O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Qarzning ham chiroylisi bo‘ladimi?

 
 

Peshona terimiz bilan topgan halol puldan Alloh yo‘lida sarf qilsak, shu dunyoning o‘zida o‘sha ozgina pulimizni Alloh taolo katta mablag‘ qilib qaytarsa, har bir xayrli amalga muhtoj bo‘ladigan Qiyomat kunida esa katta ajr qilib beradi.

Alloh taolo Qur'oni karimda marhamat qiladi:

“Allohga yaxshi qarz beradigan kim borki, U unga bir necha martaga ko‘paytirib bersa. Holbuki, Alloh (rizqni) tor qilur va keng qilur. Va Ungagina qaytarilasizlar” (Baqara, 245).

Alloh taolo bizlarning pullarimizga muhtoj emas, balki sinov uchun qarz so‘ramoqda. Qarzni nima uchun so‘rayapti? Balki bandani imtihon qilish uchun, molini ko‘paytirib berish uchun. Oyatning davomida yana Alloh taolo bizlarni ogohlantirib, eslatmoqdaki, qo‘lingdagi molu dunyoni tang qilib qo‘yuvchi ham yoki uning barakasini beruvchi ham Parvardigordir. Oyatning oxirida hammaning xotimasini zikr qilmoqda, ya'ni qancha molu dunyo to‘plasangiz ham, bu dunyo bevafolik qilib uni o‘zida olib qoladi va har birimiz Parvardigorimiz oldiga quruq qo‘l bilan boramiz.

Rasuli Akram sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar:

“Kimiki halol kasb qilib, bir dona xurmochalik sadaqa qilsa, Alloh taolo uni bajonidil qabul qiladi. So‘ngra sizlar toychoqni qanday boqib ulg‘aytirsangiz, Alloh taolo ham bergan sadaqangizni tog‘ barobarida qilib, o‘zingizga qaytaradi”.

Ul Zoti bobarakot yana deydilarki:

“Har tong bandalar uyg‘onganda, ikki farishta nozil bo‘ladi. ulardan biri: “Ey bor Xudoyo, xayru ehson qiluvchining bergan molining o‘rniga bergin”, deydi. Ikkinchisi esa: “Ey bor Xudoyo, mumsik (baxil)ning moliga talofot bergin”, deydi”.

Alloh taolo bandasiga molu dunyoni shunchaki osmondan berib qo‘ymaydi, chunki unda sadaqa qilish juda oson bo‘lardi. Ammo Parvardigor bandasiga sinov bo‘lishi uchun shu tarzda berib qo‘ydi. Balki bir so‘mni topish uchun kecha-yu kunduz o‘ylaydi, juda ko‘p dunyoning lazzatlaridan kechadi, shu yo‘lda salomatligini yo‘qotadi, har bir so‘mi uchun qancha-qancha ter to‘kadi, pul topish yo‘lida qancha asabiylashadi, xullas bolasi kabi asrab avaylaydi. Mana shunda bandaning topgan bir so‘m puli yuragining bir parchasiga aylanadi. Shunda Alloh “topgan pulingdan ber” deganda u mashaqqat bilan topgan pulini agar bermoqchi bo‘lsa, yuragidan bir parchasini uzgudek bo‘lgani uchun bermaslikka har qanday bahonalar axtaradi.

Xabarlarda kelishicha: Kim besh narsani qilmasa, Alloh taolo ham uni besh narsadan mahrum qiladi:

Kim farz bo‘lgan zakotini bermasa, Alloh taolo ham uni molini talofatdan qutqarmaydi va muhofaza qilmaydi.

Kim xayru ehson qilib turmasa, Alloh taolo xotirjamligini olib qo‘yadi.

Kim yerining hosilidan ushr bermasa, Alloh taolo yomg‘ir yog‘dirmay, yerining barakasini olib qo‘yadi.

Kim Allohga duo qilmay qo‘ysa, Alloh taolo uni ijobatdan mahrum qiladi.

Kim agar namozga dangasalik qilsa, Alloh o‘layotgan vaqtida uni kalimai shahodatni aytishdan mahrum qiladi.

Payg‘ambar alayhissalomning bizlarga yulduzdek yo‘l ko‘rsatuvchi sahobalari Rasulullohdan eshitgan har bir so‘zga o‘sha zahoti amal qilar edilar. Ibn Abi Hotim Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilishlaricha, «Allohga yaxshi qarz beradigan kim bor» oyati nozil bo‘lganida, Abu Dahdah Ansoriy:

– Ey Allohning Rasuli, Alloh azza va jalla bizdan qarz so‘rayaptimi? – dedi. Nabiy alayhissalom:

– Ha, ey Abu Dahdah, – dedilar. Abu Dahdah:

– Qo‘lingizni bering, ey Allohning Rasuli, – dedi. U zoti bobarakot qo‘llarini berdilar. Abu Dahdah:

– Men Robbimga qo‘rg‘onimni qarz berdim, – dedi. Uning qo‘rg‘onida olti yuz tup xurmosi va xotin, bola-chaqasi bor edi. U kelib:

– Hoy, Ummu Dahdah! – deb xotinini chaqirdi.

– Labbay, – degan javobni eshitganda:

– Qo‘rg‘ondan chiq, men uni Robbimga qarz berdim, – dedi. U:

– Xo‘p, – deb bolalarini olib chiqdi.

Xurshid ASLANBAYEV,
Yangiyer shahar “Abduqahhor hoji” jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 05/11/2020 13:10;   Ko‘rilganligi: 1230
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/qarzning-ham-chiroylisi-boladimi
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 03:41
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing