O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

QISH MO‘MINNING BAHORIDIR

 
 

Har bir faslning o‘ziga yarasha fazilatlari bor. Ammo ular ichida qish fasli alohida fazilatga egadir. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu faslning mo‘minlar uchun alohida fazli borligini aytganlar.

Bu haqida hadisi sharifda quyidagicha xabar berilgan:

عن أبي سعيد الخدري قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: « الشتاء ربيع المؤمن قصر نهاره فصام وطال ليله فقام». رواه البيهقي.

Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qish mo‘minning bahoridir. Kunduzi qisqa bo‘ladi, ro‘za tutib oladi, kechasi uzun bo‘ladi (tahajjudga) turadi”, dedilar”.
Bayhaqiy rivoyat qilgan.

Askariy rahmatullohi alayh ushbu hadis sharhida bunday degan:
"Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning “Qish mo‘minning bahoridir”, deyishlari bahor fasli arablarda eng yaxshi fasl hisoblangani uchundir. Chunki bu faslda suvlar va o‘t-o‘lanlar mo‘l bo‘lishi sababli serobchilik bo‘ladi. Arablar yetimlarga xayr-ehson qiladigan sersahovat kishini ham "etimlarning bahori”, deyishadi”.
Demak, qish fasli unda nafl ibodatlar ko‘p bo‘lgani e'tiboridan o‘t-o‘lanlari serob bo‘lgan bahorga o‘xshatilgan. Shu ma'noda qish fasli mo‘min kishi uchun eng yaxshi fasl hisoblanadi. Chunki bu faslda boshqa fasllarga qaraganda turli nafl ibodatlarni ko‘plab ado etish osonlashadi. Kechalari uzun bo‘lgani sababli ham uyquga to‘yish, ham yengillik bilan ibodat qilib olish imkoni tug‘iladi. Kunduzlari qisqa bo‘lgani sababli ro‘za tutib olish ham nihoyatda yengil bo‘ladi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu faslni g‘animat bilishga undab bunday deganlar:

عن عامر بن مسعود عن النبي صلى الله عليه وسلم قال: " الغنيمة الباردة الصوم في الشتاء ". رواه الترمذي.

Omir ibn Mas'uddan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qishda (tutilgan) ro‘za salqingina o‘ljadir”, dedilar”.
Termiziy rivoyat qilgan.

Ya'ni, odatda o‘ljani qo‘lga kiritish uchun ter to‘kib harakat qilinadi. Ammo ba'zi vaqtlarda uni ter to‘kmasdan, qiyinchiliksiz qo‘lga kiritish ham mumkin bo‘ladi. Qish fasli ana shunday qiyinchilik va mashaqqatlarsiz ko‘plab ajr-mukofotlarni qo‘lga kiritish fursatidir.
☝️Bu fasl, ayniqsa tolibi ilmlar uchun nihoyatda ahamiyatlidi. ☝️
Shu ma'noda bahor faslini dehqonlar uchun urug‘ qadash mavsumi bo‘lganidek, qish faslini tolibi ilmlar uchun ilm egallash mavsumidir, deyish mumkin.
Mo‘minlar bahori bo‘lgan ushbu faslni go‘zal amallar bilan o‘tkazish baxtiga Alloh taolo barchalarimizni muvaffaq qilsin.?

"Dinimiz ahkomlari" kitobidan


Kiritilgan vaqti: 24/11/2020 15:30;   Ko‘rilganligi: 1149
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/qish-mominning-bahoridir
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 12:30
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing