O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

QISSADAGI IBRAT

 
 

Mashhur Hind faylasufi Vishnu Sharma o‘zining "Xurofotlar" kitobida keltiradi:
"Bir eshak dumini yo‘qotib qo‘ydi. Bu uning uchun nihoyatda alamli musibat bo‘ldi. Ko‘p mahzun bo‘ldi. U har joydan dumini qidira boshladi. U shu darajada ahmoq ediki, dumini topib olsa uni o‘z joyiga yopishtirib qo‘yishiga aniq ishonar edi. Eshak dumini qidirib yurib bir boqqa kirib qoldi. Eshak bog‘ni bearmon toptadi, ekinlarni payhon qildi. O‘sha yerdagi makkajo‘xorilarni yiqitdi. Uni ko‘rib qolgan bog‘bonning jinnisi qo‘zidi. Pichoqni olib eshak tomon yugurdi. Bog‘bon eshakni tutib olib ikki qulog‘ini kesib tashlab, urib-tepib bog‘dan chiqarib yubordi. Endi dumini yo‘qotgani uchun yig‘laydigan eshak, quloqlarini ham yo‘qotgani uchun yig‘laydigan bo‘ldi".

Inson ziyonni ham qabul qilishni o‘rganishi kerak. Ba'zi ishlar qanchalik urinmasin o‘z o‘rniga tushmasligini yaxshi anglashi kerak. Zararni qabul qilish ham madaniyat va pishishdir. Kim bunga o‘rgana olmasa har kuni ziyon ko‘rib yuraveradi. Biz hayotning butunligicha urushdan iborat emasligini bilishimiz lozim. Hayotning bir necha kunlarigina jangdan iborat. Bitta jangda mag‘lub bo‘lgan kishi barcha jangda mag‘lub bo‘ladi degani emas. Ammo inson bitta jangdagi mag‘lubiyati uchun yig‘lab yuradigan bo‘lsa keyinchalik barcha jangda, ya'ni hayotining oxirigacha yig‘lab yurishiga to‘g‘ri keladi.
Zararni qabul qilish, voqelik va undan keladigan natijani anglash qo‘rqinch bilan yashashdan afzaldir. Chunki birgina muvaffaqiyatsizlikni dars deb biladigan, undan ta'lim olganidan so‘ng varaqni yopib qo‘yadigan kishi ko‘p hollarda keyinchalik muvaffaqiyatga erishadi. Shu ma'noda Nelson Mandelaning bir gapi bor:
"Men umuman ziyon ko‘rmayman. Yo foyda qilaman, yoki dars olaman!".

Muta g‘azotida qo‘shinning uchta qo‘mondoni ham oldinma-keyin shahid bo‘lishdi. Ularni Rasululloh sallollohu alayhi va sallam tayinlagan edilar. Zayd ibn Horisa, Ja'far ibn Abu Tolib va Abdulloh ibn Ravoha roziyollohu anhum...
Bular jangning ilk soatlarida Alloh tomon ko‘tarilishdi. Musulmonlar qo‘shinni boshqarishda Xolid ibn Valid roziyollohu anhudan boshqa kishini haqli deb bilishmadi. Xolid ibn Valid roziyollohu anhu yaqinda islomga kirgan edi. Xolid roziyollohu anhu kuchlarni tarozuga solib ko‘rdi. U o‘zining harbiy mahorati yordamida ko‘rdiki, jangni davom ettirish muqarrar halokatdir. Shunda u qo‘shinga chekinish taktikasini qo‘lladiki, uning bu taktikasi bugungacha harbiy maktablarda o‘rgatiladi.
Qo‘shin Madinaga qaytib kelganida odamlar ularni "qochqoqlar" deb ayblashdi. Ammo Rasululloh sallollohu alayhi va sallam ularni "qo‘rqmas bahodirlar" deb atadilar. Nabiy alayhis salotu vassalomdan hikmat quyilar edi. U zot sallollohu alayhi va sallam voqelikni yaxshi anglar edilar.
Xolid roziyollohu anhuning voqelikni yaxshi anglashi va chekinish taktikasi qo‘shinni muqarrar halokatdan saqlab qoldi!
Zararni qabul qilishni o‘rganaylik!

Urgut tumani "Urgut markaziy" masjidi xodimi A.Polvonov


Kiritilgan vaqti: 18/01/2022 07:15;   Ko‘rilganligi: 516
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/qissadagi-ibrat
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 05:23
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing