O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

PAYG‘AMBARIMIZNING SO‘ZLASHDAGI XULQLARI

 
 

Alloh taola suyukli Payg‘ambari, habibimiz Muhammad sollollohu alayhi vasallamni olamlarga rahmat qilib yuborish bilan birga, u Zotni barcha insonlar uchun namuna va o‘rnak oladigan komil inson qilib yubordi.  Alloh Rasulullohni xulqlarini go‘zal va oliy qildi. Bu haqda “Qalam” surasida: “Va albatta, sen ulkan xulqdasan”, degan xitob bilan Alloh taolo o‘zining mahbub Payg‘ambarining naqadar chiroyli axloq egasi ekanliklarini ta'kidladi.

Rasululloh barcha jabhada mukammal xulq egasi edilar. Xususan, ul Zot so‘zlaganda ham barcha havas qiladigan tarzda, buyuk xulq uzra gapirar edilar. So‘zlaganda aniq va tiniq, harf va so‘zlari dona-dona, ravon, o‘ta yoqimli va ta'sirli, takallufsiz, lo‘nda va qisqa, sermazmun va purma'no, o‘ta fasohatli va balog‘atli, boshqalarning so‘zlashlaridan yaqqol ajrab turardi. Bu haqda Hazrati Oisha onamiz shunday deganlar: “Rasululloh sollollohu alayhi va sallamning so‘zlari sizlarning so‘zlaringiz kabi paydar-pay, tez-tez bo‘lmas edi. Balki, sof-sof, har jumlalari bir biridan alohida va ravshan bo‘lar edi. Majlislarida bir odam so‘zlarini tushunib, yodlab ham olar edi”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam og‘izlarini yaxshi ochib gapirardilar, og‘iz chekkasi bilan gapirmasdilar. U zot sergap ham, o‘ta kamgap ham emasdilar. So‘zlashlarining go‘zalligiga har qanday inson mahliyo bo‘lib qolardi. So‘z va iboralari xuddi ipga terilgan marjondek edi.Mazmuni mushkil bo‘lgan so‘zlarni xalq yaxshi tushunishi uchun uch marta qaytarib aytar edilar. Hazrati Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: “Janob Rasululloh sollallohu alayhi vasallam. Eshitgan kishi yaxshi tushunsin deb ba'zi vaqtlarda bir so‘zni uch bor takrorlar edilar”.Habibimiz har qanday o‘rinda keragicha so‘zlardilar, ortiqchasi bo‘lmas edi. Ko‘p sukut saqlardilar. Hech kimga bepisandlik bilan gapirmaganlar. Haqoratlash va so‘kish u zotga tamoman yot edi. Biror kishining dilini og‘ritmaganlar. Behuda va mish-mish gaplar, dedi-dedilarga yaqin kelmaganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam so‘z boshlaganlarida barcha jim turib quloq solar, xutba qilganlarida hatto pashsha uchsa bilinadigan darajada sukunat hukm surar edi.

Alloh taolo barchamizni suyukli habibiga bergan xulq bilan xulqlantirsin.

 

Samariddin domla Mirzayev - Samarqand shahar “Shohi-Zinda” jome masjidi imom-xatibi 


Kiritilgan vaqti: 21/10/2021 13:38;   Ko‘rilganligi: 650
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/paygambarimizning-sozlashdagi-xulqlari
Chop etilgan vaqti: 26/04/2024 09:56
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing