O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Payg‘ambar alayhis salom badaniy quvvatlarining komilligi

 
 

Alloh taolo Sayyidimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamda qalbning shijoatligi bilan badanning quvvatligini jamlagan. Bu  erkaklikdagi komillik hisoblanadi. Ibn Sa'd, Ibn Jarir, Ibn Abu Hotam, Bayhaqiy, Abu Nu'aym hamda Buxoriy rahmatullohi alayhimlar Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar, u kishi aytadilar: «Biz Xandaq kuni chuqur qaziyotgan edik. Shunda bir katta tosh chiqib qoldi. Sahobalar Payg‘ambar alayhissalomning huzurlariga borib: «Chuqur qaziyotganimizda, katta tosh chiqib qoldi», deb aytishdi. Rasululloh: «Men o‘zim chuqurlikka tushaman», deb o‘rnilaridan turdilar. Holbuki, o‘sha paytda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qornilariga tosh boylangan edi. Biz uch kundan beri biror narsa totib ko‘rmagan edik. Payg‘ambar alayhissalom lo‘mni olib, haligi katta toshni urdilar. Tosh qumdek sochilib ketdi». Boshqa rivoyatlar mazkur katta toshni «xarsangtosh» bo‘lgan, deb tavsiflagan. Shuningdek, ana shu rivoyatlar sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga o‘zlari haligi xarsangtoshni joyidan ketkazisha olmay, hatto lo‘mlari ham sinib ketganidan keyin borganligini hamda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ana shu xarsangtoshga urgan zarbalari faqat uch marotaba bo‘lganini bayon qiladi.

Sahobalarning xarsangtoshni parchalashga bo‘lgan harakatlarining ko‘pligidan bilaklari, qo‘llari toliqib ketganiga qaramay, xarsangtosh Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uch zarbalaridan ortig‘ini ko‘tara olmagani ul Zotning eng quvvatli inson ekanliklarini ochiq-oydin ko‘rsatib turibdi. Mana shu Payg‘ambar alayhissalomning quvvatlari edi. Vaholanki, ul Zot ochlikdan qornilarini tosh bilan bog‘lab olgan edilar. Uch kundan beri biror taom ham og‘izlariga olmagan edilar. Holbuki, ochlik inson badanida qanchalik zaiflik, ozishlikni keltirib chiqarishini barchamiz bilamiz. Ana endi uch kun yemaslik oqibatida kelib chiqadigan qattiq ochlik haqida nima deb o‘ylaysiz?

Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam och bo‘lmaganlarida edi, shak-shubhasiz, quvvatlari bundan-da ortiq darajada bo‘lar edi. Siz eshtganingizdan-da ziyodaroq bo‘ladigan quvvat ham bo‘lishi mumkinmi?

Abu Nu'aym, Bayhaqiy bir necha yo‘llardan rivoyat qilishgan hadisda, Imom Bayhaqiy Is'hoq ibn Yasordan rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Rukona ibn Abd Yazidga: «Islomni qabul qil», dedilar. Rukona: «Agar sen aytayotgan narsa haq ekanini bilganimda edi, qabul qilgan bo‘lardim», dedi. Shunda Rasululloh solalllohu alayhi vasallam: «Nima deysan, agar seni kurashda yengsam, men aytgan narsalarni haq deb bilasanmi?», dedilar. (Rukona qurayshliklar orasida eng baquvvati, paxlavoni edi). Shunda Rukona: «Ha», dedi. Rasululloh o‘rnilaridan turib, uni (ko‘z yumib ochgunicha) yerga ag‘dardilar. Shunda Rukona:  «Yana bir bor, ey Muhammad», deb aytdi. Rasululloh solalllohu alayhi vasallam qayta uni ushlab, shu topda yerga qulatdilar. Bu holatni ko‘rgan Rukona: «Bu sehrdir, men bunday sehrga o‘xshashini hechham ko‘rmaganman. Alloh bilan qasam ichib aytamanki, sen yelkamni yerga qo‘ygan vaqtingda hech narsa qila olmay qoldim», deb ketadi».

Darhaqiqat, bu hadisni Rukonaning o‘zi ham rivoyat qilgandir. U hadisda Rukonaning Islomni qabul qilgani ochiq-oydin aytilgan. Rukona roziyallohu anhuning: «Alloh bilan qasam ichib aytamanki, sen yelkamni yerga qo‘ygan vaqtingda hech narsa qila olmay qoldim», deb aytgan gapiga qarang. Bundan bilinib turibdiki, Rukona roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qo‘llarida aytishga arzigulik narsa bo‘lmay qoldi. Holbuki, u kishi roziyallohu anhu Quraysh orasida badani jihatidan eng baquvvati edi. Payg‘ambar alayhissalomdan oldin biron bir kishi Rukona roziyallohu anhuni yengmagan edi.

Hadis matnidagi lafzlar Imom Buxoriyning rivoyatiga tegishlidir.

Hadis matnining lafzlari Bayhaqiyning rivoyatiga tegishlidir.

Azizxon Sultonov VAQF xayriya jamoat fondining Samarqand filiali rahbari manbalar asosida tayyorlandi


Kiritilgan vaqti: 23/10/2021 11:15;   Ko‘rilganligi: 574
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/paygambar-alayhis-salom-badaniy-quvvatlarining-komilligi
Chop etilgan vaqti: 24/04/2024 06:50
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing