QO‘SHNICHILIK HAQLARI
Islom shariatida qo‘ni – qo‘shnichilik munosabatlariga jiddiy ahamiyat berilgani va jamiyat tinchligi, barqarorligi va farovonligi yo‘lida muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta'kidlanadi. Qur'oni karim oyatlarida va hadisi shariflarda chiroyli qo‘shnichilik odoblari ular o‘rtasidagi insoniy muomalalar haqida batafsil aytilgan. Jumladan, “Niso” surasining 36-oyatida “…Allohga ibodat qilingizlar va Unga hech narsani sherik qilmangizlar! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingizlar! Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qo‘shniyu, begona qo‘shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo‘lovchi (musofir)ga va qo‘l ostingizdagi (qaram)larga ham yaxshilik qiling! Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi”.
Qo‘shnichilikning haq-huquqlari naqadar muhim ekanligiga ishorat qilib, janob Rasululloh s.a.v. shunday deganlar: “Jabroil a.s. menga qo‘shnichilikning haq-huquqlarini shunchalik uzoq uqtirdilarki, men hatto qo‘shnilar bir-biridan meros olishini ham tayinlasalar kerak, degan hayolga bordim”.
Oysha (roziyallohu anho) onamizdan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday buyurdilar: “Kimga muloyimlikdan nasiba berilgan bo‘lsa, demak, unga dunyo va oxirat yaxshiligidan nasiba berilibdi. Silai rahm, husni xulq, yaxshi qo‘shnilik yurtni obod qiladi, umrni uzaytiradi”.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bir kuni: “Allohga qasam, mo‘min bo‘lmaydi! Allohga qasam, mo‘min bo‘lmaydi! Allohga qasam, mo‘min bo‘lmaydi!” dedilar. Shunda sahobalar: “Yo Rasululloh, kim (mo‘min bo‘lmaydi)?” deb so‘rashdi. U zot: “Qo‘shnisi uning yomonligidan omonda bo‘lmaydigan kishi”, deb javob berdilar.
Muoz ibn Jabal r.a. rivoyat qilib aytadilarki: Rasululloh s.a.v.: “Qachon uyingda biron sho‘rva kabi taom pishirsang, suvini ko‘proq quy va qo‘shningning oila a'zolariga ham bir miqdor nasiba berib, yo‘qlab tur” deganlar.
Qo‘shniga aziyat yetkazmaslik, qo‘shnidan keladigan g‘am-tashvishga sabr qilish lozim. Zero, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) o‘zlariga aziyat beradigan g‘ayridin qo‘shnilariga ham chiroyli munosabatda bo‘lganlar.
Abdulloh ibn Muborak (roziyallohu anhu)ning bir yahudiy qo‘shnisi bo‘lib, hovlisini sotmoqqa tutindi. Undan qanchaga sotishini so‘rashganida, ikki ming dinorga sotishini aytdi. Odamlar, buning narxi ming dinordan ortiq emas, deyishganida, uy egasi: “Ming dinor hovli uchun, yana mingi Abdulloh ibn Muborakka qo‘shnilik uchun”, dedi. Bu gapdan Abdulloh ibn Muborak xabar topib, muhtojlikdan uyini sotayotganini bilgach, unga ming dinor berib: “Hovlini sotma”, dedilar.
Rasululloh s.a.v.ga bir ayolni maqtashibdi: “Bir ayol borki, kechalari bedor bo‘lib namozlar o‘qiydi, kunduzi ro‘za tutib, sadaqa va ehsonlar qiladi. Ammo, qo‘shnilariga tili bilan ozor berib turadi”. Shunda Rasululloh s.a.v. “Unday ayol maqtovga sazovor emas, balki u do‘zax ahlidandir”, – degan ekanlar.
Yana: Hasan Basriy aytadilarki: “Husnul jivor”, ya'ni yaxshi qo‘shnichilik deb faqat zarar yetkazmaslikni emas, balki mabodo qo‘shnilardan zarar yoki ozor yetsa, unga toqat qilib janjal ko‘taravermaslikni ayturlar.
Tushunmovchilik orqali qo‘shnilar o‘rtasiga ba'zan xafachiliklar tushib qolsa, bir-birlari bilan uzoq vaqt arazlashib, gaplashmay, hatto salomlashmay yurish musulmonchilikka umuman to‘g‘ri kelmaydi.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Ko‘shnilar uch xil bo‘ladilar. Bitta haqqi bor qo‘shni. U haqqi eng oz qo‘shnidir. Ikkita haqqi bor qo‘shni. Uchta haqqi bor qo‘shni. Bunisi eng ko‘p haqqi bor qo‘shnidir. Endi bitta haqqi bor qo‘shniga kelsak, u mushrik qo‘shnidir. Uning qo‘shnilik haqqi bor, xolos. Ikkita haqqi bor qo‘shni esa, musulmon qo‘shnidir. Uning ham musulmonlik haqqi, ham qo‘shnilik haqqi bor. Uchta haqqi bor qo‘shni esa, musulmon qarindosh qo‘shnidir. Uning musulmonliq, qarindoshlik va qo‘shnilik haqlari bordir”, dedilar.
Xulosa qilib aytganda, musulmon inson Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini tutgan holda qo‘shnilariga go‘zal munosabatda bo‘lishi kerak. Bu chiroyli munosabat oilalar o‘rtasida mehr-muhabbat, ittifoqchilik, birdamlikka sabab o‘laroq jamiyatimizning yanada ravnaq topishida o‘z samarasini beradi.
Alloh taolo barchalarimizni qo‘shnilar bilan chiroyli munosabatda bo‘ladigan bandalari safidan qilsin.
Jahongir Xatamov Samarqand shahar “Xo‘ja Abdu Mo‘min” jome masjidi imom xatibi
Kiritilgan vaqti: 07/12/2022 16:11; Ko‘rilganligi: 1549
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 07:59