Qurbon hayiti barchamizga fayzli bo‘lsin!
O‘zida islom dinining ezgu g‘oyalarini yaqqol ifoda etuvchi bayramimiz Qurbon hayiti yaqinlashib kelmoqda. Hayit bayramlarida yoshu qari, boyu kambag‘al barchalari shodu xurram bo‘lib, bir-birlariga xursandchilik izhor qilishadi. Musulmonlar hamisha orziqib kutadigan ushbu ikki hayit bayramlariga taalluqli bir qancha odoblar bo‘lib, u sababli banda ko‘plab ajru savoblarga ega bo‘ladi. Shunday odoblardan biri masjidga piyoda borishdir. Xossatan hayit kuni ham agar kasallik, uzoqlik va qoru-yomg‘ir singari biror uzr bo‘lmasa namozgohga piyoda yurib borish sunnat hisoblanadi. Faqihlar masjidga borishda shoshmasdan, qadamni yaqin-yaqin bosib borishning sunnat ekanini aytganlar. Toki yurib boruvchining qadamlari soni ko‘paysinu savobi yanada ziyoda bo‘lsin.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarni Alloh u bilan xatolarni o‘chiradigan, darajotlarni ko‘taradigan narsaga dalolat qilmayinmi?” dedilar. Sahobalar roziyallohu anhum: “Ayting, yo Rasululloh”, dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Masjid sari qadamni ko‘paytirish” dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam iyd kuni bir yo‘l ila chiqsalar, boshqasi ila qaytar edilar”. Termiziy, Abu Dovud va Buxoriylar rivoyat qilgan. Chunki, ikki yo‘l va ulardagi narsalar shohid bo‘lib qoladi. Ikkinchidan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yurgan joylarga fayzu futuh, xayr-baraka kirgan. O‘sha yerlarning aholisini xursand qilish uchun ham shundoq qilganlar. Musulmonlar iydga chiqishda ushbu sunnatlarga amal qilishlari kerak. Demak, hayit kuni o‘ziga yaqin bo‘lgan masjidga piyoda yurib borilsa, namozga borib kelishdagi bosgan qadamlari adadicha savoblari ham ko‘payadi. Shuningdek, yo‘ldagi tirbandliklarning oldi olinadi. Piyodalarga noqulayliklar keltirishning oldi olinadi.
Aziz birodarlar, hayit bayramini ko‘tarinki kayfityada, xursandchilik bilan o‘tkazaylik. Alloh taolo barchamizga oilaviy baxtu saodat, sihat-salomatlik, dinu dunyo ishlarimizda barokatlar ato qilsin! Alloh butun Islom olamiga ofiyat va zafar bersin! Kelasi shu oy, shu kunlarga sog‘-salomat, ilmu taqvoda ziyodalik bilan yetib borishimizni nasib aylasin! Qurbon hayiti muborak bo‘lsin!
YOQUBJON DOMLA MANSUROV – SAMARQAND VILOYAT BOSH IMOM-XATIBI O‘RINBOSARI
Kiritilgan vaqti: 26/06/2023 19:53; Ko‘rilganligi: 738
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 05:02