‘lom va aybu nuqsonlardan xoli bo‘lgan jonivorni tanlab olish maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, qurbonlik uchun so‘yiladigan jonivor albatta halolu pokiza moldan bo‘lishi kerak. Zero, Alloh taolo xush va pokizadir, faqat xush va pokiza narsalarnigina qabul qiladi.

 Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “To‘rt xil jonivor qurbonlikka yaramaydi: 1. Shapko‘rligi bilinib turgan darajadagi shapko‘r jonivor. 2. Kasalligi bilinib turadigan darajadagi kasal jonivor. 3. Oqsoqligi bilinib turadigan darajadagi oqsoq jonivor. 4. Oyoqda turolmaydigan darajadagi behol-madorsiz jonivor” (Sunan sohiblari rivoyat qilishgan). Ushbu hadis qurbonlikka putur yetkazuvchi ayb-nuqsonlarni bilishda asos kabidir. Yuqoridagi hadisga binoan va qiyosan ulamolar quyidagi sifatga ega bo‘lgan jonivorlarning qurbonlikka yaramasligini aytadilar:

  1. Shapko‘r jonivor.
  2. Ko‘zi ko‘r jonivor.
  3. Oqsoqligi bilinib turadigan darajada oqsoq jonivor.
  4. Bir oyog‘i kesilgan jonivor.
  5. Kasalligi ko‘rinib turgan kasal jonivor. Qo‘tir bo‘lgan yoki badaniga yara toshgan jonivor ham shu jumladandir. Chunki, bunday kasalliklar jonivorning xilqatiga ta'sir qiladi, semirishiga yo‘l qo‘ymaydi.
  6. Oyoqda turolmaydigan darajada qiltomoq bo‘lib qolgan, majolsiz jonivor.
  7. Qulog‘ining hammasi yoki bir qismi kesilgan jonivor.
  8. Qulog‘i teshilgan yoki quloq suprasi o‘rtasidan kesilib, yoriq paydo qilingan jonivor.
  9. Belgi uchun qulog‘i teshib qo‘yilgan jonivor.
  10. Shohi kesib yoki sug‘urib olingan jonivor. Ammo o‘zi shohsiz tug‘ilgan bo‘lsa, qurbonlikka yaraydi.
  11. Burni kesib olingan jonivor.
  12. Dumi kesib tashlangan jonivor. Ammo o‘zi dumsiz yaratilgan bo‘lsa, garchi ayrim ulamolar buni nojoiz sanagan bo‘lsalar ham uni qurbonlik qilish joiz.
  13. Dumbasi kesib olingan jonivor.

Qurbonlik so‘yishning birinchi vaqti hayit namozi bilan xutba o‘qilgandan so‘ng boshlanadi va hayitning uchinchi kuni quyosh botganda tugaydi. Boshqacharoq ibora bilan aytilsa, qurbonlik uch kun davomida so‘yiladi: qurbon hayiti kuni va uning keyinidan keluvchi tashriq kunlarining ilk ikki kunida. Biroq eng afzali qurbonlikning hayit namozi o‘qib bo‘linishi bilan amalga oshirilishidir. Hayit namozidan avval yoki qurbonlikning oxirgi vaqtidan keyin so‘yilgan jonliq shar'iy qurbonlikka o‘tmaydi. Bunga yuqorida aytib o‘tilgan mana bu hadis dalolat qiladi. Baro roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qurbonlik kuni hayit namozidan so‘ng bizlarga va'z qila turib shunday dedilar: «Bugungi kunimizda birinchi bo‘lib qiladigan amalimiz(hayit) namozni o‘qishimiz, so‘ngra (uyga) qaytib jonliq so‘yishimizdir. Kimki shunday qilsa, uning ishi sunnatga muvofiq kelibdi. Kimki namozdan avval so‘ygan bo‘lsa, u bor-yo‘g‘i oilasiga taqdim qilgan go‘shtdir, xolos. Bu kunning marosimidan (ya'ni qurbonlikdan) emas».

Imom Abu Hanifa (rahmatullohi alayh) nazdida qurbonlik vaqti hayit namozi o‘qilmaydigan chekka va qishloq joylar aholisi uchun quyosh chiqqandan keyin kiradi. (Ya'ni, ular bomdoddan so‘ng bir muddat o‘tib, quyosh chiqqandan keyin so‘yaversalar bo‘ladi). Ammo, hayit namozi o‘qiladigan shahar joylarda esa hayit namozi va xutbasi o‘qilgandan keyingina qurbonlik vaqti kiradi. Ungacha so‘yilgan jonliq qurbonlikka o‘tmaydi.

Tuya va sigirni qurbonlik qilishda yetti kishi ishtirok etishi joiz. Ya'ni, masalan, yetti kishi teng pul tashlab tuya yoki sigir sotib olishadi va uni o‘z nomlaridan so‘yishadi. Shunda hammalari qurbonlik qilgan bo‘ladilar. Ammo qo‘y va echkilarda esa sherikchilik mumkin emas. Bitta qo‘yni faqat bir kishi so‘yishi mumkin.

Inson o‘zi amalga oshirgan qurbonligidan yeyishi joiz. Hanafiy mazhabi ulamolarning so‘zlariga ko‘ra, qurbonlikning go‘shti uch qismga bo‘linadi. Uchdan biridan uning sohibi yeydi, yana uchdan birini faqir-miskinlarga sadaqa sifatida ulashadi, qolgan uchdan birini esa qarindosh-urug‘, yor-birodarlarga hadya qiladi. Agar qurbonlik egasi qurbonlikning uchdan biridan ko‘proq miqdorda iste'mol qilsa, bu ham joizdir. Agar qurbonlik qiluvchi odamning bolachaqasi ko‘p, o‘zi esa qo‘li kaltaroq bo‘lsa, oila a'zolariga kengchilik yuzasidan uni sadaqa qilmaslik, balki uyida qoldirish afzal hisoblanadi.

Alloh taolo ushbu kirib kelayotgan Qurbon hayit bayramini barchamizga muborak qilsin! Qiladigan qurbonliklarimizni O‘zining roziligi uchun husni maqbul aylasin!

 

Xayrulloh domla Sattarov,

Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari


Kiritilgan vaqti: 19/07/2021 08:53;   Ko‘rilganligi: 679
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/qurbonlikning-fazilati-va-savobi-qurbonlikning-ilk-tomchisi-tushganida-alloh-taolo-gunohlarni-kechiradi
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 17:27
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing