O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Payg‘ambarimiz maqtagan soha

 
 

“Yaxshiga qilsang yaxshilik –

ham aytadi, ham qaytadi...”

 

Bismillahir Rahmonir Rahim!

Mehribon Yaratgan Parvardigorimiz Alloh taboraka va taologa beadad hamdu sanolar,

Hazrati Payg‘ambarimiz Janobi Muhammad Mustafo Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga behisob salavotu salomlarimiz bo‘lsin!

Baxtli, saodatli yashash, chinakam ma'mur hayot kechirish – har bir inson orzusi. Dunyoda baxtu saodatni, ma'murchilik va farovonlikni o‘lchaydigan mezonlar ko‘p, omillar bisyor. Lekin shunday ne'matlar borki, ularsiz hayotimiz rangsiz, turmushimiz huzur-halovatsiz bo‘lib qoladi.

Xo‘sh, bu ne'matlar qaysilari?

Janob Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Ikki ne'mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. Ular – sihat-salomatlik va xotirjamlikdir”, – dedilar» (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Boshqa bir hadisi sharifda: “Kimki o‘z uyida tinchlikda, tani sog‘lom, bir kunga yetadigan taomi bor holda tong ottirsa, unga butun dunyo ne'matlari to‘lig‘icha berilgandek bo‘libdi”, – deyilgan (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Nega hadisi sharifda har kuni, har doim muhtoj bo‘ladiganimiz uch ne'mat: sog‘liqtinchlik va qut-barakaga urg‘u berildi?

Chunki bu ne'matlar bo‘lmasa, turmush izdan chiqadi, yashash qiyinlashadi. Uzoqqa bormaylik, bugungi dunyoning manzarasidan xulosa chiqarib olaylik! Birgina ko‘zga ko‘rinmas o‘lat barchaning halovatini o‘g‘irladi, hammaning tinchini buzdi... Shunday emasmi? 

I

...Tong sahar tinchlik-xotirjamlikda uyg‘onishning o‘zi bir ne'mat emasmi?! Bobo-buvi, ota-ona, aka-uka, farzandlar – oila davrasida nonushta qilishning fayzini nima bilan taqqoslash mumkin?! Ishga, o‘qishga otlanayotganda, oila ulug‘larining duosini olib ko‘chaga chiqishning barakotini hammamiz yaxshi bilamiz.

Tinchlik-omonlikda yashash bu – jon, mol, uy-joy, or-nomus xavfsizligiga ega bo‘lish demakdir. Ming-ming shukrlarki, yurtimizda bular barchasining xavfsizligi kafolatlangan.

Aslida, “Islom” so‘zi arab tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilinganda “itoat va bo‘ysunish”, “ixlos va turli ofatlardan salomat bo‘lish” hamda “sulh va omonlik”, “tinchlik” degan ma'nolarni bildiradi. Bu dinni Payg‘ambarning o‘zlari tanlagan emaslar, balki uni Alloh taoloning O‘zi (!) ixtiyor etgan! Islom – bu Alloh yagona deb e'tiqod qilib, unga bo‘ysunmoqlik va butun qalb bilan unga ixlos qilmoqlik demakdir.

«Musulmon» degan so‘zning asli, negizi, o‘zagi “islom” so‘zi. Demak, har bir inson millati, yoshi, jinsi, dini, irqi, ijtimoiy xolati, turar joyidan qat'iy nazar, modomiki “men – alhamdulilloh, musulmonman!” deb, o‘zini musulmon hisoblasa, tinchlik uchun xizmat qilishi shart va zarur ekan! Aksincha, qiladigan ishi aytayotgan so‘ziga to‘g‘ri kelmas ekan! Xudoning O‘zi hammamizni asrasin!

Qo‘shning tinch – sen tinch!”, “Yurting tinch – sen tinch!” deydi dono xalqimiz. Yurtimiz, qo‘shnimiz, oilamiz tinchligi-xotirjamligi uchun nechta odam xizmat qilmoqda? Ularning ikki-uch nafarini ko‘ra olsak, necha million nafarini hayolimizga ham keltira olmaymiz! Hatto tasavvur qilishga ham ojizmiz!

Dono xalqimiz “Birni ko‘rib – fikr qil, birni ko‘rib – shukr qil!” deb bejiz aytmagan. Televizorimiz pultining xohlagan tugmasini bosib, xohlagan telekanalga qo‘ysak, dunyoning necha minglab joylarida necha yuz minglab insonlar tinchlik (!) izlab, sarson-sargardon bo‘layotganiga guvoh bo‘lamiz...

Har qanday aqlli odam Vatanimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi, fuqarolarimiz farovonligi uchun son minglab o‘zimizning aka-ukalarimiz, opa-singillarimiz, o‘g‘il-qizlarimiz xizmat qilayotganini alohida e'tirof etadi va yuksak qadrlaydi.

Kunlarning birida mashhur rassom dunyodagi eng go‘zal suratni chizishga qaror qiladi va sayohatga otlanadi. Bir qishloqdan o‘tayotib, nuroniy otaxonga duch keladi va yoniga borib u kishidan: «Dunyodagi eng go‘zal narsa nima?» – deb so‘raydi. Otaxon hech ikkilanmay: «IMON!» – deb javob beradi.

So‘ngra bir guzar oldidan o‘tayotib, karnay-surnay sadolarini eshitadi va to‘planib turgan olomon oldiga borib kelindan: «Sizningcha, dunyodagi eng go‘zal narsa nima?» – deb so‘raydi.

Kelin kuyovning ko‘zlariga boqib: «Dunyodagi eng go‘zal narsa – MUHABBAT!» – deydi.

Rassom yo‘lida davom etadi. Bepoyon dashtlar, tizma tog‘lar, yastanib yotgan qir-adirlardan o‘tib, sahroda bir to‘da askarni uchratadi va ulardan birini yoniga chorlab, yuqoridagi savolni beradi.

Askar: «Dunyodagi eng go‘zal narsa bu – TINCHLIK!» – deya javob beradi.

Rassom dunyodagi eng go‘zal narsalar – imon, muhabbat va tinchlik bo‘lsa, bularning barchasini bir rasmda qanday ifodalayman, deya o‘ylay-o‘ylay uyiga qaytib keladi. Uyiga kirishi bilan dunyoning eng go‘zal manzarasi qarshisida ekanini anglab yetadi: bolalarining masum nigohlarida imon, ayolining ko‘zlarida muhabbat, uyida esa tinchlik hukm surar, hammalarining tanlari sog‘-salomat edi...

Bulardan ilhom olgan rassom dunyodagi eng go‘zal narsani chizishga kirishadi va uni «Mening uyim» deb nomlaydi.

Biz buni yanada kengroq tasavvur qilib, tabiiy lozim bo‘lgan IMON va MUHABBATdan tashqari, dunyodagi eng go‘zal narsa bu – TINCHLIK va SOG‘LIQ ekanini e'tirof etamiz. Imon, tinchlik, salomatlik ne'matlari jannatmakon yurtimizda, shukrki, barqaror! Demak, dunyodagi eng go‘zal diyor bu – imon, tinchlik, salomatlik barqaror bo‘lgan VATAN – O‘ZBEKISTONIMIZDIR! 

II 

Jannatmakon Yurtimiz jonkuyarlari bo‘lgan aka-uka, opa-singillarimiz, avvalo, yurt tinchligi, Vatan ravnaqi, xalq salomatligi, farovonligi va xotirjamligi uchun g‘oyat mas'uliyatli va sharafli ishga bag‘ishlagan Siz, azizlarni beqiyos xizmatlaringizni yuksak qadrlab, barchalaringiz(!)ga  cheksiz hurmat va chuqur ehtiromimizni izhor etishga ruxsat bergaysizlar!

Mo‘min-musulmonlarimiz sizlarni dunyodagi eng ulug‘ kasb sohiblari, muborak dinimiz vafodorlari, o‘z ishiga fidoyi insonlar deb biladi va mashaqqatli mehnatingizni yuksak darajada qadrlaydi. Ayniqsa, hozirgi zamonda chinakam xalqparvar-vatanparvar bo‘lib xizmat qilayotganingiz har qanday tahsin va ko‘pdan-ko‘p  tasannolarga  munosibdir!

Tinchlik-osoyishtalik hayotimiz uchun bu mashaqqatli ishning oldingi saflarida turib, o‘z hayotini xavf-xatarga qo‘yib, jasorat va matonat namunasini ko‘rsatib kelayotgan barcha soha xodimlariga yana bir bor chuqur minnatdorlik bildiramiz!

Jahon miqyosida keng tarqalib, global muammoga aylangan COVID-19 davrida, shuningdek, turli tabiiy ofatlar, favqulodda holatlar tufayli el-yurtimiz boshiga tushgan sinovli kunlarda mavjud xavf-xatarlarga qarshi kurashda, ularning oqibatlarini bartaraf etishda olijanoblik namunasini ko‘rsatgan, mehr-oqibat, saxovat va olihimmatlik fazilatlarini ko‘rsatib kelayotgan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularga beminnat ko‘mak berish borasidagi ishlarga katta hissa qo‘shgan, hamjihatlik muhitini mustahkamlashda faol ishtirok etib, ezgu ishlari bilan ko‘pchilikka o‘rnak bo‘layotgan VATAN HIMOYACHILARIMIZning xizmatlarini alohida e'tirof etish kerak.

O‘zbekistonlik yetuk ulamolarimiz, notiq imom-xatiblarimiz tomonlaridan karantin ko‘rsatmalariga amal qilish, ushbu sinovli kunlarda vahimaga berilmaslik, yaxshi kunlarga intilib yashash, yordamga muhtoj shaxslarga g‘amxo‘rlik qilish kabi yo‘nalishlarda behisob targ‘ibot ishlari olib borildi.

Bunday din xizmatchilarimiz mana shunday o‘ta og‘ir davrda va turli tabiiy ofatlar tufayli elu yurtimiz boshiga tushgan sinovlarning oqibatlarini bartaraf etishda haqiqiy jonbozlik ko‘rsatganlari ulkan  tahsinlarga va beqiyos  tashakkurlarga  loyiqdir!

Natijada, matonatli xalqimiz kovid vabosi, boshimizga tushgan turli sinovlar va tabiiy ofatlar sharoitida “Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir” degan oyati karimaga amal qilib, tushkunlikka berilmasdan, yanada ahil va birdam bo‘lib, insonparvarlik va mehr-oqibatlilikning yuksak namunasini butun (!) dunyoga ko‘rsatdilar.

Fazilatli insonlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni qo‘llab-quvvatlash, xayriya mablag‘larini to‘g‘ri yo‘naltirish, qiyin ahvolga tushgan aholiga ko‘mak berish, og‘ir sharoitdagi odamlarni sabr-toqatga chaqirish, ularning ko‘nglini ko‘tarishdagi fidoyiliklari har  qanday  maqtovga  loyiqdir! Zero Alloh taolo Qur'oni karimda: “Yaxshilikning mukofoti – faqat yaxshilikdir”, – deb xushxabar bergan.

Shubhasiz, har qanday mashaqqatni mehnat va matonat, sabru chidam bilan mardona yengib o‘tishda diniy sohamiz xodimlarining pandu nasihatlari, ibratli o‘gitlari va ezgu tashabbuslari  juda  ham  katta  ta'sir  ko‘rsatmoqda.

Muhtaram Yurtboshimiz pandemiyaga qarshi kurashda faollik  ko‘rsatganlarga tashakkur bildirib, keng jamoatchilik vakillari qatorida qadri baland muhtaram va hurmatli imom-xatiblarimizni ham alohida esga olganlari diniy soha xodimlari mehnatlariga berilgan  yuqori  bahodir!

Xalqimizning salomatligini o‘ylab, farovonligini ko‘zlab davlatimiz, hukumatimiz chiqargan barcha topshiriqlarini muqaddas dinimiz ravnaqi, masjidu madrasalarimiz obodligini mo‘ljallab, mo‘min-musulmonlarimizni manfaatlari uchun batafsil yetkazishda kechayu-kunduz beg‘araz va beminnat xizmatlari bilan, diniy sohamizdagi barcha xodimlarimizga o‘zlarining bevosita ko‘mak va ulkan yordamlari bilan fidokorona xizmat qilayotgan Din ishlari bo‘yicha qo‘mitadan kelayotgan barcha muhim tavsiyalarni sohamiz xodimlariga onlayn ham, oflayn ham o‘zlarining qimmatbaho yo‘l-yo‘riqlari bilan yetkazayotgan Diniy idoramiz raislariga nafaqat mamlakatimiz xalqi tahsinlar aytmoqda, balki xalqaro darajada ham O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, Muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov hazratlariga ham e'tirof va tahsinlar bildirilmoqda.

Oxirgi paytlarda qahramonona, jonini Jabborga berib, 24 soatlab, haftalab tinmay, beminnat xizmat qilayotgan barcha Vatan himoyachilarimiz kabi shifokorlarimiz, huquq-tartibot organlari xodimlarimiz, diniy sohamiz xodimlarini ham dono xalqimiz nihoyatda yaxshi bilar ekan... Ta'kidlash joizki, mana shunday ulug‘vor ishlari uchun xalqimizning minnatdorligini mo‘min-musulmonlarimizdan izhor etilayotgan tashakkuru rahmatnomalaridan bilish mumkin.

Ta'kidlash joizki, muhtaram va hurmatli fazilatli ulamolarimizning va diniy soha xodimlarining mehnatlarini qadrlash – Yangi O‘zbekistonda din sohasi va imom-domlalarga berilayotgan yuksak e'tiborning yana bir bor yaqqol namunasidir! Taraqqiyotimizning yangi davrida muhtaram Prezidentimiz boshchiliklarida Islom dini ma'rifatini keng tarannum etish, masjid-madrasalarni obod etish va ulamolarni, imom-domlalarni munosib qadrlash yo‘lida juda ham katta ishlar amalga oshirilayotganidan, albatta, hammaning xabari bor.

Bugungi tarixiy o‘zgarishlar va voqealarni hammamiz ko‘rib, eshitib, bevosita guvohi bo‘lib turibmiz... Bularning zamirida Yaratgan Parvardigori olamning irodasi ila bir yoqadan bosh chiqarib samarali mehnat qilishimiz hamda Davlatimiz Rahbari atrofida jipslashib, yorqin kelajak va yuksak taraqqiyot sari dadil sa'y-harakatlarimiz mujassamdir.

Darhaqiqat, Islom dinining ezgu ta'limotlarini keng tarannum etish va Haq taoloning diniga xizmat qilish savobi ulug‘ amallardan hisoblanadi. Alloh taolo Qur'oni karimda O‘z diniga xizmat qiluvchilarni shunday madh etadi: “Ey, imon keltirganlar! Agar sizlar Allohga yordam bersangiz (dinining rivoji uchun harakat qilsangiz), U ham sizlarga yordam berur va qadamlaringizni sobit (barqaror) qilur” (Muhammad surasi 7 oyat).

Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘zlarining muborak hadisi shariflarida: “Odamlardan bo‘lgan yaxshilikka minnatdorchilik izhor qila olmagan odam Xudoga ham shukr qilaolmaydi”, – deb marhamat qilganlar. Dono xalqimiz esa: “Yaxshiga qilsang yaxshilik – ham aytadi, ham qaytadi. Yomonga qilsang yaxshilik – na aytadi, na qaytadi”, – deb bejizdan bejiz aytmagan.

O‘zini jonini ham, oilasini salomatligini ham Xudoga topshirib, o‘ta katta va jiddiy xavf-xatarni ham chetga surib, jonini ham, molini ham, umrini ham xalq uchun fido etayotgan DONO XALQIMIZNING HAR BIR FARZANDIGA behisob  tashakkurlar aytamiz!

Mehribon Parvardigorimiz jannatmakon yurtimiz tinchligi uchun, muqaddas Vatanimiz ravnaqi uchun, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi uchun, muborak dinimiz kamoloti uchun, masjid-madrasalarimiz obodligi uchun o‘z hayotini xavf-xatar ostiga qo‘yib, jasorat va matonat namunasini ko‘rsatib, bu kunlarimizni ko‘raolmay o‘tganlarimizning yotgan joylarini keng, nurli etib, barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylagan bo‘lsin! Ilohim O‘zi rozi bo‘lib, joylarini jannatlari bilan siylasin!

III 

Bir oddiygina kichik qo‘l soatida ham, uyimizdagi televizorda ham, qo‘limizdagi telefonimizda ham, eng katta kompyuterda ham, eng oxirgi rusum avtomobilida ham, bir necha tonnalik samolyotda ham, Yer sayyorasidan ko‘tarilib koinotga borib-kelayotgan necha ming tonnalik kosmik kemalarda ham shunday bir qism, bo‘lakchalari bor-ki, u qismlarsiz mazkur “mo‘jiza”lar ishlolmay qoladi... Aslini olganda, u bo‘lak-qismlar ko‘zga ko‘rinmaydi ham... Ular e'tiborsiz-u, lekin ularsiz soat va televizor ham, telefon va kompyuter ham, avtomobil va samolyot ham, hatto insoniyatni lol qoldirayotgan bahaybat kosmik kemasi ham ishlamasdan qotib qoladi! “Mo‘jiza”larning eng kattasi va eng ulug‘i bo‘lgan Inson organizmida ham mana shunday “qism-bo‘laklar” mavjud.

Har bir korxona-tashkilotlarda ham huddi shu kabi “qism-bo‘laklar”ni vazifasini ado etadigan odamlar, katta-kichik xodimu xizmatchilari bor!!! Ular o‘zlarini hadeb bildiravermaydilar... Lekin o‘z ishlarini nihoyatda chiroyli va namunali etib, to‘la-to‘kis va mukammal qilib, dinu diyonat bilan, halolu pok, insofu vijdon bilan bajaradilar. Shunday insonlarga o‘zlarini “ko‘rsatish”larini yo (hozir “moda”ga aylanib qolgan) internetga “chiqish”larini taklif etsangiz, hammalaridan yagona javob eshitasiz. O‘zlarini tortib, uyalib, chuqur hayojonlanib: “Xudo bilsa, bo‘ldi... Bilsa – baliq, bilmasa – Xoliq,” – deb qo‘yadilar xolos...

Mana shunday insonlar bizning sohamizda son-sanoqsiz darajada ko‘p! Lekin ularning mashaqqatli va sermahsul mehnatlarini, beqiyos va olijanob xizmatlarini Yaratganimizdan tashqari, rahbarlarimiz ham, dono xalqimiz ham juda yaxshi biladi! Ularga Xudoning ham, xalqning ham rahmati doimo yog‘ilib turadi!

Bugungi murakkab va sinovli davrda xalqimiz va dinimiz xizmatida bo‘lib turgan qadrli va tabarruk ulamolarimizmuhtaram va hurmatli imom-domlalarimizaziz va qimmatli mudarrislarimizmushtipar va munis otinoyilarimiz, masjid-madrasalarimiz bebaho va mehnatkash xodimlarisevimli va suyukli talabalarimiz hamda muqaddas Vatanimizning barcha himoyachilariga Mehribon Parvardigorimiz Alloh taboraka va taolodan sihat-salomatlik, shodu hurramlik va ikki dunyo saodatini so‘raymiz!

 Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam marhamat qildilarkim: “Kimki Alloh taolo yo‘lida bir kunduz yoki bir kecha chegara poylasa, unga bir oy kunduzi nafl ro‘za tutib, kechasi ibodat qilganlik savobi yoziladi. Kimiki sarhadni qo‘riqlab turganda halok bo‘lsa, unga ham xuddi shunday ajru-savob mukofoti bo‘ladi va shahidlik maqomi berilib, barcha fitnalardan omonda bo‘ladi” (Imom Nasoiy rivoyatlari).

Jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, muborak dinimiz kamoloti hamda dono xalqimiz salomatligi va farovonligi yo‘lida olib borayotgan fidokorona mehnatlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar ato etishini Mehribon Parvardigorimizdan iltijo qilib qolamiz!

O‘z ajdodlari qo‘nim topgan hoki poklarini, kindik qoni to‘kilgan Vatanni himoya qilish, o‘z ona-yurtini ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylash – o‘z oilasini, sha'nini, or-nomusini, imon-e'tiqodini himoya qilishdir! Bu xususda Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida: “Ikki ko‘z egasini do‘zax otashi kuydirmas: biri  – Allohning azobidan qo‘rqib yig‘lagan ko‘z, ikkinchisi – Alloh yo‘lida qo‘riqchilik qilib bedor bo‘lgan ko‘z”, – dedilar (Imom Termiziy rivoyatlari).

El-yurtimiz ravnaqi va dini Islom ma'rifati yo‘lida kunni tunga, tunni kunga ulab, o‘zining bor kuch-qudrati va aql-zakovatini ayamasdan, sidqidildan, fidoyilarcha, xolisona hamda ulkan mehr ila xizmat qilib kelayotgan sizlardek mo‘tabar insonlarni tarbiyalab, voyaga yetkazgan OTA-ONALARINGIZGA  MING-MING-MING RAHMAT! Barcha ota-onalarga ham Parvardigori olam ana shunday farzand tarbiyalab, kamolga yetkazishni nasib aylasin!

Iloho jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi, dinimiz kamoloti, masjidu-madrasalarimiz obodligi uchun muhtaram Yurtboshimizni dono rahbarliklari ostida hukumatimiz, Diniy idoramiz tomonlaridan oqilona olib borilayotgan xayrli, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyatlarimiz rahbarlari hamda shahar va tuman rahbarlarining boshchiliklaridagi mehnatkash xalqimiz olib borayotgan barcha xayrli, yaxshi, savobli ishlarda Alloh taolo O‘zi madadkor bo‘lsin!

Ilohim o‘zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Mehribon Parvardigorimiz buyurgan, Janob Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam tavsiya etgan, o‘tmishda o‘tganlarimizni ro‘hlari shod bo‘ladigan, xalqimiz xursand bo‘ladigan, ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin! 

Xulosa 

Jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi uchun har bir insonning qilayotgan xizmatlariga minnatdor bo‘lishimiz –  ham burchimiz, ham farzimiz, ham qarzimizdir!

Ustoz ulamolarimiz aytadilar: “Hayotdan kishi olmasa ta'lim, o‘rgata olmas unga hech bir muallim”. Kundalik hayotimizda nihoyatda ehtiyot bo‘lishimiz lozim ekan. Yana bilib-bilmasdan Janobi Payg‘ambarimiz alayhis salomning: «Ikki ne'mat borki,  ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. Ular – sihat-salomatlik va xotirjamlikdir» degan muborak so‘zlariga qarshi bo‘lib qolmaylik!

 

                                                                                                  Ibrohimjon INOMOV

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosar


Kiritilgan vaqti: 14/01/2022 15:27;   Ko‘rilganligi: 694
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/paygambarimiz-maqtagan-soha
Chop etilgan vaqti: 27/04/2024 01:15
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing