Ozodlik – eng totli ne'mat
Erkin va ozod yashash shukuhini bu ne'matdan mahrum bo‘lganlar ko‘proq his qila oladi.
Insonning ozodlikdan mahrum etilishi bilan hayoti tubdan o‘zgarib ketishi sir emas. Panjara ortida, to‘rt devor ichida, eng yomoni, yaqinlari diydoridan mahrum kishining qanday ruhiy azob chekishini tasavvur qilishning o‘zi qiyin.
Aynan shunday vaziyatga tushganlar yaqinlari bag‘riga bir yil, bir oy, hatto bir kun bo‘lsa-da ertaroq qaytishining o‘zi katta baxt.
Mamlakatimizda bayramlar munosabati bilan e'lon qilinayotgan afv akti ko‘plab kishilarga ana shunday tuyg‘uni taqdim etmoqda.
Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat'iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoni e'lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligining 28 yilligi munosabati bilan e'lon qilingan farmon bayram arafasida yuzlab kishilarga ozodlik ne'matini tuhfa qildi. Bu hujjat, o‘z navbatida, yuzlab xonadonda umid chiroqlarini yoqdi.
Albatta, jazoni o‘tayotgan shaxslar qilmishlariga yarasha jazo olgan. Biroq, inson zoti borki, xatodan holi emas. Muhimi, xatodan xulosa chiqarish, qilmishdan pushaymon bo‘lish, egri yo‘lni tark etib, to‘g‘ri yashashga ahd qilishdir.
Farmonga muvofiq afv etilgan 104 nafar shaxs ham qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat'iy o‘tganlardir.
Afv etilganlarning 13 nafarini chet el fuqarolari, 9 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 1 nafarini ayol hamda 21 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etdi.
Afv etilganlar orasida angrenlik Sardor Jo‘rayev ham bor. Uning aytishicha, Angrendagi konlardan birida mehnat qilayotganida jamoasidagilar bilan birga oltin konidagi taqiqlangan hududga kirishgan. Shuning uchun u 2 yildan ortiqroq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
- Ozod etilishimga hali to‘rt oy bor edi, - deydi Sardor. - 80 ga kirgan onam, oilam, ayniqsa uch farzandim yo‘limga intizor edi. Muddatidan oldin afv etilganimdan juda mamnunman. Mana shunday imkniyatlar borligidan, berilganidan minnatdorman. Imkon qadar tezroq ishga tushish, iloji bo‘lsa eski ishimga tiklanish umididaman. Axir xatoimdan to‘g‘ri xulosa chiqardim, endi faqat halol mehnat qilmoqchiman. Prezidentimiz kechirib turganida, kon boshliqlari ham meni kechirsa kerak.
Namanganlik Muhiddin Xurramovning besh yilga ozodlikdan mahrum etilgani oilasini qiyin aholga tushirgan. To‘rt farzand ota qamalgach boquvchisiz qolishdi. Buning ustiga yashash xonadoni kreditga olingan edi...
- Akam fermer edi. Menga qizimning operatsiyasiga katta pul kerak bo‘lib qoldi, - deb xotirlaydi Muhiddin. – Shunga fermerlik qilayotgan yerimizdan bir qismini sotmoqchi bo‘ldim. Ammo pul olayotganimda meni ushlashdi. Shu tariqa besh yilga ozodlikdan mahrum etildim. To‘g‘ri, katta xato qilganman. Ammo keyin bundan pushaymon bo‘lib, xatoimdan xulosa chiqardim. Hali jazo muddatimning yarmini ham o‘tamagan bo‘lsam ham Prezidentimizga ahvolimni tushuntirib, afv etishlarini so‘rab yozgan murojaatim qanoatlantirildi. Buni eshitgan paytim quvonchimning cheki bo‘lmadi. Bunga endi halol mehnat qilib javob qaytarmoqchiman.
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi axborot xizmatidan ma'lum qilishlaricha, ayni paytda farmon to‘liq ijro etilgan. Jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan, farmon bilan afv etilgan shaxslarning barchasi ozodlikka chiqarilgan. Ularning barchasi o‘z uylariga yetib borgan.
Norgul Abduraimova, O‘zA
Kiritilgan vaqti: 10/12/2020 10:50; Ko‘rilganligi: 6962
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 06:25